Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:53

Mirziyoev turklarni O‘zbekistonga taklif etdi, ammo vizani bekor qilmadi


​O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 oktabr kuni Anqarada o‘tkazilgan matbuot brifingida Samarqand-Istanbul reysi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilar ekan¸ turk jurnalistlarini ushbu reysda birinchi bo‘lib Samarqandni ziyorat qilishga taklif etdi. Mirziyoev “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati rahbariga bu sayohatni bepul uyushtirishni tayinladi, lekin turk vatandoshlari O‘zbekistonga borish uchun 250 AQSh dollargacha to‘lab oladigan viza tartibini bekor qilmadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev kelasi yilning mart oyida yo‘lga qo‘yilishi rejalangan Istanbul-Samarqand aviaqatnovini shu yilning oktabr-noyabr oylarida yo‘lga qo‘yishni taklif qildi va turk jurnalistlarini birinchi bo‘lib shu reysda mehmon bo‘lishga chaqirdi.

Mirziyoev zalda o‘tirgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulovga turkiyalik jurnalistlarning Samarqandga bepul sayohatini uyushtirishni tayinladi:

- O‘rtoq Ro‘ziqulov ayt, zalda o‘tirgan ommaviy axborot vositalari rahbarlarini uch kun-bir hafta O‘zbekistonda bepul mehmon qilaman, deb va’da ber, - dedi O‘zbekiston prezidenti Ro‘ziqulovga qarab.

Shu orada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham “Turkiya havo yo‘llari” shirkati rahbari Basim-beyga qarab “Sen ham va’da ber” dedi.

Har ikki shirkat rahbarlari o‘rnidan turib "turk matbuot vakillarini O‘zbekistonga tekin olib borib, olib kelish majburiyatini o‘z zimmamga olaman", deb va’da berdi.

Turklarga nisbatan 300 dollarlik viza amalda

​O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan matbuot brifingida “Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun vizaga oid jarayonlarni soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzolaganini ma’lum qildi.

Mirziyoev Turkiya fuqarolari O‘zbekiston vizasini endi uch kun ichida olishlari mumkinligini, O‘zbekistonga bir oygacha bo‘lgan muddatga sayyohlik maqsadida kelayotgan Turkiya fuqarolariga vizalar ham uch ish kunida rasmiylashtirilishini aytdi.

“Albatta, turk tadbirkorlari va mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etishda viza masalasida yengilliklar yaratish muhim o‘rin tutadi. Bu borada yaqinda alohida qaror qabul qildik. Bu katta ishimizning boshlanishi. Shunday kunlar keladiki, viza masalasi bunday do‘st, birodar xalq orasida bo‘lishi mumkin emas. Shunga biz¸ albatta¸ harakat qilamiz”, - dedi Mirziyoev.

Hozirgi paytda O‘zbekiston vatandoshlari Turkiyaga bir oy muddatga vizasiz safar qilishlari mumkin.

O‘zbekiston esa Turkiya vatandoshlarining mamlakatga kirishi uchun viza tartibini saqlab qolmoqda.

Prezident tilga olgan yangi qarorda turkiyaliklarning O‘zbekistonga borish uchun 40 dollardan boshlanib bir yillik ko‘p marta kirish haqqini beruvchi 250 AQSh dollari to‘lab oladigan viza tartibi bekor qilingan emas.

Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Adem Chevik turk vatandoshlari prezident Mirziyoevdan ikki mamlakat orasidagi viza rejimini butkul bekor qilishiga umidvor ekanliklarini aytadi:

- Prezident Mirziyoevning Turkiyaga tashrifidan biz turklar ko‘p narsani kutayapmiz. Ayniqsa¸ turk vatandoshlariga viza olishni yengillashtirganidan keyin bu viza umuman bekor qilinadi, degan umid bor. Ikki qardosh o‘lka orasida viza tartibi bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari¸ ish odamlarimiz ham O‘zbekistonga sarmoya kiritishga umid ko‘zi bilan qaramoqda, - deydi Adem Chevik.

20 yillik turg‘unlik ortidan 26 ta bitim

25 oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot brifingida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ikki mamlakat orasidagi savdo aloqalari hajmi 2 milliard dollardan oshganini ta’kidladi:

- 2016 yilda Turkiya va O‘zbekiston orasidagi savdo hajmi 1,2 milliard dollar edi, so‘nggi sakkiz oy ichida bu raqamni 900 million dollarga oshirdik va qisqa fursatda yana ham yuqoriga ko‘taramiz, - dedi Erdo‘g‘on.

Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumida 3,5 milliard dollar hajmidagi 35 ta loyihaning imzolangani aytilmoqda.

O‘zbekistonda 1996-2011 yillar oralig‘ida ish yuritgan turkiyalik ishbilarmon Ilyos O‘zqaynoq uzoq yillik turg‘unlikni boshdan kechirgan Turkiya va O‘zbekiston aloqalari uchun bu katta o‘sish ekanini aytadi:

- Besh-olti yil avval bunday bo‘lishi hech kimning xayoliga kelmagandi, O‘zbekistonda turk ishbilarmonlarini haydashganidan so‘ng ko‘pchilikni hafsalasi pir bo‘lgandi. O‘zbekistonga sarmoya olib kirmoqchi bo‘lgan ishbilarmonlar u yerdagi qatag‘onlarni ko‘rib, fikridan qaytgandi. Bugun aloqalar qayta yo‘liga tushayapti. O‘zaro ishonch qayta tiklanayapti. Hozir men qatori ko‘plab turk ishbilarmonlarining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevdan umidi katta bo‘lib turibdi, insholloh O‘zbekistonda faoliyatimizni qaytadan boshlaymiz, deb turibmiz, - deydi Istanbuldagi O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumida qatnashayotgan turk tadbirkori Ilyos O‘zqaynoq.

O‘zbekiston marhum prezidenti oxirgi marta Turkiyaga 1999 yilda safar qilgan edi.

Turkiya 1991 yilda birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan esa-da¸ 90-yillar o‘rtalarida ikki mamlakat orasidagi munosabatlar sovidi.

Muxolifat liderlari Muhammad Solih va Abdurahim Po‘latovlarning Turkiyadan boshpana topishi ortidan Islom Karimov Turkiyadan yuz o‘girishni boshladi.

Turkiyada tahsil olayotgan yuzlab o‘zbekistonlik talaba majburan vatanga qaytarildi.

2011-12 yillarda esa Turkiyaning O‘zbekistondagi shirkatlariga qarshi Toshkent keng ko‘lamli kampaniya boshladi.

Turkiyalik ellikdan ortiq tadbirkor hibsga olindi, turk shirkatlari yopildi.

Prezident Islom Karimovning 2016 yil sentabrdagi vafoti ortidan Anqara va Toshkent o‘rtasida bordi-keldilarning jonlangani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning qariyb 20 yillik turg‘unlikdan so‘ng Turkiyaga qilgan ilk davlat tashrifi chog‘ida Toshkent va Anqara o‘rtasida xavfsizlikdan tortib iqtisod, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniyat va ta’lim sohalariga oid jami 26 bitim imzolangan.

XS
SM
MD
LG