Линклар

Bandlikka ko‘maklashish markazlari xo‘jako‘rsinga ishlayotgani tanqid qilindi. Samarqandning Kattaqo‘rg‘onida ayrim rahbarlar aholi murojaatini e’tiborsiz qoldirmoqda. O‘zbekistondagi qishloqlarda choyxonayu somsaxonalar bor, lekin kutubxonalar yo‘q.

_____________________________________________________________

Bandlikka ko‘maklashish markazlari xo‘jako‘rsinga faoliyat yuritmoqda

O‘zbekistondagi bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyatidan aholi qoniqmayapti (“Darakchi”, 2 noyabr). Gazeta o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov chog‘ida ko‘pchilik bunday markazlar xo‘jako‘rsinga faoliyat yuritayotganini tanqid qilgan. Bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyati “statistikadan boshqasiga yaramaydi”, deya baholangan. Qolaversa, mazkur markazlar taklif etayotgan ish o‘rinlari maoshi juda kamligi ish izlayotganlarga ma’qul kelmayotir. Masalan, o‘rta maxsus ma’lumotlilarga taklif etilayotgan ish o‘rinlari uchun oylik maosh miqdori 600 ming so‘mga ham bormaydi. Shu bois ishsizlar bandlikka ko‘maklashish markazlari taklif etayotgan o‘rinlarni rad etib, boshqa davlatlardan ish izlamoqda.

Samarqandda rahbarlar xalq murojaatiga e’tiborsizlik va sansalorlikka yo‘l qo‘ymoqda

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ayrim mutasaddi tashkilot rahbarlari xalq murojaatiga e’tiborsizlik va sansalorlikka yo‘l qo‘ymoqda (“Jamiyat”, 27 oktabr). Masalan, Siplon qishlog‘ida yashovchi Dilshoda Sodiqovaning 2017 yil 22 martda ro‘yxatga olingan yoki Chig‘atoy mahallasida yashovchi Abdumalik Murodullaevning 17 aprelda ro‘yxatga olingan murojaatiga yarim yildan oshsa-da, javob berilmagan. “Murojaatlarga yuzaki qarash, uning tub mohiyati bilan qiziqmaslik, muammolarning yechimini izlash o‘rniga uni yashirish kabi holatlarga qanday baho berishni bilmaysan kishi... Bugun ayrim mutasaddi rahbarlar fuqarolarning muammolari yuzasidan shaxsiy javobgarlikni unutib qo‘yayotgani ham sir emas. Bunday rahbarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmas ekan, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili g‘oyalarini amalda ro‘yobga chiqarish qiyin bo‘lib qolaveradi”, deydi O‘zbekiston prezidentining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Asliddin Murodov.

Prezident farmoyishi bajarilmayapti: qishloqlarda somsaxona bor-u, lekin kutubxona yo‘q

O‘zbekiston prezidenti kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha farmoyish e’lon qilganiga 10 oydan oshgan bo‘lsa-da, qishloq va mahallalarda hamon kutubxonalar ochilgani yo‘q (“XXI asr”, 2 noyabr). Prezident kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror ham imzolagan. “Ijroga bevosita mas’ul tashkilot va muassasalar, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarash organlari, siyosiy partiyalar, ko‘p sonli deputatlar, keng jamoatchilik bu ishga yetarli darajada kirishmayotgani kishida tashvish tug‘diradi”, deb yozadi Liberal-demokratik partiya gazetasi. Qayd etilishicha, qishloqlarda oshxonayu choyxona, somsaxonayu sartaroshxona bor, ammo kutubxona anqoning urug‘i bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG