Линклар

Xorazm viloyatining Urganch shahrida istiqomat qiluvchi Zulfiya Xudoyberganova mahalliy kuch ishlatar tuzilmalar u va uning 64 yashar onasi Adella Xudoyberganovaning huquqlarini poymol qilayotganini iddao qilmoqda. Uning shikoyat qilishicha, Oliy sudga qilingan takror va takror murojaatlar ham qonuniy natija bermayotir.

Zulfiya Xudoyoberganovaning OzodMikrofon rukniga aytishicha, kuch ishlatar tuzilmalariga yugur-yugurlari uning 36 yashar ukasi Otabek Xudoyberganov Urganch shahar IIB tomonidan "giyohvandlik vositalarini saqlash va o‘tkazishda" gumon qilinib, "qonunga zid ravishda ushlangani va shahar sudi tomonidan aybi isbot etilmagan holda 5 yilga qamoqqa hukm qilingan"idan so‘ng boshlangan.

Bu haqda Ozodlikka so‘zlab bergan ona va uning qiziga ko‘ra, o‘tgan yilning 9 noyabrida Otabek Xudoyberganov ustidan mahkama jarayonida "mahalliy telekanal jurnalistlari jarayonni tasvirga ola boshlagan va bunga qarshilik qilgach, kelib chiqqan janjalda jurnalistlar Zulfiyani kaltaklagan".

Da’vo qilinishicha, bu janjal ortidan ona va uning qizi Xorazm viloyat prokuraturasiga arz qilgan, ammo ​"ish tergovi davomida ular jabrlanuvchidan ma’muriy huquqbuzarga aylangan".

Jurnalistlar tomonidan kaltaklangani iddao qilingan Zulfiya Xudoyberganovning sud-med ekspert tomonidan qayd etilgan surati
Jurnalistlar tomonidan kaltaklangani iddao qilingan Zulfiya Xudoyberganovning sud-med ekspert tomonidan qayd etilgan surati

Eslatish joiz, ona-qiz Xudoyberganovalar shu yilning fevral oyida - ularga nisbatan ayblov e’lon qilingan kezda - Ozodlikka murojaat qilgan edi.

​Urganchlik Xudoyberganovalarning da’vosicha, jurnalistlar ularning ustidan “ikkalasi bizni kaltakladi”, deb da’vo arizasi kiritgan va ana shu ariza asosida Xudoyberganovalar ustidan​ O‘zbekiston JKning 277-moddasi “g” bandi bilan jinoyat ishi ochilgan, ularning har biriga eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida jarima solingan.

Adella Xudoyberganovaning da’vosicha, qizining kaltaklanganini tasdiqlovchi sudmed ekspert xulosasi, uyali telefonga olingan video va suratlar ham shahar, viloyat IIB va prokuratura, hatto Oliy sud tomonidan inobatga olinmayotir.

Endilikda, Zulfiya Xudoyberganovning Ozodlikka aytishicha, Xorazm viloyatidagi sudlar ustidan bosqichma-bosqich arz qilib, Oliy sudga qadar kelishgan, ammo hukm hanuz o‘zgarishsiz qolmoqda.

Kuni kecha Ozodlikka bog‘langan Zulfiya Xudoyberganovaning aytishicha, Oliy sudda u kabi chor-nochor qolib, navbat kutayotganlar juda ko‘p:

- Biz O‘zbekistondagi sudlarga, Oliy sudga qatnayverib charchadik. Mening qo‘limdagi yosh bolam kasal bo‘lib qoldi, ammo Oliy sudda bunga ham e’tibor qilishmadi. Odamlar sud darvozasini yiqitib kirishdi ichkariga bir safar. Men ham ur-yiqit ichida binoga kirdim, sud raisi bilan ham uchrashdim. Ammo, hanuz bizning shikoyatimizga qonuniy chora ko‘rilmadi, - deya da’vo qildi Zulfiya Xudoyberganova.

U mamlakat ichidagi mahkamalar hukmidan qoniqmayotgani va oxir-oqibat, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga murojaat qilishga qaror qilganini aytmoqda.

- BMTning Toshkentdagi vakolatxonasiga bordik. Ammo, u erda ham arzimizni qabul qilishmadi. Bizga aytishlaricha, ularning inson huquqlari bo‘yicha vakili Toshkentda yo‘q ekan. Hozir nima qilishni bilmay hayron bo‘lib qoldik, - deya shikoyat qildi Zulfiya Xudoyberganova.

Quyida bu ayol bilan suhbatimizni to‘liq tinglashingiz mumkin:

--------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG