Линклар

Zeromax kompaniyasining sobiq direktori Mirodil Jalolov Toshturmaga o‘tkazildi (Yangi tafsilotlar)

  • Озодлик

Zeromax kompaniyasi sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Zeromax ("Zeromaks") shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori Mirodil Jalolov o‘tgan hafta Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi xalq orasida "Gvardeyskiy" deb yuritiladigan MXX tergov izolyatoridan Toshturmaga o‘tkazilgan. Bu haqda Ozodlik muxbiriga ismi sir qolishini istagan Mirodil Jalolov yaqinlaridan biri hamda Bosh prokuraturaning tergov ishiga aloqador xodimi ma’lum qildi.

Qisqa ozodlik

Mirodil Jalolov ishi bo‘yicha chiqarilgan ajrim nusxasi
Mirodil Jalolov ishi bo‘yicha chiqarilgan ajrim nusxasi

2017 yilning 4 yanvarida Ozodlik sud ajrimiga tayanib, Mirodil Jalolovning sud zalidan ozod etilgani va o‘sha kuniyoq Toshkent viloyatidagi dala hovlisiga ketganini xabar qilgan edi.

Sud ajrimida Mirodil Jalolovga "jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun vaqt" berilgani alohida ta’kidlangandi.

Biroq yaqinlaridan birining ma’lum qilishicha, "o‘nlab million dollar"ni tashkil etgan "yetkazilgan zarar"ni qoplashga muvaffaq bo‘lmagach, Mirodil Jalolov mart oyida yana qamoqqa olingan.

O‘shandan buyon tadbikor "Gvardeyskiy" izolyatorida saqlanayotgan edi.

Gulnora Karimova ustidan bo‘lishi kutilayotgan sudda ko‘rsatma

Tergov ishiga aloqador O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xodimining bildirishicha, Gulnora Karimova ustidan boshlanishi kutilayotgan sudda Mirodil Jalolovning ko‘rsatma berishi kutilmoqda.

Unga ko‘ra, Mirodil Jalolovning ko‘rsatmalari faqat Zeromax shirkati faoliyati doirasida bo‘ladi.

27 oktabrda Gulnora Karimovaga bog‘liq yirik korrupsiya ishini tekshirayotgan Shveysariya tergov guruhiga yaqin manba Ozodlikka O‘zbekiston rasmiylari ularga Gulnora Karimova ustidan sud bo‘lishini bildirgani to‘g‘risida aytgan edi.

Shveysariya prokuraturasi 2012 yil yozida Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan bank hisobidagi 800 million dollardan oshiq pulni muzlatib qo‘ygan va hozirda besh yildan oshiqroq davom etgan tergov yakuniy bosqichga kirgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yilning 28 iyul kuni "G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar" tarqatgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini ma’lum qilgan edi.

Bayonotda Bosh prokuratura¸ “G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom” ettirilayotganini ham bildirgan edi.

Mirodil va Behzod - Gulnoraning ikki "sog‘in sigiri"

Behzod Ahmedovning Zeromax shirkati haqida bergan ko‘rsatmasi
Behzod Ahmedovning Zeromax shirkati haqida bergan ko‘rsatmasi

Oktabr oyi boshida Stokholm mahkamasi MTS-O‘zbekiston telekom shirkati bosh direktori Behzod Ahmedovning 2012 yilning 10 sentabrida Rossiya tergovchisi¸ 2015 yil mayida esa Shveytsariya tergovchilariga bergan guvohlik ko‘rsatmasini jamoatchilik tanishishi uchun ochiq hujjatlar sirasiga kiritdi.

10 yildan ko‘proq vaqt davomida Gulnora Karimovaning O‘zbekiston telekom bozorini to‘liq nazoratiga olishdagi o‘ng qo‘li bo‘lgan Ahmedov ko‘rsatmalaridan¸ aynan Ahmedov guvohligi yaqin tarixdagi eng yirik korrupsiya ishining boshlanishi va O‘zbekistonning eng qudratli ayoli sanalgan Gulnora Karimovaning mahkumga aylanishiga asos bo‘lgani ko‘riladi.

O‘z ko‘rsatmasida Gulnora Karimova bilan munosabatlarini ta’riflagan Ahmedov Gulnora marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi unga nisbatan istalgan payt "sog‘iladigan sigir" sifatida qaraganini bildirgan.

Unga ko‘ra, Mirodil Jalolov ham ayni munosabat qurboni bo‘lgan.

Behzod Ahmedov o‘z ko‘rsatmasida Zeromax rasman TeliaSonera bilan bog‘liq shartnomada "rasman" konsultant vazifasini bajarganini aytadi.

Ahmedov so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova uning bo‘yniga ilgan 15 million dollar "qarzi"dan qutilish uchun Zeromax ijrochi direktori Mirodil Jalolov bilan "mutlaqo maxfiy" kelishuvga erishgan:

"Ushbu shartnoma 15 million dollarlik qarzni to‘lash uchun tuzilgandi... O‘sha paytda Gulnora Karimova menga qarz ilgan edi, lekin bu qarzni to‘lamagandim. Buning o‘rniga men (telekommunikatsiya) jihozlar sotib oldim va Zeromax buni yetkazib berdi... Biz Zeromax direktori bilan aloqalarimiz va almashinuvimiz mutlaqo maxfiy bo‘lishi haqida kelishib oldik... Zeromax qarzlari bu shatnomani tuzish va uni bajarish nuqtasidan boshlangandi," deya ko‘rsatma bergan Behzod Ahmedov.

U, shuningdek, Zeromax-ga, ko‘pchilik o‘ylaganidek, Gulnora Karimova emas, Mirodil Jalolov egalik qilganini ta’kidlaydi:

"Ko‘pchilik uni (tahr: Zeromax-ni) Gulnora Karimovaniki, deb o‘ylaydi, lekin men javob berib aytamanki, u Mirodil Jalolovnikidir. Agar, kompaniya orqasida Gulnora Karimova bo‘lganida, Zeromax kasodga uchramagan bo‘lardi. Mendagi ma’lumotlarga tayangan holda aytamanki, bu holat Gulnora Karimovaning Mirodil Jalolovga bosim qo‘llashiga sabab bo‘ldi," deb aytgan Behzod Ahmedov.

Zeromax-ning qulatilishi

Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax shirkati O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, qurilish, to‘qimachilik sanoati, naqliyot, shuningdek, neft, gaz va oltin qazib chiqarish bilan shug‘ullangan.

2005 yilda ishga tushirilgan Zeromax neft va gaz shirkati tarkibidagi UzGazOil AYoQShlari, ko‘p o‘tmay, xizmat va mahsulot sifati borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lgan yonilg‘i shohobchalariga aylandi.

2008 yilda Zeromax e’lon qilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ shirkat aktivlari o‘shanda 3.298 milliard Shveysariya franki (qariyb 4¸5 milliard AQSh dollari)ni tashkil qilgan.

Biroq 2010 yil martida Zeromax kasodga uchragani e’lon qilindi va unga tegishli barcha mol-mulkka hibs qo‘yildi.

Ayni yilning may oyida O‘zbekistonda Zeromax faoliyati to‘xtatildi, shirkatga tegishli mol-mulk davlat foydasiga musodara qilindi va shirkatning banklardagi hisoblari muzlatildi.

O‘zbekiston xalqi orasida "Odilboy" nomi bilan tanilgan Mirodil Jalolov esa 2010 yil sentabrida hibsga olindi.

Zeromax aktivlari va AYoQShlari UzGazOil milliy xolding tasarrufiga o‘tkazildi.

Zeromax ga nisbatan yuz millionlab dollarlik kreditorlar da’volari hozir ham saqlanib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG