Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:42

Qirg‘izistonda prezident saylovi bo‘lib o‘tmoqda (VIDEO)


Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktabri.
Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktabri.

MSK: Qirg‘izistonda soat 17:00 gacha saylovchilarning 40 foizi ovoz berdi

O‘shdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktyabri.
O‘shdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktyabri.

​Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 17:00 gacha Qirg‘izistonda saylovchilarning 40 foizi ovoz berib bo‘lgan.

Jumladan, Bishkek shahrida 45,05%, O‘sh shahrida 52,8%, Talas viloyatida 45,75%, Issiqko‘l viloyatida 40,59%, Norin viloyatida 41,95%, O‘sh viloyatida 38,94%, Chuy viloyatida 37,04%, Botken viloyatida 37,33%, xorijiy o‘lkalarda esa 18,27% saylovchi ovoz bergan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi saylovda 3 million 25 ming 768 nafar saylovchi ovoz berish huquqiga ega. Ulardan 2 million 908 ming 453 nafari Qirg‘izistonda, 18 ming 58 nafari esa xorijda ro‘yxatdan o‘tgan.

MSK raisasi: Qonunbuzarliklar haqida OAVda chiqqan ma’lumotlarning ko‘pi tasdiqlanmayapti

Qirg‘iziston MSK raisasi Nurjan Shayldabekova.
Qirg‘iziston MSK raisasi Nurjan Shayldabekova.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalarida saylovdagi qonunbuzarliklar haqida yoyinlangan ma’lumotlarni tekshirib borayapti, biroq ularning ko‘pi tasdiqlanmayapti. Bu haqda MSK raisasi Nurjan Shayldabekova 15 oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi.

Ayni paytda u qonunbuzarlikka oid ayrim faktlar borligi va ular bo‘yicha aybdorlarni javobgarlikka tortish lozimligini ham urg‘uladi.

- Jumladan, soat 10 larda qariyalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilganiga oid fakt qayd etilgan. Hodisa tasdiqlangan. Ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha bayonnoma tuzilgan, - dedi N.Shayldabekova.

Shuningdek, u MSKga kuzatuvchilar ishiga mone’lik qilish, saylov byulletenini saylov uchastkasi hududidan olib chiqish va boshqa qonunbuzarliklar haqida ham kelib tushganini ma’lum qildi.

DMXQ Babanovning provokatsiya hozirlanayotgani haqidagi so‘zlarini rad etdi

Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga nomzod O‘murbek Babanov 15 oktabr kungi matbuot anjumanida Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (DMXQ) tomonidan go‘yo provokatsiya hozirlanayotgani haqida so‘zlagan. Bu bildiruvga javoban Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi “Babanovning aytgan so‘zlari hech qanaqa asosga ega emas” degan bayonot bilan chiqdi.

“Yuqorida aytilgan so‘zlarga muvofiq, vatandosh O‘.Babanovga o‘z bayonotlariga asos bo‘lgan ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etishni taklif etamiz. Bunday ma’lumotlar yo‘q bo‘lgan taqdirda, prezidentlikka nomzod O‘.Babanov jamoatchilikni chalg‘itdi, deb hisoblaymiz”, deyiladi DMXQ bayonotida.

Prezidentlikka nomzod O‘.Babanov yakshanba kuni tush payti o‘tkazgan matbuot anjumanida, jumladan, “Ichki ishlar vazirligi tomonidan muayyan sportchilar yig‘ilmoqda, DMXQ tomonidan provokatsiya hozirlanmoqda”, deya bayon qilgan, biroq ularning qanday provokatsiyalar ekaniga aniqlik kiritmagandi.

Atambaev: Xorijlik boyvachcha Babanovni dastaklashim uchun menga 20 million dollar taklif qilgan

Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti A.Atambaev, Bishkek, 2017 yil 15 oktabri.
Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti A.Atambaev, Bishkek, 2017 yil 15 oktabri.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev jurnalistlarga nomzodlardan biri to‘g‘risidagi fikrini nima sababdan o‘zgartirganini aytib berdi.

- Bir yarim oycha avval Babanov ustimdan mag‘zava ag‘dara boshladi. Babanov doim meni “abi” deb chaqirardi, bu turkchasiga “aka” degani. Babanov meni shunaqa maqtardiki, bunaqa maqtovni hech kimdan eshitgan emasman. Menga “sizning yo‘lingizni davom ettiraman” deb kelgan Babanov birdaniga “biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketayapmiz” deya boshladi. Ochig‘ini aytib qo‘yay, mening oldimga Babanovning nomidan xorijlik oligarxlardan biri kelib (Babanovning o‘zi kelishga qo‘rqdi), Babanovni dastaklashim uchun menga 20 million dollar taklif qildi. Men unga: “Azizim, dunyoda sotilmaydigan narsalar bor”, deb aytdim, - dedi A.Atambaev 15 oktabr kuni qilgan chiqishida.

Prezidentlikka nomzod O‘.Babanov.
Prezidentlikka nomzod O‘.Babanov.

Bu chiqishdan so‘ng nomzod O‘murbek Babanov matbuot anjumani o‘tkazib, saylovga qatnashishdan oldin Atambaevdan oq fotiha olganini bildirdi.

- So‘nggi haftada, mutlaqo aminmanki, Almazbek Sharshenovich Atambaevga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazganlar. Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi va militsiya tomonidan taqdim etilgan barcha ma’lumotlar uni dezorientatsiya qildi. Men uning bugungi chiqishidan juda ranjidim, - dedi O‘.Babanov.

Babanov o‘z so‘zida Atambaevga pul taklif qilgan oligarx haqida hech narsa bilmasligi, o‘zi ham hech kimga 20 million dollar taklif qilmaganini ta’kidladi.

Jeenbekov amaldagi prezident Atambaevning yo‘lini davom ettirmoqchi

QSDP nomzodi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov saylovda ovoz bermoqda, 2017 yil 15 oktabri.
QSDP nomzodi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov saylovda ovoz bermoqda, 2017 yil 15 oktabri.

Prezidentlikka nomzod So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov saylovda g‘alaba qozongan taqdirda amaldagi davlat rahbari Almazbek Atambaevning yo‘nalishi bo‘ylab davom etishini bildirdi.

- Men Almazbek Atambaev kursini davom ettiraman. Mening asosiy maqsadim erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirishdir, - dedi Bishkekdagi 1327-saylov uchastkasida ovoz berib bo‘lganidan keyin jurnalistlar oldida chiqish qilgan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.

Jeenbekov bu galgi saylovda siyosiy raqobat o‘ta kuchli bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov nomzodi Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasidan (QSDP) ko‘rsatilgan. Avvalroq ayrim nomzodlar va fuqarolik jamiyati vakillari iqtidordagi shaxslarni QSDP nomzodini dastaklaganlik va ma’muriy resursdan foydalanganlikda ayblab chiqishgan.

Prezident A.Atambaev avvalgi yig‘inlarda saylov halol va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilishiga va’da bergan.

MSK: Soat 10 gacha 7,5 foiz saylovchi ovoz berdi

Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktabri.
Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri, 2017 yil 15 oktabri.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 10:00 gacha Bishkek shahrida 7,02%, O‘sh shahrida 10,35% saylovchi ovoz berib bo‘lgan. Shuningdek, bu vaqtgacha Talas viloyatida 8,44%, Issiqko‘l viloyatida 8,08%, Norin viloyatida 8,08%, O‘sh viloyatida 7,40%, Chuy viloyatida 6,91%, Botken viloyatida 7,73%, xorijiy o‘lkalarda esa 1,28% saylovchi ovoz berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi saylovda 3 million 25 ming 768 nafar saylovchi ovoz berish huquqiga ega. Ulardan 2 million 908 ming 453 nafari Qirg‘izistonda, 18 ming 58 nafari esa xorijda ro‘yxatdan o‘tgan.

Saylovchilar prezident saylovida ishtirok etayotgan 11 nomzod uchun yoki “hammaga qarshi” ovoz berish huquqiga egalar.

NTS muxbiri O‘shdagi saylov uchastkasida kaltaklanganini iddao qilmoqda

Mirbek Aytikeev.
Mirbek Aytikeev.

Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi 5325-saylov uchastkasida NTS telekanali muxbiri Mirbek Aytikeev o‘z vazifasini bajarishda to‘sqinlikka duch kelgan. Aytikeevning Ozodlik qirg‘iz xizmatiga ma’lum qilishicha, uchastkada bir necha kishi unga hujum qilgan.

- Bizga “O‘sh-Taatan”dagi 5325-saylov uchastkasida qonunbuzarliklar sodir bo‘layotgani haqida ma’lumot kelib tushdi. O‘sha yoqqa ketdik. Guvohnomamni ko‘rsatdim, biroq “raisni kuting” deb, meni ichkariga qo‘yishmadi. 15 minutcha kutib turdik. Keyin ichkariga kirib, suratga olishga qaror qildik. Ammo qo‘limdan telefonimni yulib olishdi. Militsiya xodimlari va sportchilar meni turtib, tashqariga chiqarib yuborishdi. Shundan so‘ng sportchi kelbatli o‘nga yaqin yigit odamlar ko‘z o‘ngida meni u yoqdan-bu yoqqa sudrashdi, buyragimga urishdi, - dedi M.Aytikeev.

Voqea joyiga Ozodlik muxbirlari ham yetib borishdi. Biroq militsiya xodimlari “yuqoridan buyruq bor” deb, OAV vakillarini ichkariga kiritishmadi. Keyinroq uchastka saylov komissiyasi raisi Abitova chiqib, jurnalistlarning ichkariga kirishiga izn berdi.

Bahs bitgach, Abitova jurnalistlarga telekanallar navbat bilan suratga olishlari lozimligini bildirdi, biroq bu ish qaysi ko‘rsatmaga asosan amalga oshirilishi kerakligiga aniqlik kiritmadi.

Atambaev: Mening vorisim mening yo‘limni davom ettirgan kishi bo‘ladi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.
Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev birinchi xonim Raisa Atambaeva hamrohligida Bishkekdagi 1209-uchastkada ovoz berdi.

Ovoz berish jarayonidan so‘ng prezident jurnalistlar oldida chiqish qildi.

“Joylardagi odamlar saylovda faqat mening yo‘limni davom ettirgan kishiga ovoz berishlarini aytmoqdalar. Mening yo‘limdan borgan har qaysi nomzod mening vorisim bo‘ladi. Men Jeenbekovga shaxsan o‘zim: “Agar belgilangan yo‘ldan chiqishga qaror qilsangiz, xafa bo‘lmang”, deb aytganman”,dedi amaldagi prezident A. Atambaev.

Atambaev saylovdan so‘ng kimda-kim hokimiyatni bosib olishga harakat qilsa, qattiq jazolanishidan ogohlantirdi.

“Takror aytaman, qamaganmiz va yana qamaymiz, chunki istagan odam istagan ishini qilishi mumkin bo‘lgan zamonlar o‘tib ketdi”, dedi A.Atambaev.

Babanov: O‘zgarishlar uchun ovoz berdim

Nomzod O‘murbek Babanov ovoz bermoqda, Bishkek, 2017 yil 15 oktabri.
Nomzod O‘murbek Babanov ovoz bermoqda, Bishkek, 2017 yil 15 oktabri.

Prezidentlikka nomzod O‘murbek Babanov Bishkekdagi 70-maktab-gimnaziyada joylashgan 1216-saylov uchastkasida oilasi bilan birgalikda ovoz berdi. Ovoz berib bo‘lganidan keyin u jurnalistlar qisqa muloqotda bo‘ldi.

- Men katta ishonch va minnatdorlik hissi bilan xalqim to‘g‘ri tanlovni amalga oshiradi, deb ishonaman. Bugungi kun mamlakat tarixida oltin harflar bilan yoziladi, deb o‘ylayman. Men o‘zgarishlar uchun ovoz berdim, - degan O‘.Babanov o‘z g‘alabasiga ishonayotganini bildirdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘mirbek Babanovdan tashqari So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov ham saylov favoritlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, sobiq bosh vazir Temir Sariev ham bu saylovda anchagina ovoz yig‘ishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Qirg‘izistonda prezident sayloviga start berildi

Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri.
Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biri.

Qirg‘izistonliklar 15 oktabr kuni prezident saylaydi. Qirg‘iziston Davlat qayd xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu saylovda 3 million 25 ming 768 vatandosh prezidentlikka talabgor 10 nomzod uchun ovoz berishi imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ovoz beruvchilar uchun Qirg‘iziston bo‘ylab 2375 ta saylov uchastkasi, xorijda esa (Rossiya, Germaniya, Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy va BAA) 37 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Qirg‘izistondagi saylov jarayonini 58 mamlakatdan bo‘lgan 700 nafardan ko‘proq kuzatuvchi kuzatib boradi. Mahalliy nashrlardan tashqari saylovlar 35 ta xorijiy ommaviy axborot vositasida yoritilishi kutilmoqda.

“Elakdan o‘tgan” talabgorlar

Qirg‘izistonda prezident kursisi uchun dastavval 59 kishi kurashga bel bog‘lagan. Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirgan bu odamlardan faqat 13 kishi (Ernis Zarliqov, To‘qtayim Umetalieva, Temir Sariev, Ulukbek Qo‘chqo‘rov, Taalatbek Masadiqov, O‘murbek Babanov, Arstanbek Abdildaev, Azimbek Beknazarov, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, Adaxan Madumarov, Qamchibek Tashiev, Arslanbek Maliev va Baqit To‘ro‘baev) ro‘yxatdan o‘tolgan va ismlari saylov byulletenlariga kiritilgan.

Byulletenlar chop qilinib, mamlakatning turli joylariga yuborilganidan keyin ayrim nomzodlar poygadan chiqqanlarini e’lon qilganlar.

Dastavval bu haqda “Ata-Jurt” partiyasi raisdoshi Qamchibek Tashiev bildirib, Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasidan nomzod So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni dastaklashini ochiqlagan.

Keyinroq “O‘nuguu-Progress” partiyasi lideri Baqit To‘ro‘baev “Respublika” partiyasidan nomzod O‘murbek Babanov foydasiga saylovdan chekinishini aytib, MSKga ariza yo‘llagan.

Bu nomzodlarning ismlari, MSK ma’lumotiga ko‘ra, saylov byulletenlaridan o‘chirilgan. Biroq saylovga 3 kun qolganda poygadan chiqqan Azimbek Beknazarov ismi esa byulletenlarda qolavergan. MSK bunga “qonunchilik vatandoshga o‘z nomzodini saylovga uch kun qolganda qaytarib olishga imkon bermaydi”, deya izoh bergan.

XS
SM
MD
LG