Линклар

Tez orada yana neft otilishi mumkin. Mingbuloqliklar suyunishni ham, kuyunishni ham bilmayapti


1992 yili Mingbuloqda "ko‘zi ochilgan" neft vulqoni ko‘p o‘tmay yona boshlagan va uni o‘chirishga uch oydan ko‘proq vaqt ketgan edi.

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 25 yildan beri ko‘mib qo‘yilgan neft konida iyul oyida qayta boshlangan burg‘ulash ishlari 3500 metrdan pastroqqa yetgani xabar qilindi. Qazish neft qatlamiga yaqinlashgan sayin¸ konga yaqin hududlar aholisi uning vulqondek portlab¸ yana katta yong‘inga sabab bo‘lishidan xavotir olmoqda; ayni paytda¸ xitoylik mutaxassislar¸ uyma-uy yurib¸ bunday xavfning yo‘qligini bildirgan.

"Ahli jamoa duoda"

Namanganda katta miqdorda neft koni topilgan, 6000 metr pastlikda ekan, hozircha 3500 metr kovlanib bo‘lindi. Bugun masjidlarda duolar qilindi, tez orada yangilik kutib qolamiz”¸ deb xabar tarqatdi juma kuni Telegram tarmog‘idagi namanganliklar guruhi.

6 noyabr kuni Ozodlik suhbatlashgan mingbuloqliklar¸ bir necha oydan beri xitoyliklar yetakchiligidagi mutaxassislar Mingbuloq konini burg‘ulashayotgani va shu kunlarda xalq og‘zida “paxta tezroq tugasinu¸ kondan neftni eson-omon olish boshlansin” degan gaplar yurganini aytishdi.

Yangi kon bizning mahallamizdan 600-700 metr narida. U yoqqa bizni o‘tkazishmaydi¸ melisalar turibdi. Xitoyliklar¸ Buxoro¸ Qarshidan kelgan o‘zimizning mutaxassislar ishlayapti. Neft chiqsa¸ ishqilib yana yong‘in boshlanmasmikin¸ degan xavotir bor. Lekin xitoyliklar tarjimoni bilan uyma-uy yurib: “Qo‘rqmanglar¸ hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu safar yong‘in chiqmaydi”¸ deb aytishdi. Kechagi juma va’zida ham imomimiz duo qildi¸ eson-omon neftlarni qazib olishsin¸ deb. Biz ham shu duodamiz”¸ deydi burg‘ulash ishlari borayotgan hududga tutash Chordana mahallasida yashovchilardan biri.

“O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy saytida yozilishicha¸ Mingbuloq konidan neft o‘zlashtirishga qaratilgan dastur doirasida 255,3 mln.AQSh dollari miqdorida chet el investitsiyasini jalb etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda neft zahirasini ko‘paytirish, shuningdek, Mingbuloq konida 4 ta yangi quduqni burg‘ulash va avval burg‘ulangan 4 ta quduqni kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, neft qazib chiqarish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning 5 iyul kuni rasman start berilgan bu loyiha “Andijonneft” AJ va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan “Mingbuloqneft” qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mingbuloqdagi burg‘ulash ishlarini Xitoyning XIBU Drilling Engineering Company Limited shirkati amalga oshirmoqda. 6000 metr chuqurlikda joylashgani taxmin etilayotgan yangi kon o‘zlashtirila boshlansa¸ undan yiliga 200 ming tonna neft qazib olish kutilmoqda.

Rasmiy xabarda loyiha doirasida 136 ta yangi ish o‘rni yaratilgani aytiladi¸ ammo Ozodlik suhbatlashgan mingbuloqliklar mahalliy aholidan bu yerga ishga kirganlar borligidan hozircha bexabarliklarini bildirdilar.

O‘zbekistonni hayratga solgan neft vulqoni va yong‘in

Namanganning Mingbuloq tumanida ulkan neft koni chiqqani xabari 1992 yil erta bahorida paydo bo‘lgan va bu yangilik endigina mustaqil bo‘lib¸ iqtisodiy muammolar girdobiga tortila boshlagan O‘zbekiston uchun “yaratgandan kelgan ehson” sifatida talqin etilgan edi.

Bu konning ochilishi munosabati bilan qilingan rasmiy bayonotlarda¸ Mingbuloq nefti O‘zbekistonning neft mustaqilligini ta’minlashi aytilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” korxonasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainov¸ 1992 yili Mingbuloqdan neft chiqishini noyob hodisa deb baholaydi.

Mutaxassisga ko‘ra¸ SSSR paytida geologik tadqiqotlar uchun qazish boshlangan quduqdan¸ 1992 yil mart oyida kutilmaganda qariyb 8000 metr chuqurlikdan neft vulqondek otilib chiqa boshlagan:

- O‘shanda ekologik fojia oldini olish uchun maxsus hukumat komissiyasi tuzilib¸ men unga muovin etib tayinlangan edim. Bitta quduqdan bir kunda 25 ming tonnagacha neft otilib chiqqan edi o‘sha kunlari. Bu nihoyatda katta oqim¸ o‘ziga xos rekorddir. Bu neftning Norin daryosiga oqmasligi oldini olganmiz – minglab odam jalb etilib¸ chelaklarda neftni yig‘ishtirib¸ mashinalarda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga tashiganmiz. Lekin yong‘inning oldini olishga muvaffaq bo‘linmadi¸ deb eslaydi 1992 yilgi favqulodda hodisani Husainov.

Ozodlik gaplashgan mingbuloqliklar¸ o‘sha kunlari neft vulqonidan otilgan qoramoyning o‘z tomlarigacha bosganini eslab¸ ko‘p o‘tmay boshlangan dahshatli yong‘inning qariyb uch oy davom etganini aytadi.

Anvar Husainov¸ bu yong‘inni o‘chirishning nihoyatda qiyin bo‘lganini ta’kidlaydi:

- O‘shanda Italiyadan¸ Yaponiya¸ Saudiya va Rossiyadan mutaxassislar kelishdi¸ yong‘inni qanday o‘chirishni maslahat qilishdi. Boshqa chora topilmaganidan keyin¸ gidrovzriv (gidroportlash) qilishdi. Yer qatlamini portlatib¸ vulqonning ustiga tushirib¸ yong‘inni ham¸ neft chiqishini ham to‘xtatishdi¸ deydi 90-yillar boshidagi favqulodda hodisa tepasida turganlardan biri Anvar Husainov.

“Neft yana vulqon bo‘lib otilishi mumkin”

“O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari Anvar Husainov¸ ayni kunlarda burg‘ulanayotgan Mingbuloq konini haqiqiy neft koni deyishga hozircha asos yo‘qligini aytadi va xitoylik mutaxassislar olib borayotgan hozirgi burg‘ulashning ham asosan geologorazvedka maqsadida ekanini taxmin qiladi:

- Yiliga 200 ming tonna neft chiqishi kutilmoqda¸ degani bu burg‘ulash ilmiy maqsadda qilinayapti¸ deyishga asos beradi. Kon uchun bu juda kam miqdor. Xitoyliklar Farg‘ona tog‘ tizimlari tagida¸ 6000-7000 metr chuqurlikda katta neft bo‘lishi mumkin¸ degan ilmiy farazni tekshirib ko‘rishmoqda¸ nazarimda. Burg‘ulash bitta-ikkita konda borayotgan bo‘lsa¸ bunday holda yerning chuqur qatlamlarida siqilgan neft yana to‘satdan vulqondek otila boshlashi mumkin. Lekin o‘tmishdagidan farqli¸ hozirgi loyiha pudratchilari bunday ehtimolga texnologik tomondan tayyor deb o‘ylayman¸ deydi Anvar Husainov Ozodlik bilan suhbatda.

6 noyabr kuni Ozodlik suhbatlashgan kon yaqinida yashovchi ayrim mingbuloqliklar¸ ochilishi kutilayotgan yangi konning o‘z hududlari¸ qolaversa¸ butun O‘zbekiston uchun xayrli bo‘lishi haqida duo qilayotganlarini aytishdi.

"Yo‘llarimiz bir ahvolda¸ shag‘al to‘kish davlat dasturiga kiritilipti emish. Kasalxona-maktablarimiz bir ahvolda. Zora¸ ënimizdan katta kon chiqib¸ hamma yog‘imiz yaxshi bo‘p ketsa. O‘zbekistonda ham benzin arzonlab¸ svet-gazlar o‘chmaydigan bo‘lib qolsa"¸ deydi chordanaliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG