Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:05

“Sado” guruhi asoschisi¸ bastakor va aktyor Vladimir Baramikov olamdan o‘tdi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Владимир Барамиков

O‘zbekistondagi ilk pop musiqiy gurux "KIBERGI" asoschisi¸ “Sado” ansambli badiiy rahbari bastakor¸ kinoaktyor Vladimir Baramikov 13 noyabr kuni davomli xastalik ortidan Toshkentda olamdan o‘tdi. Baramikov yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ san’atkor 15 noyabr kuni Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn qilinadi.

“O‘zbek musiqa va kino san’ati talantli o‘g‘lidan judo bo‘ldi”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda taniqli o‘zbek kinorejisseri Elyor Eshmuhammedov:

- Yaqindagina gaplashuvdim. Suratga olayotgan yangi filmim uchun musiqa yozib bermoqchi edi. Afsus¸ janozada qatnasha olmayman¸ chunki Toshkentda emasman. Ikka haftadan keyin borib mozorining ustida Qur’on tilovat qilaman deb niyat qildim. O‘lim xabarini eshitib qayg‘urdim. Talantli musiqachi edi¸ ko‘p filmlarimga musiqa bastalagan. 1969 yili “Sevishganlar” filmimga aktyor sifatida taklif qilgandim. O‘sha paytda u "KIBERGI" ansamblini ilk tashkil qilgan payti edi. Volodyani o‘shanda kashf qilgandim¸ deydi o‘zbek kinosi oqsoqollaridan biri Elyor Eshmuhammedov.

“Sevishganlar” filmida Baramikov bilan birga rol o‘ynagan taniqli aktyor Shuhrat Ergashev ham marhumning musiqiy salohiyati haqida gapirdi:

- U O‘zbekistondagi ilk vokal-instrumental ansamblni tashkil qilgani uchun ham e’tirofga loyiq. ToshDU (hozirgi Milliy universitet) tarix fakulteti qoshida ochilgan edi bu ansambl. Bu tajriba poydevorida Baramikov 1978 yilda afsonaviy “Sado” guruhini tuzdi. Bu mashhur trio tarkibida Kumush Razzoqova, Aziza Muhamedova va Mila Romanidi kabi yorqin ijrochilar bor edi. 1981yili Yaltada o‘tgan xalqaro qo‘shiq festivalida “Sado” birinchi o‘rinni olgan edi¸ deya eslaydi Shuhrat Ergashev.

Unga ko‘ra¸ keyingi o‘n-o‘n besh yil mobaynida Vladimir Baramikov kasal bo‘lishiga qaramasdan ijoddan to‘xtamagan:

- Keyingi paytda kinolarga musiqa bastalar edi. Yaqinda Hindistonga borib davolanib ham keluvdi. O‘lim bu qo‘shiqchining rejasida yo‘q edi¸ deydi o‘z do‘stining o‘limi haqida qayg‘u bilan gapirgan Shuhrat Ergashev.

Ergashevga ko‘ra¸ Toshkentda tug‘ilib Toshkent tuprog‘iga ko‘milgan Baramikov O‘zbekistonni jonidan sevgan:

- Unga biror unvon ham berishgani yo‘q¸ holbuki u tashkil qilgan uchta musiqiy guruh (“Kibergi”¸ “Sado” va “Navo”) o‘zbek pop musiqasi rivojida muhim rol o‘ynadi¸ deydi suhbatdosh.

Baramikov taniqli shoirlar Ilya Reznik¸ Lev Oshanin, Yuriy Entin Yevgeniy Shiryaev, Nikolay Volkov, Usmon Azim¸ Erkin Madrahimov kabi shoirlarning she’rlariga qo‘shiqlar bastalagan.

Shuningdek u Raymond Pauls, David Tuxmanov,Yevgeniy Shiryaev, Enmark Salixov, Dilorom Saydaminova va Dilorom Omanullaeva kabi bastakorlarning asarlarini oranjirovka qilgan muzikachi sifatida qadrlangan.

Baramikov o‘ndan ortiq sovet filmlarida suratga tushgan.

XS
SM
MD
LG