Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:16

Chexiya mehnat bozori o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun ochilishi mumkin


O‘zbekistonliklarning asosan qurilish va qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekistonliklarning asosan qurilish va qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif qilinishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqida ishsizlik darajasi eng past bo‘lgan Chexiya hukumati mahalliy aholidan talabgor chiqmayotgan ishlarga o‘zbekistonliklarni jalb qilish taklifini ko‘rib chiqmoqda. Bu taklif qabul qilinsa¸ o‘zbekistonliklar ham maxsus malaka talab etilmaydigan sohalarda ishlash uchun 1-2 yillik mehnat vizasi olishi qulaylashtirilishi mumkin.

Chexiya Tashqi ishlar vazirligi konsullik ishlari bo‘yicha bo‘limi rasmiysi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu taklif tashabbuschisi Sanoat va savdo vazirligi va Savdo palatasi ekani va uning qabul qilinish-qilinmasligi mamlakatda qachon yangi hukumat tashkil etilishiga bog‘liqligini bildirdi.

(Chexiyada 20-21 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘olib bo‘lgan ANO partiyasi koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha boshqa partiyalar bilan muzokara olib bormoqda¸ ammo parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar ANO bilan birga ishlashni rad etayotgani bois¸ yangi hukumatning qachon tuzilib¸ qachon ish boshlashi mavhum qolmoqda.)

Agar siz Pragada hukumat qachon tuzilib¸ qachon ish boshlashini aytsangiz¸ men ham sizga “Rejim O‘zbekiston” dasturining qachon ish boshlashi mumkinligini aytaman"¸ deya hazillashdi Tashqi ishlar vazirligi mulozimi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ ukrainaliklarga joriy etilgan dasturni ("Rejim Ukraina") davom ettiruvchi mazkur tashabbus O‘zbekiston¸ Mongoliya va vyetnamliklarga mahalliy mehnat bozorida ochiq qolayotgan ishlarda ishlash uchun ruxsat berishni ko‘zda tutadi.

Bu asosan¸ maxsus malaka talab qilmaydigan ishlar bo‘ladi. Malakali ishlarga ketish uchun alohida “Ko‘k karta” dasturi bor"¸ deydi Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

“Rejim O‘zbekiston” qanday ishlaydi?

Yillardan beri Chexiya mehnat bozoridagi vaziyatni bevosita kuzatib kelaëtgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Xolnazar Omonov¸ Chexiyada joriy etilgan “Rejim Ukraina" dasturi qanday ishlashini tushuntirarkan, bunday dedi:

- Bo‘sh ish joylari bor korxonalar Ichki ishlar vazirligidan tegishli ruxsatnoma oladi va taklifini ukrainaliklarga yuboradi. Keyin ular shu asosda 1-2 yillik viza olib¸ bu yerga kelib ruxsat berilgan korxonalarda ishlaydi. Ishga ruxsatnoma bo‘lsa¸ turar joyi tayin bo‘lsa¸ maoshi bo‘lsa viza olish tartibi o‘zgarmaydi¸ lekin unda biroz qulaylik bo‘ladi. Bu jarayon Ichki ishlar va Mehnat vazirligi tomonidan nazorat qilinadi¸ deydi iqtisod fanlari doktori Omonov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:00 0:00
Бевосита линк

Suhbatdosh¸ Chexiyadagi qurilish va qishloq xo‘jaligi¸ shuningdek turli omborxonalarda ish kuchi taqchilligi kuchaygani ortidan¸ o‘zbekistonliklar uchun "Rejim Ukraina" singari "Rejim O‘zbekiston" dasturi ochilsa, ayni shu sohadagi ishlar taklif etilishini taxmin qiladi.

O‘zbekistonlik Chexiyadagi ishni qaerdan topib¸ mehnat shartnomasini qanday tuzadi?

Tanishlar¸ yoki ayrim o‘rtakash shirkatlar orqali hozirgacha ham ishga ruxsatnoma olib¸ Chexiyada ishlab-yashab yurgan o‘zbekistonliklar bor va ular soni¸ taxminlarga ko‘ra¸ yuzlabdir.

Ozodlik gaplashgan chex va o‘zbek rasmiylari bu jarayonning uzoqqa cho‘zilishini ta’kidlab¸ agar "Rejim O‘zbekiston" dasturi qabul qilinsa¸ ish vizasi olishning tezlashishi¸ ishga keluvchilar sonining ham ko‘payishini aytadilar.

Ayni paytda¸ Chexiya hukumati “Rejim O‘zbekiston” dasturini qabul qilsa¸ O‘zbekiston Mehnat vazirligining Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan rasmiysiga ko‘ra¸ hukumatlararo kelishuv tuzish ehtiyoji tug‘iladi.

Polshadagi ish beruvchilar tanlab olgan 50 nafar o‘zbekistonlik haligacha ishga ketolmayapti¸ chunki hukumatlararo kelishuv hali imzolanmagan. Chexiya bilan bu masalada muzokaralar boshlang‘ich bosqichda¸ agar chex hukumati o‘zbekistonliklarni maxsus dastur asosida ishga yollashga rozi bo‘lsa¸ bu muzokaralar davom etadi va Chexiya bilan ham hukumatlararo kelishuv imzolanadi”¸ dedi Mehnat vazirligi rasmiysi.

Bunday kelishuv¸ suhbatdoshga ko‘ra¸ Chexiyadagi ish beruvchilar taklif qilgan ish o‘rinlariga konkurs e’lon qilish¸ tanlov o‘tkazish va ishga ketuvchilarning xorijda huquqlari kafolatlangan holda ishlashini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi.

"Hozirgacha Janubiy Koreya¸ Rossiya va boshqa bir qator davlatlarga shu tartibda ishga jo‘natayapmiz. Bu¸ o‘rtakash shirkatlar aholini aldayotgani kabi¸ falon ming dollar to‘lanadigan jarayon emas¸ deyarli bepul. Migratsiya agentligi xodimlari ishga ketish jarayonini tez va qonuniy bo‘lishini ta’minlaydi. Buning uchun hech qanday pul olmaydi. Migratsiya xizmati orqali ishga ketganlar¸ pensiya fondiga to‘lov o‘tkazadigan bo‘lsa¸ ularning chetda ishlagan yillari ham stajga kiritiladi¸ pensiya yoshiga yetganda¸ pensiya oladi¸ qolaversa¸ pasport va viza bilan bog‘liq hamma rasmiyyatchilikni ular ishga boradigan davlatdagi O‘zbekiston konsulliklari qilib beradi"¸ deydi Mehnat vazirligining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan mulozimi.

Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelganidan so‘ng rasmiy Toshkent ilk bor mamlakatdagi ishsizlik muammosi millionlab o‘zbekistonliklarni xorijdan ish izlashga majburlayotganini tan oldi va bu jarayonni Tashqi Migratsiya masalalari agentligi bo‘yicha tartibga solish harakatini boshladi.

Shuning ortidan¸ Rossiyaning qator regionlari bilan o‘zbekistonliklarni ishga yollash bo‘yicha maxsus kelishuvlar imzolandi¸ ayni jarayon Turkiya¸ Qatar kabi davlatlar bilan ham boshlandi.

XS
SM
MD
LG