Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:09

Tojikistonda fohishalar xizmatidan foydalanganlarni ham jazolash taklif qilindi


Tojikiston janubida fohishalikda gumon qilinib ushlangan ayollar.

Tojikiston Bosh prokuraturasi fohishalar xizmatidan foydalangan erkaklarga ham jazo tayinlashni taklif qildi. Bu mamlakatda mavjud qonunlarga binoan, hozirda fohishalik uchun faqat ayollar jazolanib, ular xizmatidan foydalangan erkaklar jazosiz qolmoqda.

Tojikiston bosh prokuraturasi mas’ul xodimi Farrux Raufovning Ozodlik radiosiga aytishicha, mamlakat ma’muriy kodeksiga kiritiladigan o‘zgartishlar loyihasi tayyorlangan va u muhokama hamda tasdiqlash uchun mamlakat parlamentiga yuborilgan.

Bosh prokuratura taklif qilayotgan loyihadan fohishalikning oldini olish va jamiyatda axloqiy tarbiyani kuchaytirish maqsadini ko‘zlangani aytildi.

Farrux Raufovga ko‘ra, loyiha jinsiy xizmatdan foydalangan erkaklarga yirik miqdorda jarima solish yoki ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashni taklif qiladi.

2015 yil Tojikistonda fohishalarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilgan edi.

Tojikiston Ma’muriy kodeksiga kirtilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, o‘z tanasini sotgan ayol 1000 somoniy (taqriban 115 AQSh dollari) miqdorida jarima tӯlaydi.

Oldin jarima miqdori ikki baravar kam - 500 somoniyni tashkil etardi.

Ozodlik ba’zi tojikistonliklarning jinsiy xizmatdan foydalangan erkaklarni jazolash masalasiga munosabatini o‘rgandi.

O‘zini Mavluda deb tanishtirgan dushanbelik yosh ayol bunday chorani qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

Agar erkaklar fohishalar oldiga bormasalar, fohishalar soni ham birdaniga kamayadi. Ya’ni, muammoning ikki tomoni ham bor,”- dedi Mavluda.

Dushanbelik Mahmud erkaklarga bunday jazoning tayinlanishini zaruriy chora, deb hisoblaydi.

Bunday jazo ikki tomondan foydali: birinchidan, erkaklar o‘z turmush o‘rtoqlariga xiyonat qilib, vijdon azobini tortishdan va turli xil venerik xastaliklarga mubtalo bo‘lishdan omon qoladi. Ikkinchidan, jarimadan olingan mablag‘ mamlakat byudjetini boyitadi,”- deb aytdi Mahmud.

Ba’zi inson huquqlari faollariga kӯra, qonunchilikda pora bergan ham, pora olgan ham aybdor hisoblanadi.

Shunday ekan, ayni shunday qoida fohishabozlikka qarshi kurashda ham qo‘llanishi lozim, deyishadi ular.

Boshqa tomondan, ba’zilar bunday choralar vositasida mamlakatda fohishabozlikning oldini olish mumkin emasligini aytishadi.

Tojik yozuvchisi Abduqodir Rustamning “Feysbuk” sahifasida yozishicha, “ayollar qashshoqlik va ishsizlik sababli fohishalik qilishga majburdir. Agar bu qonun qabul bo‘lsa, militsiya xodimlarining tovlamachiligi va ta’magirligiga yo‘l ochiladi, fohishalar esa o‘z ishlarini boshqa mamlakatlarda davom ettiraveradilar”.

Tojikiston Ichki ishlar vazirigi ma’lumotiga ko‘ra, hozir mamlakatda 2 mingga yaqin “axloqsiz ayollar” ro‘yxatga olingan.

Tojikistonda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, fohishalarning 70 foizi mijozlarini 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlar tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG