Линклар

AGTKS - Avtomobilga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyasidir. 2017–2019 yillarda O‘zbekistonda 178ta shunday stansiya qurish rejalashtirilmoqda. Bu stansiyalar 800.447 avtomobilni siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlaydi.

Bu chora Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 11 oktabrda qabul qilgan «Avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish, avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish, shuningdek, ular uchun mo‘ljallangan gaz ballon uskunalarining xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda nazarda tutilgan.

Qarorda belgilangan rejalarni amalga oshirish uchun AGTKSlar joylashgan hududlarda «bir darcha» printsipiga ko‘ra avtotransportlarga gaz ballon uskunalarini xarid qilish va o‘rnatishni rag‘batlantirish uchun imtiyozli kreditlar ham ajratish taklif etilmoqda.

Mavjud suyultirilgan neft gazi (bosim ostida suyultirilgan gaz) sotuvchi avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchalari (AGQSh) bosqichma-bosqich AGTKSga aylantiriladi. 2017 yil 1 dekabrdan boshlab esa AGQShlar uchun yer ajratish tugatiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasi ham bosqichma-bosqich gazga o‘tkaziladi. Buning uchun maxsus ishchi guruh tuziladi va 2018 yilning 1 martidan boshlab ko‘chma AGTKSlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarori bilan, shuningdek, O‘zbekistonda gaz ballonlar bilan jihozlangan barcha avtomobillarni maxsus kuzatuv qurilmalari (datchik) bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

"O‘zbekneftegaz"ga yagona boshqaruv markazini tashkil etish to‘g‘risida topshiriq berilgan. Ushbu markaz ixtisoslashtirilgan axborot tizimini tatbiq etish va foydalanish ishlari bilan shug‘ullanadi. Axborot tizimi avtotransport vositalaridagi gaz ballon uskunasining texnik holatini nazorat qilishni real vaqt rejimida (onlayn) amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, avtomobilga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalari (AGTKS) ish faoliyatini va siqilgan tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilish ishlari amalga oshiriladi.

2019 yil yakuniga qadar butun respublikada 800 mingdan ortiq avtomashinalarni siqilgan tabiiy gaz asosida ishlashga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ularning 712 ming avtomashina jismoniy shaxslarga, qolganlari yuridik shaxslarga tegishlidir.

Shu bilan birga hukumatning rejasiga ko‘ra, siqilgan tabiiy gazdan yonilg‘i sifatida foydalanish kelgusi 3 yil ichida 21 foizga (2017 yilda — 2,4 mlrd kubometr, 2019 yilda — 2,9 mlrd kubometr) ortadi.

Ushbu jarayonni tezlashtirish maqsadida hukumat tomonidan tarmoq tuzilmalarga gaz ballon uskunalarini xarid qilish va avtomashinalarga o‘rnatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida AGTKSlarda "yagona oyna" tamoyili asosida imtiyozli kreditlarni ajratish to‘g‘risidagi shartnomalarni rasmiylashtirish joylarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda siqilgan tabiiy gaz uskunalari ishlab chiqarish lokalizatsiyasi ulushini oshirish rejalashtirilgan.

2018 yil 1 fevraldan boshlab STG-2, STG-3 va STG-4 turidagi gaz ballonli uskunalar o‘rnatilgan avtomobillardan foydalanish taqiqlandi. Shuningdek, zavod komplektatsiyasi buzilgan STG-1 ballonli transport vositalarini boshqarish ham taqiqlandi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, foydalanilishi taqiqlangan transport vositalarini boshqarish eng kam ish haqining 5 baravari miqdoridagi jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Shu kunda Toshkentda 1 litr Ai-80 benzini 2800 so‘m. Siqilgan gazning (metan) 1 kub metri 1500 so‘mdan boshlanadi. Gazda yurish benzinda yurishdan ko‘ra deyarli 2 barobar arzonga tushadi.

Materialni tayyorlashda Vazirlar Mahkamasi qarori va mahalliy nashrlarga tayanildi.

XS
SM
MD
LG