Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:04

O‘quvchi o‘limi yuzasidan adolatli tergov o‘tkazish talab qilingan aksiya uyushtiruvchilari hibsga olindi


Toshkentdagi aksiya tashkilotchilaridan biri - Mariya Legler

Toshkentda militsiya Borovskiy nomidagi Tibbiyot kollejiningtalabasi, 17 yashar Jasurbek Ibrohimovning kaltaklab o‘ldirilishi yuzasidan adolatli tergov o‘tkazib, jinoyatchini jazolash talabi bilan 4 iyun kuni poytaxtda o‘tkazilgan aktsiyaning ikki tashkilotchisi – Irina Zaydman va Mariya Leglerni birin-ketin hibsga oldi. Bu haqda Ozodlikka ularning yaqinlari ma’lum qildi. 3 mayda kaltaklangan Jasurbek Ibrohimov 1 iyunda vafot etgan edi.

15 sutka qamoq

Yaqinlariga ko‘ra, Irina Zaydman 15 noyabr ertalab militsiya bo‘linmasiga chaqirilib, hibsga olingan. O‘sha kunning o‘zida uning kvartirasida tintuv o‘tkazilgan.

16 noyabrda esa ​Irina Zaydman Jinoyat kodeksining 244- moddasi, 1- qismida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) ko‘zda tutilgan jinoyatda aybdor, deb topilgan va 15 sutkaga hibsga olingan.

15 noyabrda Mariya Legler ham hibsga olingan.

Ozodlikka, ismi sir qolish sharti bilan, gapirgan Irina Zaydmanning yaqinlaridan biri ikki ayolning hozirda Toshkentning Panelniy dahasidagi maxsus hibsxonada saqlanayotganini bildirdi.

"Ular hozir Panelniy dahasidagi maxsus hibsxonasida saqlanmoqda. Hisbga olingan kunning o‘zida ularni 15 sutkaga qamash bo‘yicha sud hukmi chiqarilgan," - dedi u.

Suhbatdoshning ilova qilishicha, Irina Zaydman va Mariya Legler yaqinlari militsiya xodimlari tomonidan qo‘rqitib qo‘yilgan.

"Militsiyadagilar qo‘rqitishayapti bizni. "Hech kimga hech qanday ma’lumot berish yo‘q, jim o‘tiringlar, yo‘qsa o‘zlaringga yomon bo‘ladi," deyishdi," dedi Irina Zaydmanning yaqinlaridan biri.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Ozodlik muxbiriga -"Ozodlik radiosi mamlakat ichkarisida faoliyat yuritish huquqini beruvchi akkreditatsiga ega bo‘lmagani tufayli hech qanday ma’lumot berilmaydi," deya bildirdi.

"Do‘stlik" bog‘idagi aksiya

4 iyun kuni Toshkentning "Do‘stlik" (sobiq Bobur nomidagi) bog‘ida bir necha yuz kishi yig‘ilib, Jasurbek Ibrohimovning o‘limi tergov qilinishini talab qilib, imzo to‘plagan edi.

O‘shanda Ozodlikka gapirgan aksiya tashkilotchisi Irina Zaydmanga ko‘ra, kuch ishlatar tuzilmalarining 30 nafarga yaqin xodimi aksiyani kuzatgan va aksiya tugagach, yig‘ilganlarni Toshkent shahar IIBBga olib ketgan.

Bu jinoyat adolatli tergov qilinishi so‘ralgan aksiyaning 4 iyun kuni bo‘lib o‘tishi haqidagi xabar bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan va bir sutka ichida 13 mingdan ortiq foydalanuvchi bu xabarni ulashgandi.

Aksiya ishtirokchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Irina Zaydman va Mariya Leglerning hibsga olinishi vaqt masalasi bo‘lganini aytdi.

"Boshidanoq shunday bo‘lishi ma’lum edi. Lekin o‘shanda kuch ishlatar tuzilmalarida aksiyani tinchlik bilan tarqatib yuborishdan boshqa iloji bo‘lmagandi. Sababi odamlar ko‘chaga chiqib bo‘lgandi. Ular esa, uni bartaraf etishga tayyor emas edi. O‘sha kuni aksiyaga to‘planganlarni fuqaroviy libosdagi ko‘plab SNB va militsiya xodimlari kuzatib turishdi. Ular norozilik kuchayib ketmasligi uchun odamlarning imzo to‘plashiga to‘sqinlik qilishmadi," dedi aktsiya ishtirokchilaridan biri.

Kim aybdor?

Jasurbek Ibrohimov
Jasurbek Ibrohimov

Jasurbek Ibrohimov 3 may kuni Tashkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji yonida kaltaklangan, hodisadan so‘ng shifoxonada 5 marta jarrohlik amaliyotdan o‘tgan, ammo 1 iyun kuni vafot etgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi 30 oktabrda 18 yashar Islombek To‘laganovni kursdoshi Jasurbek Ibrohimovni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda aybdor, deb topib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Hukmdan bir necha kun o‘tib Islombek To‘laganovning advokatlari sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritishdi.

Ularning iddao qilishicha, fojia sababchisi janjalni boshlagan Jasurbek Ibrohimovning o‘zi bo‘lgan, shifokorlar esa, uning hayotini saqlab qolish uchun etarli harakat qilmagan.

Apellyatsiya sudi 1 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG