Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:04

Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga odam yollashga majburlanmoqda


Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.
Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.

Institut o‘qituvchilarining Ozodlikka yozishicha, oliygoh rektori ularni paxta terimiga mardikor yollashga majbur qilmoqda. Mardikor yollash uchun pul bermaganlarga esa ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda. Institut rahbariyat bu xabarlarni inkor qilishga urindi.

Andijon Davlat tibbiyot institutining bir guruh o‘qituvchilaridan Ozodlikka yozilgan maktubda ular paxta terimiga mardikor yollashga majburlanayotgani haqida yozilgan.

“Institutimizda 11 oktabr kuni professor-o‘qituvchilar o‘z o‘rnilariga paxta dalasiga mardikor chiqarishi haqida buyruq bo‘ldi. Agar o‘rniga odam yubormasa ishdan ketarmish. Bitta mardikorni bir kunlik xaqqi hozirgi kunda 60 ming so‘mga chiqdi. O‘n kunga 600 ming bo‘layapti. Oylik esa plastikda beriladi. Yana undan tashqari har 10 kunda 50 ming so‘mdan paxta uchun pul yig‘ayapmiz. Kafedra mudiri ertalab soat 8 ga mardikor olib kelmagan odam¸ ariza yozsin yoki rektorga kirsin, dedi”, deb yozadi o‘qituvchilar.

Ozodlik bog‘langan institut o‘qituvchilardan biri magistr-talabalarning ham terimga majburlanayotganini aytdi.

“Bugun ham majbur 50 ming so‘mdan olib kelinglar, deyishdi. Biz yollagan mardikorlar Marhamat tumanida paxta terayapti. Biz 6 kishiga pul berdik. Hamma kafedralar kamida ikkitadan mardikor yollashga pul berishi kerak. Kamiga kunlik paxta tergani ham olib chiqishayapti. Kecha Oltinko‘l tumanida terdik, bugun Bo‘taqoraga olib ketishdi. Agar kunlikka bormasangiz, dekanga 20 ming so‘m berish kerak. Hozir Xalqaro mehnat tashkilotidan komissiya yuribdi. Komissiyaga darsda yo‘q o‘qituvchilarni, kasal deyish kerak ekan. Yarim o‘qituvchi paxtada bo‘lgani uchun darslar qo‘shib o‘tilayapti”, deydi o‘qituvchi.

Bu suhbatdosh stomatologiya fakulьteti dekani o‘rinbosari Akrom Xudoyberdievning WhatsApp ijtimoiy tarmog‘ida tashkil qilgan guruhidan skrinshotlar olib, Ozodlikka taqdim qildi.

Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.
Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.

Bu suratlarda dekan o‘rinbosarining o‘qituvchilarga yuborgan xabarida ularga o‘z o‘rinlariga odam topib berishi haqidagi gaplari aks etgan.

“Ertaga 16 oktabr kuni barcha kafedralar paxta terish uchun 2tadan odam topib berishingiz so‘raladi. Ertalab soat 7.00da institut asosiy binosi yonidan avtobuslarda paxta terish uchun jo‘nab ketiladi. Kafedra xodimlari dars o‘tadilar. Bu jarayon shanba kunigacha davom etadi”, deb yoziladi Akrom Xudoyberdiev profilidan guruhdagi o‘qituvchilarga.

Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.
Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilari paxtaga jo‘nayapti. 17 oktabr 2017 yil.

Andijon Davlat tibbiyot instituti o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Barno Inakova Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning o‘z o‘rniga mardikor yollashga majburlanayotgani haqidagi iddaolarini inkor qildi.

“Bizda absolyutno paxta terimiga hech kim chiqmagan. Darslar 100 foiz o‘tilayapti. Xalqaro mehnat tashkiloti ham kelib ko‘rib ketdi. O‘z o‘rniga ham hech kimni yollash holati bo‘lmagan. Kim sizga bunday yozgan bo‘lsa, noto‘g‘ri ma’lumot beribdi. Yakshanba kunlari o‘z ixtiyorlari bilan chiqib tergan bo‘lishi mumkin. Men o‘z vatanimning patriotiman. Qanday sharoitda bo‘lmasin bizning davlatimiz, bizning paxtamiz bu bizning boyligimizdir. Biz vatan uchun nimaiki qilmasak ko‘ngilli ravishda, vatanimizni sevib qilamiz”, dedi institut o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Barno Inakova.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTda qilgan chiqishida mamlakatda majburiy mehnatga barham berilgani haqida bayonot bergan edi.

Ayni paytda¸ Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan xabar¸ surat va videolarda paxta terimi davrida qo‘llaniladigan ma’muriy bosimning bu yili yanada kuchaygani¸ prezident bayonotiga ters ravishda¸ o‘quvchi-talabalar¸ tibbiyot va ta’lim sohasi xodimlarining majburiy mehnatga zo‘rlanayotgani aks etmoqda.

XS
SM
MD
LG