Линклар

Qiziriqda eski uylar tomini yopish xarajati tadbirkorlarga yuklandi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Qiziriq markazidagi ikki qavatli uylar

Surxondaryo viloyat, Qiziriq tuman hokimi markazdagi ikki qavatli uylar tomini shifer bilan yopish harajatini mahalliy tadbirkorlar zimmasiga yukladi. Bu haqda Ozodlikka arz qilgan tadbirkorlarning aytishicha, hokimning bu topshirig‘ini tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i majlisda ularga e’lon qilgan. Ishlab chiqarish yoki savdo aylanmasi ko‘lamiga qarab, ularga 500 ming so‘mdan 5 million so‘mgacha “o‘lpon” solingani aytilmoqda.

Qiziriq tumanidagi bir guruh tadbirkorlar nomidan Ozodlikka kelib tushgan shikoyat xatida bunday deyiladi:

“Assalomu alaykum. Biz Qiziriq tumani tadbirkorlari har kuni tuman DSI boshlig‘i Otabek Umirovning xurmacha qiliqlari va bosimidan charchadik. Shu kungacha paxta terish uchun o‘rnimizga 20-25 ming so‘mdan odam yollab keldik. Paxta tugab, endi qutuldik deganimizda, qonunda yo‘q yangi soliq chiqdi. Tumanimiz markazida ikki qavatli uylarning tomini shiferlash uchun har birimizdan 500 mingdan 5 milliongacha pul o‘tkazishga majburlayapti, agar o‘tkazmasak xar xil yo‘llar bilan tadbirkorlik faoliyatimizga qattiq zarba berish bilan tahdid qilmoqda”, deb yozadi tadbirkorlar.

Qiziriq markazidagi ikki qavatli uylar
Qiziriq markazidagi ikki qavatli uylar

Ozodlik suhbatlashgan qiziriqlik tadbirkorlardan biri unga ham shifer solig‘i solinganini aytdi:

“O‘sha Umirovning dastidan ishlab bo‘lmay qoldi. Hali qarasa paxtaga odam chiqar deydi, hali qarasa uyning shiferini yop deydi. Shu odam keldiyu qonunsiz to‘la-to‘lalar ko‘paydi, biz ish qilolmay qolyapmiz. Otabek Umirov har bir tadbirkorni chaqirtirib olib, “bu hokimning topshirig‘i, markazdagi ikki qavatli tomsiz domlar vidni buzib turibdi, shuni ustiga shifer qilish uchun yo pul berasan yoki qurilish materiali berasan”, deb talab qilyapti. Menga shifer olib ber, dedi. Olib bermasamchi desam, bo‘lmasa keyin qanday ishlashingni o‘ylab ko‘r, dedi. Bu ochiq tahdid, bilamanki, olib bermasam, ertaga inspektorlarini yuborib, bir narsani bahona qilib, kamchilik topadi. Majbur olib berdim”, deydi tadbirkor.

Tadbirkorlik faoliyatini endi boshlagan qiziriqliklardan yana biri, ikki qavatli eski domlarning tomini yopish uchun unga pul solig‘i solinganini aytdi:

“Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham soliq boshlig‘i domlarning tomini yopish uchun pul o‘tkazinglar dedi. Bu bor gap, o‘zim ham o‘sha majlisda qatnashganman. Yaqinda bolalar sportiga 500 ming so‘m o‘tkazdik, endi tomga deyapti. Bunday o‘tkaz-o‘tkazlar jonga tegdi. Lekin men bunga pul bermayman, agar qo‘ymasa faoliyatimni to‘xtataman”, deydi tadbirkor.

Ammo, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir tadbirkor ikki qavatli uylarning tomini shifer qilish uchun ulardan pul talab qilinmaganini aytdi:

“Bizlar bolalar sportiga 500 ming o‘tkazdik, qo‘g‘irchoq teatri qurilishi uchun 500 ming o‘tkazdik. Lekin bizga domlarning tomini yopish uchun pul beringlar deb, hali so‘ralgani yo‘q”, dedi tadbirkor.

Ozodlik Qiziriq tumani soliq inspektsiyasi boshlig‘i Otabek Umirov bilan bog‘lanib, tadbirkorlarning iddaolariga munosabat so‘radi.

Ammo Otabek Umirov tadbirkorlarning shunday iddaolari borligi haqidagi savolimizni eshitishi bilanoq aloqani uzib qo‘ydi.

Qiziriq tuman hokimi Tojimurod Mamaraimov Ozodlik bilan suhbatda ikki qavatli uylarning tomini yopish uchun tadbirkorlar majburlanayotganini inkor qildi:

“Hech kimni majburlayotganimiz yo‘q va hech kimni majburlamaymiz”, degan Tojimurod Mamaraimov selektor yig‘ilishida ekanligini aytib, aloqani uzdi.

O‘zbekistonda tadbirkorlar turli xil tadbirlarga, obodonlashtiish ishlariga, xayriya jamg‘armalariga, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish fondiga bir necha yillardan buyon pul o‘tkazishga majburlanyotganidan shikoyat qilib keladilar.

Joriy yilning avgust oyida Xorazm viloyatining har bir tumanida “Nuroniylar maskani” qurilishiga mahalliy tadbirkorlar mablag‘ o‘tkazishga majburlangani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga safari payti qilgan ma’ruzasida huquq-tartibot idoralari, jumladan prokurorlar yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi turmush farovonligini oshirayotgan tadbirkorlarning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishi, ularga “siz” deb murojaat qilishi lozimligini ta’kidlagan edi.

“Tadbirkorni “siz” demagan prokurorni o‘z ishiga noloyiq deb bilaman. Har haftada viloyat, tuman va shahar prokurorlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ular dardini tinglasin. Ular faoliyatida uchrayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rsin. Negaki, bittagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkor jamiyat uchun kerakli odamdir”, - degan edi Shavkat Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG