Toshkentning Eski shahar qismidagi Hazrati Imom masjidi atrofidagi xonadon egalari uylari buzilishi va ko‘pqavatli uylarga ko‘chirilishi haqida ogohlantirish xatlari oldi. Buzilgan uylar o‘rnida Islom taraqqiyot markazi qurilishi bildirilgan. Xatda uylarning qachon buzilishi va xonadon egalari uylarini qachongacha bo‘shatib qo‘yishlari haqida aniq muddat keltirilmagan.
Lekin, Ozodlik bog‘langan Toshkent shahar hokimligi mulozimi Eski shaharning Zarqaynar ko‘chasidagi ayrim uylar allaqachon buzila boshlagani va ogohlantirish xati olgan xonadon egalari hozirdan ko‘chish taraddudini boshlashlari kerakligini aytdi.
Toshkentning Eski shahar qismidagi Zarqaynar ko‘chasida yashovchi Muyassar opa uyi buzilishi haqida Olmazor tumani hokimiyatidan noyabr oyi boshida ogohlantirish xati olganini Ozodlikka aytdi.
- Xat ham oldik, xokimiyatdan ham kelishdi. “Bo‘shatinglar”, deyishyapti. “Yo domga ko‘chasizlar, domda yashashni xohlamasangizlar tovon puli bermiz, shu pulga uy qurasizlar yo sotib olasizlar”, deyapti. Dom Sergelida ekan. Biz unamadik. "Yo markazdan dom berasizlar yoki buzilgan xovlimizning o‘rniga xovli berasizlar", deyapmiz. Boshqa qo‘shnilar ham ko‘nmayapti, juda norozi bo‘lib turishibdi, - deydi Muyassar opa.
Toshkent shahar hokimligining Arxitektura va qurilish boshqarmasi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Eski shaharning Hazrati Imom masjidi atrofidagi uylar Islom taraqqiyot markazi qurilishi uchun yer ochish maqsadida buzilishi va ogohlantirish xati olganlar hozirdan ko‘chish harakatini boshlashi kerakligini aytdi.
- Hozircha masjid atrofidagi uylar buzilyapti. Zarqaynar qo‘chasining 13 va 14-tupiklaridagi uylar allaqachon buzilyapti. Ularga Sergelida qurilayotgan yangi domlardan uylar berildi. Domda yashashni xohlamaganlarga uyini kvadrat metriga qarab tovon pullari taklif etilmoqda. Birinchi bosqichda Hazrati Imom masjidi atrofidagi uylar buziladi. Ogohlantirish xatlari olgan uy egalari hozirdan harakatini boshlashi kerak, buldozer solingan payt qistovga tushib qolmasliklari uchun ular oldindan ogohlantirilyapti, - dedi Toshkent shahar hokimligining Arxitektura va qurilish boshqarmasi mulozimi.
Eski shaharning boshqa mahallalaridagi uylar taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma’lum qolmoqda.
Shu mahallalardan birida yashovchi Muyassar opaning so‘zlariga ko‘ra, eski shaharliklar orasida hammaning uyi buzilishi, uning o‘rniga esa ko‘p qavatli uylar qurilishi haqida ovozalar yuribdi.
- Eski shaharda bizning atrofimizdagi eski mahallalarning hammasi buzilarmish. Hozir hammaning boshi qotgan, lekin qachon buziladi, o‘rniga nima beriladi, hokimiyatdagilar hech narsa aytishmayapti. Bu yerda bitta xonadonda 10-15 odam yashaydigan oilalar bor. Bizning xonadon olti xonali, farzand va nevaralar, hammasi bo‘lib 8 kishi yashaymiz, kvartira bizga to‘g‘ri kelmaydi, - deydi Muyassar opa.
Toshkent shahar hokimiyatining Ozodlik bog‘langan mulozimi esa, Eski shahardagi boshqa uylar ham buzilishi va ular o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi rejada borligini yashirmadi.
Rasmiyga ko‘ra, Toshkent City loyihasi doirasida Eski shahardagi loysuvoq pastqam uylar o‘rnida oynavand osmono‘par binolar qurilishi mo‘ljallanyapti.
- Toshkent City loyihasi doirasida Eski shahar qismidagi barcha uylar pod snos tushadi, lekin bu hali-beri bo‘lmaydi. Hozir Hazrati imom atrofi buzilyapti, - dedi Toshkent shahar hokimligining ismi sir qolishini istagan mulozimi.
Toshkent shahrining, asosan, Olmazor va Shayhontohur tumanlarini o‘z ichiga olgan Eski shahar aholi nisbatan zich yashaydigan, qadimiy mahallalardan iborat.
Lekin, Eski shaharda qancha odam yashashi haqida aniq statistik ma’lumot yo‘q.
Shahar hokimligi saytida keltirilishicha, Olmazor tumanida 400 mingdan oshiq, Shayhontohur tumanida esa 400 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Olmazor tumanida aholi zichligi har kilometr kvadratga qariyb 9 ming kishi, Shayhontohur tumanida esa 11 ming kishidan to‘g‘ri keladi.