Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:14

Toshkentda 3 opa-singil aptekachining xatosi tufayli halok bo‘lgani aniqlandi


Qizlarga parazitlarga qarshi "Vermoks" dorisi buyurilgan. Ammo, dorixona xodimi vrach yozib bergan retseptni to‘g‘ri o‘qiy olmay, ularga yuragi xastalar ichadigan "Veramapil" dorisini sotgan. Dorini ichgan qizlarda kardiogen shok holati yuzaga kelgan va bu holat o‘limga olib kelgan.

Bu haqda uznews.uz sayti O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy- tadqiqot institutidagi manbasiga tayanib xabar qildi.

Toshkent shahrining Olmazor tumani Beshqo‘rg‘on mavzesida istiqomat qilgan 7 yashar Munisa, 6 yashar Muxlisa va 4 yashar Mohira 8 noyabr kechasi va 9 noyabr kuni ertalab bir necha soatning ichida ketma-ket vafot etgani to‘g‘risida Ozodlik 11 noyabrda xabar qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 4-qismi "a" bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Qizchalar yaqinlarining Ozodlikka o‘shanda aytishicha, qiyma kabob yeganidan so‘ng qorni og‘rigan bolalarga otasi aptekadan dori olib bergan va qizchalar shu doridan zaharlangan. Kabob pishiradigan kabobxona va ularga dori sotib olingan apteka muhrlangani va tekshiruv ishlari olib borilayotgani, shahar prokuraturasi bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochgani to‘g‘risida xabar qilgan edik.

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar qildi uznews.uz.

XS
SM
MD
LG