Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:30

Saudiya valiahd shahzodasi yoshlar ishonchini qozonish uchun korrupsiyaga qarshi kurash boshladi


Qama-qamalar tepasida hozirgi qirolning sevimli o‘g‘li¸ valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon turgani aytiladi.
Qama-qamalar tepasida hozirgi qirolning sevimli o‘g‘li¸ valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon turgani aytiladi.

LONDON (Reyter) – Hafta oxirida Saudiya Arabistonida qirollik oilasidagi yuksak martabali shahzodalarning hibsga olinishi va vazirliklardagi o‘zgarishlar XX asrning 60-yillaridan beri mavjud davlat tuzilmasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Saudiya Arabistonida hokimiyat 1953 yili qirol Abdulaziz vafoti, ayniqsa, uning o‘g‘li qirol Saud taxtdan voz kechgandan so‘ng jamoa bo‘lib boshqarilayotgan edi.

Toj qirol Abdulazizning o‘g‘illarining yoshiga qarab, biridan ikkinchisiga o‘tayotgan, uning har bir o‘g‘li va oilasi davlatning biror sohasini boshqarib kelayotgan edi.

Shahzoda Faysal, so‘ngra uning o‘g‘li necha o‘n yillar davomida Tashqi ishlar vazirligini, shahzoda Sulton Mudofaa vazirligini, shahzoda Naif Ichki ishlar vazirligi va xavfsizlik kuchlarini nazorat qilib keldi. Yaxshi qurollangan militsiya shahzoda Abdulloh izmida edi. Shahzoda Salmonga esa poytaxt Riyod shahri hokimligi tegdi.

Bunday tizimdan maqsad hokimiyat oilaning biror tarmog‘i qo‘lida ortiqcha yig‘ilib qolishi oldini olish, davlat asoschisi bo‘lgan qirolning barcha o‘g‘illariga undan ulush berish edi.

Garchi rasmiy hokimiyat monarxning qo‘lida bo‘lsa-da, amalda u qirol oilasi oqsoqollari bilan bamaslahat ish yuritar va davlatni murosa bilan boshqarar edi.

Saudlarning boshqaruv tizimi prezidentnikidan ko‘ra¸ bosh vazir boshqaruviga yaqinroq edi.

Hokimiyatning bir qo‘lga yig‘ilishi

Qirol Abdullohga voris sifatida ko‘rilgan shahzodalar Sulton va Naif undan oldinroq vafot etgani uchun toj shahzoda Salmonga nasib etdi.

Abdulazizning eng yosh o‘g‘li Muqrin valiahd shahzoda etib tayinlangan bo‘lsa-da¸ u qirol oilasida yetarli hokimiyat va ta’sir kuchiga ega emas edi.

Oradan uch-to‘rt oy o‘tib, Muqrinning o‘rnini shahzoda Naifning o‘g‘illaridan biri Muhammad bin Naif egalladi. U marhum otasidan Ichki ishlar vazirligi va xavfsizlik kuchlari nazoratini meros qilib oldi.

Ko‘p o‘tmay, 2017 yili Muhammad bin Naif valiahd shahzodalik o‘rnini yangi qirolning o‘g‘li Muhammad bin Salmonga bo‘shatib berdi.

Muhammad bin Salmon Mudofaa vaziri bo‘ldi. Vaholanki, ilgari qurolli kuchlar nazorati Sultonning oilasi qo‘lida edi.

So‘nggi “kuch ishlatuvchi vazirlik” Milliy gvardiya edi, uning nazorati qirol Abdullohdan o‘g‘li, shahzoda Mitebga meros bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan hafta oxirida shahzoda Mitebning lavozimidan chetlashtirilishi qirol oilasidagi so‘nggi mustaqil hokimiyat tarmog‘iga barham berdi.

Shu tariqa uchta kuch ishlatuvchi vazirlik nazorati (Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya) katta oilaning bir tarmog‘i, ya’ni qirol Salmon va uning o‘g‘li, shahzoda Muhammad ibn Salmon qo‘lida jam bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi

Saudiya Arabistonidagi ichki hokimiyat jadal o‘zgarmoqda.

Umumiy qoidaga ko‘ra, shu paytgacha barcha bahs-munozaralar qirol oilasida, begonalarni aralashtirmasdan hal etilib kelgan.

Shahzodalar qirolga sodiq bo‘lishi va boshqaruv tizimini o‘zgartirishni talab qilib chiqmasligi kerak edi. Shunga asosan, ularning xavfsizligi va boyligi qo‘riqlangan.

Boylik va hashamni ko‘z-ko‘z qilish durust hisoblanmagan va vaqti-vaqti bilan qoralangan. Shunga qaramay, shahzodalar bemalol pul yig‘ish va biznes qilish imkoniga ega bo‘lib kelgan.

Biroq qirol Salmon va o‘g‘li o‘tmish amaliyotidan butunlay voz kechib, korruptsiyaga qarshi kurash kampaniyasini boshladi hamda pora olish va kamomadga yo‘l qo‘ygan vazirlar va hukumat amaldorlarini qamoqqa oldi.

So‘nggi uch yil ichida taxtga yaqin shahzodalarning hukumatdan chetlashtirilishi, endi esa shahzodalar va vazirlarni hibsga olish ilk marta qirol oilasi a’zolarining xavfsizligi va boyligiga xavf sola boshladi.

Necha o‘n yil davomida Saudiya Arabistonida korrupsiya urchib, hadsiz-hisobsiz boylik davlat byudjetidan xususiy qo‘llarga o‘tib, hatto chet ellarga chiqib ketdi.

Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi va yetakchi vazirlar, hatto shahzodalarni qamoqqa olish saudlar davlati tuzilmasi o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yosh saudiyaliklar ishonchini qozonish yo‘lida

Saudiya Arabistonida tug‘ilish darajasi yuqoriligi va chaqaloqlar o‘limi kamayib borayotgani so‘nggi 40 yil mobaynida aholi sonining keskin ortishiga sabab bo‘ldi. Bugungi kunga kelib, 30 yoshgacha bo‘lganlar soni aholining ko‘pchiligini tashkil qilmoqda.

Qirollikdagi eng yirik muammo har yili mehnat bozoriga kelib qo‘shilayotgan yuz minglab yoshlarga yaxshi maosh to‘lanadigan ish joylari topib berishdir.

Mamlakatda ishsizlik va to‘liqsiz ishlash hollari keng tarqalgan. 1979 yili islom jangarilari Makka shahridagi Buyuk Masjidni qamal qilgandan so‘ng ijtimoiy va diniy nazorat o‘rnatish bo‘yicha qabul qilingan shafqatsiz tizimdan aholi norozi.

Hokimiyatdagi mavqeni mustahkamlab olishga intilayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ijtimoiy sohani erkinlashtirish, yangi ish joylari yaratish va tezroq o‘zgarishlarga erishish to‘g‘risida va’da berdi. Yosh saudiyaliklar uni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Korruptsiyaga qarshi kurash kampaniyasini iqtisodiy turg‘unlik sabab imkoniyatlari cheklanib qolgan yoshlar qo‘llab-quvvatlashi tayin, biroq bu hol mamlakatdagi kompaniyalar, siyosiy va ijtimoiy soha a’yonlariga tahdid qiladi.

Har qanday siyosiy tizimda korrupsiyaga qarshi kurash a’yonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal etishda xalq madadiga tayanishning eng ishonchli yo‘lidir.

Siyosiy xatarlar

Saudiya Arabistonida hokimiyatning qirol oilasi bir tarmog‘i qo‘lida yig‘ilib qolishi mamlakat hukumati faoliyatini jadallashtirishga yordam beradi. Shu bilan birga xavfni kuchaytiradi, mavjud tizimni tubdan isloh qilish ehtimolini ham oshiradi.

So‘nggi voqealar qirol oilasi boshqa tarmoqlarini chetga surib qo‘ydi va ilk marta ular xavfsizligiga tahdid vujudga keldi. Valiahd shahzoda o‘ziga ko‘plab dushman orttirib oldi, lekin muxoliflarning vakolati kamayganiga yarasha tahdidi ham pasayishi mumkin.

Jamoa boshqaruvi o‘rnini shaxs boshqaruvi egalladi. Binobarin, bundan keyin valiahd shahzoda hukumat faoliyati uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Mabodo uning iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlari kutilgan natijani bermasa, taqdiri xavaf ostida qoladi. Shu sababli saudlar davlati tez orada iqtisodiy o‘sishga erishishi va yangi ish joylari yaratishi shart.

Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti jahon bozorida neft narxining yana bir marta pasayishini ko‘tara olmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG