Линклар

18 sentabrda Ozodlik Toshkent markazidagi Brand 910 klubida jinoyat olamining o‘nlab vakillari "sxodka"si (uchrashuvi) bo‘lib o‘tgani haqida xabar berishidan bir kun o‘tib, Toshkent shahar Ichki Ishlar Boshqarmasining bir guruh xodimlari ayni klubni bosgan.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan Toshkent shahar IIB zobiti ma’lum qildi.

Ayni ma’lumotni Ozodlikning "jinoyat olami"ga yaqin manbasi ham tasdiqladi.

Tekshiruv

Toshkent IIBsi zobiti so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari tungi klubda tintuv o‘tkazishgan, klub xizmatchilarini bir necha soat davomida so‘roq qilishgan va klubning nazorat kameralariga yozilgan tasvirlarni olib ketishgan.

19 sentabrda klubni birdan bosishgan va u yerda ishlagan ofitsiantkalar, barmenlar va ish yurituvchilarni birma-bir so‘roq qilishgan. Keyin, kamera nablyudeniega yozilgan videolarni olib ketishgan,” dedi ichki ishlar xodimi.

"Jinoyat olami"ga yaqin Ozodlik manbasi ichki ishlar xodimi bergan xabarni tasdiqladi.

Voqea joyiga 25 oktabrda borgan Ozodlik mobilь muxbiri Brand 910 klubining hozir ham yopiq qolayotganini aytdi.

Klub xodimlaridan birining ma’lum qilishicha, klub 30 oktabrga qadar "profilaktika munosabati bilan" berkitilgan.

"Sxodka"

Ozodlik ayni klubda 16 sentabr oqshomida Toshkent shahriga yangi "smotryashchiy"ni tayinlash masalasi muhokama qilingani haqida xabar bergandi.

Mazkur "sxodka" (Ozodlik izohi - "jinoyat olami" vakillarining norasmiy uchrashuvi), Toshkent shahri “smotryashchiy”si (jinoyat dunyosining hudud bo‘yicha favqulodda vakili) Abbos Xodjaevning hibsga olinishidan uch kun o‘tib uyushtirilgan.

Geroin topildimi yoki tashlandi?

33 yashar Abbos Xodjaev, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 0,34 gramm geroin moddasini sotishga urinishda ayblanmoqda.

Toshkent shahari Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabarda ta’kidlanishicha, Abbos Xodjaevga nisbatan hozirda poytaxtning "Mirobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga urinish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan."

Ammo, yaqinlaridan birining iddao qilishicha, Abbos Xodjaevni hibsga olish paytida militsiya xodimlari uning cho‘ntagiga geroin moddasini solib qo‘yishgan.

"Geroinni solayotgan paytida daje kameragayam (Ozodlik izohi - video nazorat kamerasi) tushgan ekan. Bu video olingan. Ammo kimning qo‘lidaligi ma’lum emas," dedi Abbos Xodjaev yaqinlaridan biri.

Ozodlikning Abbos Xodjaev advokati bilan bog‘lanish urinishi natija bermadi.

Abbos Xodjaev hibsga olingan kunning o‘zida¸Toshkent IIB xodimining aytishicha, O‘zbekistonda "vor v zakone" rutbasiga ega bo‘lgan Baxti Tashkentskiy va Baxti Yangiabadskiy nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullaev ham militsiya bo‘linmasida to‘rt soat davomida so‘roq qilingan va so‘ngra qo‘yib yuborilgan.

"Jinoyat olami" vakillarini tutish amaliyotiga shaxsan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Tursunov rahbarlik qilmoqda.

Polkovnik Ulug‘bek Tursunov prezident Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovning akasidir.

XS
SM
MD
LG