Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:05

Mahalliy iqtisodchi: Tojikiston bankrotlik chizig‘iga yaqinlashib qoldi

  • Озодлик

Shu kunda Tojikiston milliy puli qadrsizlanib, "qora bozorda" 1 AQSh dollari 9 somoniyga tenglashdi.

Oxirgi uch oy ichida Tojikistonning tashqi qarzi yarim milliard dollarga ortib, jami 2,8 milliard dollarga yetgan. Bu miqdordagi qarz Tojikiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 40 foizini tashkil etadi. Mahalliy mutaxassislar agar qarz miqdori 40 foizdan oshsa, Tojikiston bankrot, deb e’lon qilinishi mumkinligini aytmoqda.

Tojikiston Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, joriy yilning iyulidan oktabriga qadar mamlakatning tashqi qarzi yarim milliard dollarga oshib, 1 oktabrda tashqi qarz 2 milliard 803 million dollarni tashkil etgan.

1 iyulda qarz miqdori 2 milliard 300 million dollar yoki yalpi ichki mahsulotning 36 foiziga teng edi.

Mustaqil iqtisodiy tahlilchi Zafar Abdulloevning fikricha, hozir Tojikistonning tashqi qarzi "qizil chiziq"qa yaqinlashgan, ya’ni bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

"Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining tavsiyasi asosida Tojikistonning tashqi qarzi YaIMning 40 foizidan o‘tmasligi lozim. Aks holda, bu vaziyat defolt yoki davlatning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Garchi AQSh kabi buyuk mamlakatlarning tashqi qarzlari YaIMning 100 foizidan oshgan bo‘lsa-da, ushbu davlatlar iqtisodiy jihatdan rivojlagan bo‘lib, qarzni to‘lashga qodirdirlar. Ammo yo‘qsil va iqtisodiyoti zaif Tojikiston bunday imkoniyatga ega emas" - dedi Zafar Abdulloev.

Uning aytishicha, tashqi qarzlarning tobora ko‘payib borayotgani bois, Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliviy tashkilotlar Tojikistonga qarz berishdan bosh tortgan.

Moody's: Tojikiston tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 55 foiziga yetdi

Xalqaro Moody’s reyting agentligining o‘tgan oyda e’lon qilingan bahosiga ko‘ra, 2017-2018 yillarda Tojikiston tashqi qarzi qariyb ikki barobar oshib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 55 foizigacha yetadi.

Moody’s tomonidan shu yil 22 oktabrida e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, Tojikiston tashqi qarzlarni asosan xorij valyutasida olgan, milliy valyuta bo‘lmish somoniyning kurs bo‘yicha farqi tufayli qarzlarni foizlar bilan qaytarish ancha murakkab bo‘ladi.

Biroq Tojikiston Moliya vazirligiga ko‘ra, Moody's prognozlari to‘g‘ri emas. Vazirlikka ko‘ra, Tojikiston tashqi qarzi hisobotdagidan ancha kam bo‘lib, YaIMning 32 foizini tashkil etadi. “Yil boshida Tojikiston tashqi qarzi 2 milliard 274 million dollarni tashkil qilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Moliya vazirligi hisob-kitobicha, tashqi qarz tojikistonliklarga o‘zaro teng miqdorda taqsimlaganda, har bir vatandosh o‘rtacha 260 AQSh dollaridan qarz bo‘ladi. Agar Moody's prognozlari to‘g‘ri bo‘lsa, u holda har bir tojikistonlik qarzi 500 dollarga yetadi.

Xitoy qarzlari

Chet davlatlar orasida faqat Xitoy Tojikistonga katta miqdorda qarz bermoqda.

Tojikiston tashqi qarzining deyarli yarmi Xitoyning Eksport-import bankiga to‘g‘ri keladi.

Ayni damda, ikki kun oldin parlamentda tasdiqdan o‘tgan Tojikiston tashqi qarzlar programmasi asosida kelgusi 3 yilda xorijdan yana 850 million dollar qarz olish ko‘zda tutilgan.

Tojikiston moliya vaziri Abdusalom Qurboniyonga ko'ra, ushbu pul mamlakatning energetika mustaqilligiga erishish, kommunikatsiya sohasida boshi berk ko‘chadan chiqish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dasturlarga sarflanadi.

Tojikiston Moliya vazirligi ma’lumotiga ko'ra, joriy yilda tashqi qarzlar va ularning foizlarini to‘lash maqsadida byujetdan 1 milliard 232 million somoni yoki 140 million dollar ajratilgan.

Dollar taqchilligi

Ayni damda, joriy oyda Tojikiston banklarida dollar taqchilligi kuzatilmoqda. Bir shaxsga bir kunda faqat 200 dollargacha sotilmoqda. Bu vaziyat tadbirkorlarni ham tashvishga solgan.

Shu kunda Tojikiston milliy puli qadrsizlanib, "qora bozorda" 1 AQSh dollari 9 somoniyga tenglashdi. Bor-yo‘g‘i 2 hafta oldin 1 dollar 8,8 somoniyga teng edi.

XS
SM
MD
LG