Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi aksariyat umumiy ovqatlanish shoxobchalarining gaz quvurlari keyingi bir oy ichida tarmoqdan uzib tashlandi. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlarning aytishlaricha, gaz idorasi mulozimlari bahorgacha gaz bo‘lmasligi haqida ogohlantirgan. Rasmiylar bunga Vazirlar Mahkamasi qarorini ro‘kach qilmoqda.
Termiz shahridagi aksariyat kichik kafe va oshxonalarning gazi kesib tashlangani haqida Ozodlikka bir guruh tadbirkor murojaat qildi.
“Hurmatli Ozodlik radiosi, bizlar Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi tadbirkorlar sizlardan yordam so‘rab murojaat qilmoqdamiz. Oktabr oyidan boshlab kafe va oshxonalar qancha miqdorda tabiiy gaz ishlatishidan qat'iy nazar majburiy ravishda kesilyapti. Gaz ta’minoti korxonasi va shahar hokimiyatiga murojat qilganimizda ular Vazirlar Mahkamasi qarorini ro‘kach qilib, aprel oyigacha gaz yo‘q deyishdi. Biz tadbirkorlarni ish faoliyatimiz keskin kamayib, soliq, reja, ishchilarni maoshini berolmay qiyin ahvolda qoldik”, deyiladi bir guruh tadbirkorlar yo‘llagan maktubda.
Tadbirkor Shoira Abdurasulovaning Ozodlikka aytishicha, katta restoranlardan tashqari shahardagi barcha kichik oshxonayu choyxonalar tabiiy gazdan uzilgan:
- Bizning oshxonamiz “Alpomish” stadioni yaqinida joylashgan. Bizni ham, shu atrofdagi barcha choyxona, oshxona va kafelarni ham gazdan kesib tashladi. Kuchli-kuchli restoranlarni kesgani yo‘q, ular kelishib ishlab yotibdi. Biz ishsiz qoldik. Biz har oyda 30-40 ming so‘mlik gaz ishlatamiz, uchta ishchimiz bor, ularga oylik qilamiz. Har oyda 4-5 million so‘m naqd pul topshiramiz. Yana plastikda o‘tkazamiz. Endi esa ishchilar ham ishsiz qolayapti, davlat ham shuncha daromaddan quruq qolyapti,- deydi tadbirkor.
Shoira Abdurasulovaning so‘zlariga ko‘ra, ovqat tayyorlashning boshqa usuliga o‘tishning imkoni yo‘q:
- Gaz ballonga o‘taylik desak, u faqat aholiga beriladi. Avtomobillar zapravkasi esa bu ballonlarni to‘ldirib bermaydi. Svetga esa limit yo‘q, deyishadi. Xullas, boshimiz qotib qoldi. Shahar hokimiyati va viloyat gaz idorasiga murojaat qildik, lekin natija bo‘lmadi, deydi tadbirkor.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, har yili ular gaz to‘lovini oldindan to‘lab, tabiiy gaz olishgan.
“Har yili ham bir shunday gap chiqardi. Lekin, uch oylikni oldindan to‘lasalaring, kesmaymiz, deyishardi. Prezidentimiz bir kishiga ish o‘rni yaratgan tadbirkorni bag‘rimga bosaman¸ degan. Menda esa gaz yo‘qligi sabab olti kishi ishsiz qoldi. Shahardagi o‘nlab umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan tushadigan o‘n millionlab so‘m daromaddan byudjet quruq qoldi. Aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pasaydi. Nahotki, aqlli rahbarlar shu oddiy narsalarni o‘ylamasa”, deydi tadbirkor.
Ozodlik tadbirkorlar ishxonalari nega gazdan uzilganiga munosabat olish uchun shahar gaz idorasi boshlig‘i Bahrom Omonto‘raev bilan bog‘landi.
Boshliq oshxona va kafelarning gazdan uzilganini tasdiqladi, lekin sababini aytishdan bosh tortdi va aloqani uzib qo‘ydi.
Surxondaryo viloyati gaz ta’minoti idorasi bosh muhandisi Mirzo Mansurovning Ozodlikka aytishicha, mavsumiy iste’molchilar Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tabiiy gazdan uzilgan:
- Sababi, mavsusiy iste’molchilar qish faslida o‘chiriladi. Bu haqda Transgazning ham, Vazirlar Mahkamasining ham, prezidentning ham topshirig‘i bor. Shu topshiriqqa asosan noyabr oyidan aprel oyigacha gaz o‘chiriladi. Bular tadbirkor ekanligini, soliq to‘lashini, ishchilari borligini ham bilamiz, lekin bu hukumatning belgilab qo‘ygan tartib qoidasi, dedi bosh muhandis Mirzo Mansurov.
O‘zbekistonning qancha gazi bor?
O‘zbekistonda har yili qish mavsumida gaz taqchilligi kuzatiladi.
“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, miliy xolding shirkati “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish “imkonini beradi va O‘zbekiston gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11 o‘rinni egallaydi.
O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi va 2016 yili O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz yetkazib berish haqida shartnoma imzolagan.
O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir. Joriy yil yanvarida Turkmaniston gaz olishni to‘xtatganini e’lon qilgan Rossiyaning “Gazprom” shirkati¸ turkman gazi o‘rnini qoplash uchun O‘zbekistondan olinayotgan gaz hajmini ko‘paytirajagini bildirdi. Ayni paytda 2016 yilda O‘zbekistondan qancha gaz sotib olinishiga oid raqam ochiqlanmadi.
2015 yili “Gazprom” O‘zbekistondan 1 milliard kub metr gaz sotib olgan¸ 2008 yilda bu ko‘rsatkich¸ 4 milliard kubometrni tashkil qilgan.
O‘zbekistonning tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyojiga oid raqamlar jamoatchilikka e’lon qilinmay kelinadi.
2014 yilgi rasmiy xabarlarda¸ O‘zbekistondagi ichki iste’molning yildan-yilga oshib¸ 50 milliard kub metrdan oshgani iddao qilingan edi.