Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:45

BMTning diniy eksperti O‘zbekistonga safari bo‘yicha xulosalarini e’lon qildi


BMTning din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid.

“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, jumladan din yoki e’tiqod erkinligi asosida bo‘lishi kerak”. Bu BMTning din va e’tiqod erkinligi haqidagi masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohidning O‘zbekistonga qilgan rasmiy safari yakunlari bo‘yicha xulosasidir.

Din yoki e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Ahmed Shohidning 11 kunlik safari yakuni bo‘yicha hisobotida, shuningdek, “Ko‘plab etnik va diniy jamoalar birgalikda tinch yashayotgan O‘zbekistonda dinlar yoki e’tiqodlarga tahdid sifatida qaralmasligi lozim,” – deyilgan.

“Diniy ekstremizmga qarshi kurash din yoki e’tiqodlarning xilma-xilligi, jumladan uning erkinligini barqarorlashtirish asosida qurilishi lozim", deyilgan hisobotda jumladan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat amaldagi tartib-qoidalarni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun joriy islohotlarda din yoki e’tiqod erkinligi sohasiga ko‘proq mablag‘ sarflashi kerak bo‘ladi.

Maxsus ma’ruzachi “Zo‘ravonlikka, ekstremizmning oldini olish yoki unga qarshi kurash yo‘lida din yoki e’tiqod erkinligi huquqi qurbon qilinmasligi kerak”, - deya ogohlantirdi Shohid, - Bu maqsad qilingan hozirgi islohotlarga keng yo‘l ochish o‘rniga, imkoniyatlarni qisqartirib yuboradi”.

Shohidning fikriga ko‘ra, mamlakat Prezidenti ko‘zda tutgan islohotlar, agar ular tizimli ravishda amalga oshiriladigan bo‘lsa, O‘zbekistonni rivojlantirishda katta burilish yasashi mumkin. Biroq uning ta’kidlashicha, mamlakatda inson huquqlari sohasida ko‘p muammolar yuzaga kelgan va endi din yoki e’tiqod erkinligi huquqini amalga oshirish uchun barqaror va oshkora sa’y-harakatlar talab qilinadi.

U, shuningdek, huquqiy islohotlarga e’tibor qilinishi barobarida, hukumat inson huquqlari sohasiga "amaliy" yondashuv, jumladan, institutsional va davlat siyosati borasida islohotlar zarur ekanligini aytib o‘tdi.

"Din yoki e’tiqod erkinligi, uyushish erkinligi, tinch yig‘ilishlar va so‘z erkinligi, shuningdek qonun ustuvorligini mustahkamlash va sud hokimiyati mustaqilligini kafolatlash uchun qulay imkoniyatlar yaratib berilishini talab qiladi", deyilgan Shohid tayyorlagan hisobotda.

“O‘zbekiston - dunyoviy davlat ekanligini hisobga olsak, mamlakatda vijdon, fikr, din yoki e’tiqod erkinligi haddan ziyod tartibga solinadi. Diniy jamoalar faqat ro‘yxatga olish asosida faoliyat yuritishi mumkin va hokimiyat barcha diniy harakatlarga hushyor turishga moyildir”.

Maxsus ma’ruzachi: "O‘zbekistondagi turli millat va elatlarning o‘zaro birdamlikda yashashlari dinlararo hamjihatlik va jamiyat farovonligini rag‘batlantirish, shuningdek, har bir insonning o‘z fikrini erkin ifodalashi uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi,” – deya davom etdi.

"Kishilar din haqida fikr bildirishda yoki e’tiqod amallarini bajarishlarida o‘zini-o‘zi senzura qilishlari shart emas”.

Shohidning yoshlarning ta’lim sohasidagi ayniqsa, diniy savodxonlikni oshirish borasida yaxshi tashabbuslar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lganini aytdi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, “diniy erkinlik sohasida ham savodxonlikni oshirish va ayni vaqtning o‘zida rag‘batlantirish juda muhim".

Shohid o‘zining tashrifi chog‘ida Toshkent, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari, Nukus shahri davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek “Jasliq” jazoni ijro etish koloniyasi rahbarlari bilan uchrashdi. Shuningdek, u etnik va diniy jamoalar vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, diplomatik hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Qoraqalpog‘istondagi “Jasliq” qamoqxonasini ham borib ko‘rganini ham yozgan Shohidga ko‘ra, qamoqxona ma’muriyat u erda 700 mahbus saqlanayotganini bildirgan.

“Men bir necha mahbus bilan maxfiy ravishda ham gaplashishga muvaffaq bo‘ldim. Qamoqxona boshlig‘ining tushuntirishicha, mahbuslar ichki tartib, qoida va jadvalni buzmasa, diniy ibodatlarni bajarishlari mumkin. O‘zim guvoh bo‘lgan narsadan kelib chiqsak, mahbuslar, ayniqsa diniy ekstremizmda ayblanib qamalganlarning reabilitatsiyasi uchun sezilarli sa’y-harakatlar qilinmoqda. Ularning ayrimlariga koloniyada o‘zlarini yaxshi tutganlari va chin dildan afsus qilganlari tufayli muddatidan avval qamoqdan chiqish yoki amnistiya bo‘lish imkoni taqdim etilgan. Shunga qaramay, menga aytishlaricha, ularning ko‘pchiligi 1 yildan 3 yilgacha qo‘shimcha muddatni o‘tashmoqda. Bunga sabab JKning 221-moddasi alomatlarini sodir etishdir. Ayrim hollarda qo‘shib berilgan muddatlar sud tayinlagan muddatdan ham ortib ketgan”, - deb yozgan Shohid.

Maxsus ma’ruzachi o‘zining ma’ruzalari va tavsiyalarinini o‘z ichiga olgan hisobotini BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga 2018 yil mart oyida taqdim etadi.

Ma’lumot uchun: Ahmad Shohid (Maldiv orollari) – BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashi tomonidan 2016 yilda Din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi etib tayinlangan. Shohid Buyuk Britaniyadagi Esseks universitetida Inson huquqlari markazi direktorining o‘rinbosari va Kanadadagi Raul Vallenberg Inson huquqlari markazida katta ilmiy xodim hisoblanadi. U 2005-2007 yillar va 2008-2010 yillarda Maldiv orollarining tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan. Uning harakatlari bilan mamlakatning inson huquqlari va ularning qonun va amaliyotga tatbiq etilishi bo‘yicha jami to‘qqizta xalqaro konvensiyaini imzolash va ratifikatsiya qilish amalga oshirilgan. Shohid Eronda inson huquqlari ahvoli bo‘yicha sobiq Maxsus ma’ruzachi hisoblanadi.

Maxsus ma’ruzalar Inson huquqlari bo‘yicha kengashning maxsus tartiblari tarkibiga kiradi. Maxsus tartiblar Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari tizimida mustaqil ekspertlarning eng yirik organi bo‘lib, u dunyoning barcha hududlariga oid vaziyatlarni yoki maxsus mavzudagi masalalarga qaratilgan ma’lumotlarni mustaqil yig‘ish va nazorat qilish mexanizmlari kengashining umumiy nomi hisoblanadi.Maxsus tartiblar mutaxassislari ko‘ngilli ravishda ishlaydi; ular BMT xodimlari emas va o‘zlarining ishi uchun maosh olmaydilar. Ular har qanday hukumat yoki tashkilotga bog‘liq emas va o‘zlarining shaxsiy salohiyati uchun faoliyat ko‘rsatadi.

Material hisobotning o‘zbek tilidagi norasmiy tarjimasi asosida tayyorlandi.

XS
SM
MD
LG