Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 14:22

Majburan paxtaga olib ketilayotgan talaba o‘zini avtobusdan tashlab yubordi


Samarqand davlat uniersiteti talabalari paxtaga ketmoqda. 22 oktabr 2017 yil.

Samarqand davlat universitetining ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabasi Dilkash Xurramov Pastdarg‘om tumaniga paxta terimiga majburan olib ketilayotgan paytda avtobusdan o‘zini tashqariga uloqtirgan. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan talabalarning aytishlaricha, Dilkash Xurramov bir qancha jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan. Universitet rahbariyati esa talabaning jarohat olganini tasdiqlar ekan, u avtobusdan tushayotgan paytda, o‘zidan ketib yiqilganini iddao qiladi.

Мажбуран пахтага олиб кетилаётган талаба ўзини автобусдан ташлаб юборди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Samarqand davlat universiteti ijtimoiy-iqtisodiyot fakulьtetining 301-guruh talabasi Dilkash Xurramov, 22 oktabr kuni universitet talabalarini ommaviy ravishda Pastdarg‘om tumaniga olib ketilayotgan paytda qattiq jarohat olgan.

Voqea guvohi bo‘lgan talabaning aytishicha, Dilkash Xurramov tez ketayotgan avtobusdan sakragan:

“Ertalab soat ettilarda universitetdan Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumaniga kolonna bo‘lib jo‘nadik. Dilkash mingan avtobus bizdan oldinda ketayotgan edi. Samarqand shahridan chiqqan edik. Birdan kolonna to‘xtab qoldi.Hay-huy, chopa-chop boshlandi. Biz ham borib ko‘rsak shunaqa voqea sodir bo‘lgan ekan. Dilkash bilan ketayotgan talabalarning aytishlaricha, u tez ketayotgan avtobusning eshigini qayirib ochib, o‘zini ko‘chaga tashlabdi”, dedi talaba.

Samarqand davlat uniersiteti talabalari paxtaga ketmoqda. 22 oktabr 2017 yil.
Samarqand davlat uniersiteti talabalari paxtaga ketmoqda. 22 oktabr 2017 yil.

Kursdoshlaridan birining aytishicha, Dilkash Xurramov sog‘lig‘i yomonlashgani bois fakultet dekanidan javob so‘ragan bo‘lsa ham, unga paxtadan qolishga ruxsat berilmagan:

“Dilkash sog‘lig‘i yo‘q ekanligini kurator va yangi ishga kelgan dekanga aytishiga qaramasdan, dekan undan majburan tushuntirish xati yozdirib olib, agar paxtaga chiqmasa o‘qishdan haydalishini aytgan. Dilkash kasal bo‘lsa ham majbur kelgan”, dedi talaba.

Samarqand davlat unversitetining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi Dilkash Xurramov og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilganini aytdi:

“Avtobusdan o‘zini tashlaganda bir qo‘li singan, yuzlari shilinib, yirtilib ketgan. Men olgan ma’lumotga ko‘ra, yuzining besh-olti joyini tikishga to‘g‘ri kelibdi. Hozir u kasalxonada”, dedi o‘qituvchi.

Samarqand davlat unversiteti rahbariyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Dilkash Xurramovning paxtaga ketish jarayonida, avtobusdan yiqilib tan jarohati olganini va kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi.

Biroq, mulozimning aytishicha, kolonna Pastdarg‘omga yetib olganidan so‘ng, Dilkash Xurramov avtobusdan tushayotgan paytda yiqilib tushgan:

“Sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagan, avtobusdan tushayotgan paytda oyog‘i sirg‘alib ketib, yiqilib tushgan. Baxtsiz hodisa bu. Hozir ahvoli yaxshi, kasalxonada davolanyapti”, dedi mulozim.

“Sog‘lig‘i yomon talabani nega paxta terimiga chiqarasiz?” degan Ozodlik savolini mulozim javobsiz qoldirdi va aloqani uzib qo‘ydi.

Ozodlik universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Alisher Eshtaev bilan ham bog‘lanishga harakat qildi.

Lekin prorektorning kotibasi uni paxta terimiga ketganini aytdi:

“Domla paxtadalar, dars ham bo‘lyaptiyu, paxtaga ham chiqyaptilarda”, dedi kotiba.

21 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yarim tunda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani va unda 22 sentabr soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilganligi haqida hukumat nashrlari xabar qilgan edi.

Bu topshiriq prezident Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasi majlisidan qaytishi bilan berildi. O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakatda bolalar mehnati¸ majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan¸ ammo o‘quvchi-talabalar¸ qolaversa¸ o‘qituvchi va shifokorlarning ayni bayonot qilingan kunda ham majburan paxta dalasida ekani xalqaro maydonda e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Bosh vazirning bu topshirig‘idan so‘ng, talabalar¸ o‘qituvchi¸ vrach va hamshiralar bir kun ichida o‘z o‘qish va ish joylariga ommaviy ravishda qaytarilgan edi.

Ob-havo soviy boshlagandan so‘ng paxta terimi rejasini bajarishi savol ostida qolgan viloyat va tuman hokimlarining o‘qituvchi va shifokorlarni turli tilxat va tahdidlar bilan paxtaga yuborish holatlari kuzatilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan hokimlik vakillari, byudjet tashkiloti xodimlari va o‘quvchi-talablarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari borligini muntazam inkor qilib keladi.

Paxta terayotgan o‘qituvchiyu shifokorlarning aytishlaricha, ulardan begona odam so‘rab qolgan taqdirda, ta’tilda yoki dam olish kuni bo‘lgani uchun, oilaviy byudjetini to‘ldirish maqsadida o‘z ixtiyori bilan terimga chiqqanligini aytish uqtirilgan, aks holda ishidan ajrash bilan po‘pisa qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG