Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:01

Kseniya Sobchak Rossiyaga prezident bo‘lmoqchi


Kseniya Sobchak
Kseniya Sobchak

2018 yilga belgilangan prezident saylovida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yana saylanishiga shubha yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, Putin hozircha prezidentlikka nomzodini ko‘rsatajagini e’lon qilgani yo‘q. Lekin taniqli teleboshlovchi Kseniya Sobchak saylovda prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etajagini e’lon qildi.

Bundan avval o‘kazilgan prezident saylovlarida liberal nomzodlar ham ishtirok etgan. Ammo tanqidchilar Kreml saylovlarni haqiqiy roqabat bilan o‘tgan qilib ko‘rsatish uchun muxolifatchilarni "shunchaki" nomzod qilib ko‘rsatishini aytib keladi.

18 oktabr kuni teleboshlovchi Kseniya Sobchak saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yishi haqida rasmiy bayonot tarqatishi ortidan, tanqidchilar Sobchak Mixail Proxorov 2012 yilda, Andrey Bogdanov 2008 yilda o‘ynagan rolni qaytalashini aytmoqdalar.

Sobchakning bildiruvi ortidan muxolfatchi jurnalist Roman Dobroxotov:

- Sharmandali yakun. Norozi saylovchilar unga ovoz bermaydi. U Bogdanov kabi sirk pudeli shuhratini qozonadi xolos, - deb yozdi.

Muxolifatchi faol Sergey Udalsov esa Twitterda:

- 2012 yilda Proxorovning nomzodi ko‘pchilikni gangitgan edi. Ammo Sobchak – bu o‘ta oshkoralik. Kreml quloqlari bir kilometr naridan ko‘rinib turibdi, - deb yozdi.

Sobchakning prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqidagi gaplar shu yil sentabrida paydo bo‘lgan edi. OAV teleboshlovchi davlat rahbari lavozimiga prezident Putin ma’muriyati roziligi bilan nomzodini qo‘yayotgani haqida yozmoqda.

Avvalroq 2018 yilgi prezident saylovida ishtirok etishni mo‘ljallagan muxolifatchi Aleksey Navalniy Sobchakni “kulgili liberal nomzod” deb atab, uni tanqid qilgan edi. Bunga javoban Sobchak Navalniyni muxolifatni parchalaganlikda ayblab, unga “kuchlarni birlashtirish”ni taklif qildi.

Navalniyning o‘zi esa, Rossiya prezidenti saylovida nomzod sifatida ishtirok etmoqchi ekanligi to‘g‘risida bayonot berib, saylovoldi kampaniyasini ham boshlab yuborgan.

Ammo joriy yil iyunida Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Navalniyni moliyaviy jinoyatlarda ayblangani uchun saylovda ishtirok etolmasligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Navalniy bu ayblovlar ortida siyosiy motivlar borligini aytib keladi.

Kremlь vakillari Sobchakning saylovda ishtirok etish niyati “Konstitutsiya moddasiga to‘la muvofiq kelishi”ni bildirishdi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov teleboshlovchini “iqtidorli inson” deb atadi.

Bu orada Kreml Sobchakning o‘zini nomzod qilib ko‘rsatish qaroriga ta’sir o‘tkazmaganini bildirdi.

35 yoshga to‘lgan Sobchak tele- va radioboshlovchi, jurnalist, ijtimoy faol, aktrisa va siyosatchi o‘laroq tanilgan.

Uning otasi Anatoliy Sobchak 1991-1996 yillarda Sankt-Peterburg shahri meri bo‘lgan. Onasi Lyudmila Narusova esa tarixchi va siyosiy arbobdir.

Sobchak “Dom-2”, “Blondinka v Shokolade”, “Posledniy geroy” realiti-shoulari hamda “Gosdep 2” va “Sobchak jivyom” dasturlari bilan tanilgan.

XS
SM
MD
LG