Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:27

O‘zbekiston: Sayfullo Soipov radikal guruhlar ta’siriga AQShda tushib qolgan


Sayfullo Soipov 1996-2006 yillar oralig‘ida Toshkentdagi mana shu ko‘p qavatli uydagi kvartiralardan birida istiqomat qilgan
Sayfullo Soipov 1996-2006 yillar oralig‘ida Toshkentdagi mana shu ko‘p qavatli uydagi kvartiralardan birida istiqomat qilgan

Tashqi ishlar vazirligining Jahon Axborot agentligi 1 noyabrda tarqatgan xabarga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi teraktni sodir etgan Sayfullo Soipov “radikal guruhlar ta’siriga AQShda tushib qolgan”.

31 oktabrda Nyu-Yorkning Manhetten mintaqasida 29 yashar Sayfullo Soipov yuk avtomobilini piyodalar va velosipedchilar ustiga qasddan haydab, sakkiz odamni o‘ldirgan va 11 odamni jarohatlagandi.

Jahon Axborot agentligi mamlakatdagi “mas’ul idoralar”ga tayanib, Sayfullo Soipovning haqiqatan ham O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqlagan.

Agentlik, shuningdek, Sayfullo Soipov hayotiga oid hozirga qadar jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan qirralarni oshkor etgan.

Xabardan ma’lum bo‘lishicha, Soipov Sayfullo Habibullaevich 2005 yilda kasb-hunar kollejini tamomlagach, 2005-2009 yillar oralig‘ida Toshkent Moliya institutida ta’lim olgan.

Oliy dargohni bitirgach, Toshkentdagi “Sayohat” mehmonxonasiga hisobchi bo‘lib ishga kirgan.

Jahon Axborot agentlig xabarida ta’kidlanishicha, Sayfullo Soipov 2010 yilda “Grin kart” viza lotereyasini yutib Qo‘shma Shtatlarga ketgunga qadar, O‘zbekistonda “jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquq-tartibot idoralari diqqat e’tiboriga tushmagan.”

Xabarga ko‘ra, Sayfullo Soipov AQShda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan qizga uylangan va “O‘zbekistonga bir marta ham kelmagan va hozir ham Toshkentda istiqomat qilayotgan ota-onasi bilan uchrashmagan.”

Jahon Axborot agentligi xabarida Soipovning Qo‘shma Shtatlarda ekan O‘zbekiston konsulligida ro‘yxatdan o‘tmagani alohida ta’kidlanadi.

Nьyu-Yorkdagi teraktdan keyin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Amerika rahbari Donald Trampga hamdardlik bildirdi.

Prezident hamdardligi bitilgan matnni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy sayti e’lon qildi.

"Biz Amerika Qo‘shma shtatlari xalqi bilan hamdardmiz. Qurbonlarning yaqinlariga ta’ziya so‘zlarimizni etkazishingizni so‘raymiz, barcha jabrlanuvchilar tez orada sog‘ayib ketishini tilaymiz", deyilgan O‘zbekiston prezidentining AQSh rahbariga yo‘llagan hamdardlik xatida.

O‘zbekiston rahbari terrorizm va ekstremizmning har qanday shaklini qoralagan va O‘zbekiston ushbu terakt bo‘yicha tekshiruvlarda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari Sayfullo Soipovning Toshkentda yashaydigan yaqinlarini so‘roq qilmoqda.

XS
SM
MD
LG