Линклар

Toshkentda YeXHT tashkil qilgan "Markaziy Osiyoda oshkora jurnalistika" nomli anjuman ish boshladi. Bunday tadbir O‘zbekistonda so‘nggi 15 yil ichida ilk bor o‘tkazilmoqda. Farg‘ona.ru agentligiga ko‘ra, tadbirda hozir MXX hibsxonasida saqlanayotgan mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev haqidagi savollarni Toshkent rasmiylari ochiq qoldirgan.

YeXHTning Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha 19-Markaziy Osiyo anjumanida xorij davlatlaridan kelgan matbuot sohasi eskpertlari va jurnalistlardan iborat 80 kishi ishtirok etmoqda.

Anjumanda qatnashayotgan O‘zbekiston va mintaqalik jurnalistlar Markaziy Osiyoda bugungi jurnalistikaning ahvoli va muammolarini muhokama qilmoqda.

Farg‘ona.ru agentligi bergan xabarga ko‘ra, tadbirda o‘zbekistonlik jurnalist Sergey Naumov va Aleksey Volosevichlar 27 sentabrdan buyon hibsda qolayotgan mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev taqdiriga oid savollar bilan O‘zbekiston rasmiylariga murojaat qilishgan.

Agentlikning yozishicha, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova Bobomurod Abdullaev "qonunni buzgani uchun hibsga olingani, uning ishini sud ko‘rib chiqayotgani, sud qaror qilmaguncha", bu masalada biror izoh bermasligini aytish bilan cheklangan.

Bundan tashqari, "Chegarasiz muxbirlar" tashkiloti vakili Yoxan Birrning mustaqil jurnalist Abdullaevning hibsga olingani haqida avvaliga 2 kun yaqinlariga xabar berilmagani, jurnalistga advokat bilan uchrashish imkoni berilmayotgani sabablari haqidagi savollari ham ochiq qoldirilgan.

2017 yilning 27 sentabrida Toshkentda qo‘lga olingan 44 yoshli mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 159-moddasining 4-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) ayblanmoqda.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Ozodlikka taqdim etgan 1 oktabr kungi sud qarorida ëzilishicha, "Abdullaev “O‘zbekiston Xalq harakati” funksioneri sifatida shu harakat rahbari Muhammad Solihning ko‘rsatmasi bilan 2011 yildan buyon Usmon Haqnazarov taxallusi bilan Internetda mavjud konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan".

3 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida "O‘zbekiston Xalq harakati" rahbari Muhammad Solih Bobomurod Abdullaev Usmon Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar e’lon qilib kelgan jurnalist ekanini ma’lum qilgan edi.

YeXHTning matbuotga oid Markaziy Osiyo anjumani har yili o‘tkazib kelinadi. 18-anjuman Avstriya poytaxti Venada o‘tkazilgan.

Toshkent 2002 yilda 4-anjumanga ham mezbonlik qilgan edi. O‘shanda “Matbuot erkinligi va korrupsiya” mavzusi muhokama qilingan.

XS
SM
MD
LG