Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 23:53

YUNESKO qanaqa tashkilot va nega AQSh undan chiqib ketyapti?


Amerika Qo‘shma Shtatlari 2018 yili oxiriga borib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining madaniyat masalalari bo‘yicha agentligi YUNESKOga a’zolikdan chiqib ketmoqchi ekanini e’lon qildi.

Rasmiy Vashington vakili YUNESKOning Isroilga nisbatan biryoqlama munosabatini a’zolikdan chiqishning boshqa sabablari qatorida sanab o‘tdi. Bu uning BMT ushbu tashkiloti bilan notekis munosabatlariga yana bir marta nuqta qo‘yadi.

YUNESKO o‘zi qanaqa tashkilot?

Birlashgan Millatlar tashkilotining Ta’lim, ilm-fan va madaniyat masalalari bo‘yicha agentligi Ikkinchi jahon urushidan so‘ng – 1945 yili ekstremizmga qarshi kurash va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan edi. Lekin YUNESKO birinchi navbatda o‘zi ro‘yxatga oladigan madaniy meros ob’ektlari va biosfera qo‘riqxonalari bilan mashhur. Qo‘shma Shtatlar YUNESKO tashkil etilishida muhim rol o‘ynagan. Yozuvchi va YUNESKOning ilk amerikalik boshqaruv a’zosi Archibald MakLish ushbu tashkilotning ilk Konstitutsiyasi kirish qismini yozib bergan edi.

Nega Vashington YUNESKOga a’zolikdan voz kechmoqchi?

Davlat departamenti voizasi Hizer Noyert 12 oktabr kuni Vashingtonning ushbu qarorini e’lon qilar ekan, AQShning YUNESKO oldida qarzi ko‘payib ketayotganini, ushbu tashkilot isloh qilinmayotganini va uning Isroilga munosabati biryoqlama bo‘lib qolayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Vashingtonning YUNESKO oldidagi qarzi qancha? AQShning yillik a’zolik badali miqdori 80 million dollardan oshadi. Bu YUNESKO jami yillik byudjetining 20 foizdan oshig‘i demakdir. Ammo Vashington 2011 yili YuNESKO Falastinni a’zolikka qabul qilgandan beri badal to‘lamayapti.

O‘sha paytda Obama ma’muriyati to‘lanayotgan badallarni qisqartirishga majbur bo‘lganini, chunki XX asrning 90-yillarida qabul qilingan qonunga ko‘ra Falastinni davlat sifatida tan olgan BMT tashkilotiga a’zolik badali to‘lanishi taqiqlanishini aytgan edi. Bugungi kunga kelib, Vashingtonnning YUNESKO oldidagi qarzi 500 million dollardan oshib ketdi.

Biroq aksariyat sinchilar Vashingtonning YUNESKOga a’zolikdan chiqishi ushbu tashkilotning Isroilga tegishli go‘yoki adolatsiz qarorlari bilan bog‘liq ekanini aytmoqda.

Masalan, iyul oyida YUNESKO Iordan daryosi g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan Hibron shahrini Jahon madaniy merosi ob’ekti, shaharning o‘zini esa Isroil emas, Falastinga tegishli deb e’lon qildi.

Isroil davlati vakillarining fikricha, ayni qaror yahudiylik dini Tavrotda nomi zikr etilgan ushbu shaharga bog‘liq ekanini, u yerda Patriarxlar qabri mavjudligini inkor etadi.

2016 yili YUNESKOning Jahon merosi qo‘mitasi qarorni qabul qilgandan so‘ng Isroil ushbu tashkilotdagi elchisini chaqirib oldi, chunki o‘sha hujjatda Quddusdagi muqaddas qadamjolardan biri “musulmonlarning muqaddas sajdagohi” deb atalgan edi. Zikr etilayotgan sajdagohni yahudiylar Ibodat tog‘i – ko‘hna yahudiylik ibodatxonalari tepaligi, musulmonlar esa al-Haram ash-Sharif deb ataydi.

Tarang munosabatlar: AQSh bilan YUNESKO orasidan yana ola mushuk o‘tdimi?

Yo‘q desa ham bo‘ladi. Qo‘shma ShtatlarIsroil sabab YUNESKO bilan tez-tez g‘ijillashib turadi.

1974 yili YUNESKO Isroilni tanqid qilibgina qolmasdan, Falastin Ozodlik Tashkilotini tan oldi. AQSh esa ushbu tashkilot byudjetiga qo‘shadigan hissasini to‘lamay qo‘ydi.

1984 yil dekabriga kelib, Reygan ma’muriyati YUNESKOda korrupsiya mavjudligini bahona qilib, Qo‘shma Shtatlarning unga a’zoligini to‘xtatdi. Bundan tashqari, vashingtonlik siyosatchilar sovuq urush davrida ushbu tashkilotni Sovet Ittifoqiga yon bosganlikda ham ayblagan edi.

2002 yilga kelib, Qo‘shma Shtatlar korrupsiyaga, Isroil va G‘arb mamlakatlariga biryoqlama va xavfli ayrim qarashlarga barham berilganini aytib, YUNESKOga qayta a’zo bo‘ldi.

Vashington 2011 yilda YUNESKOga a’zolik badallarini to‘lamay qo‘ygandan so‘ng 2013 yilga kelib ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar YUNESKONing asosiy qaror qabul qiluvchi organi Umumiy Konferensiyasida ovoz berish huquqidan mosuvo etilgan bo‘lsa-da, a’zoligini saqlab qoldi hamda bosh direktorni saylaydigan ijro kengashida ovoz berish huquqiga ega.

A’zolikdan chiqish e’lon nimadan darak beradi?

Davlat departamenti vakili Qo‘shma Shtatlar YUNESKOda “a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat” bo‘lib qolishini e’lon qildi. Bu unga “jahon madaniy merosini himoya qilish, matbuot erkinligi va ilm-fan sohasida hamkorlik qilish”ni davom ettirish imkonini beradi.

Sinchilarinng fikricha, Qo‘shma Shtatlar YUNESKOga a’zolikdan 2018 yil 31 dekabrda chiqadi, chunki o‘sha vaqtga qadar yangi bosh direktor saylanadi. Bosh direktorlikka saylanishda nomzodlardan Fransiya madaniyat vaziri Odri Azulay va qatarlik diplomat Hamid bin Abdulaziz Al-Kavariyning imkoniyatlari ko‘proq.

XS
SM
MD
LG