Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 09:11

IIV rasmiysi xorijga chiqish pasporti bo‘yicha savollarga aniqlik kiritdi. Maktablarga o‘rnatilayotgan turniketlar ayrimlar uchun serdaromad biznesga aylanayotir. O‘zbekistonda ilk bor buyrak ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi.

_____________________________________________________________

O‘zbek mulozimi: Xorijga chiqish uchun hujjat berishda korrupsiyaga barham beriladi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsiev mamlakatda xorijga chiqish uchun yangi biopasport joriy etilishi borasidagi savollarga oydinlik kiritdi (“Jamiyat”, 17 noyabr). Qayd etilishicha, 2019 yil 1 yanvardan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikeri bekor qilinadi va xorijga chiqish uchun biometrik pasport joriy etiladi. O‘zbekiston bilan viza rejimi o‘rnatilgan davlatlarga bormoqchi bo‘lgan vatandoshlar 2019 yil 1 yanvaridan yangi pasport olishi lozim. Ammo O‘zbekiston bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya, Ukraina va Gruziya kabi davlatlarga 2021 yil 1 yanvarigacha 2011 yilgi namunadagi, amaldagi biometrik pasport bilan safar qilish mumkin. B.Shorixsiev xorijga chiqish pasportini olish muddati 10 ish kuniga qisqartirilgani hamda bu jarayonda korrupsiya va byurokratik to‘siqlarga barham berilishinii ta’kidlagan.

Maktablarda o‘rnatilgan turniket ayrimlar uchun serdaromad biznesga aylanmoqda

O‘quvchilarni nazorat qilish maqsadida maktablarga o‘rnatilayotgan turniketlar ayrimlar uchun serdaromad biznesga aylanmoqda (“Oila davrasida”, 23 noyabr). Masalan, Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5-umumta’lim maktabida turniket o‘rnatish uchun ota-onalardan 30 ming so‘mdan yig‘ilgan. Ota-onalar, bundan tashqari, farzandining maktabga kirish va chiqish vaqti xususidagi SMS-xabar uchun har oyda 10 ming so‘mdan to‘lab turishi lozim. Gazeta hisob-kitobiga ko‘ra, turniket o‘rnatish va o‘quvchilarga maxsus karta tarqatish uchun bitta maktab bo‘yicha o‘rtacha 45 million so‘m, SMS-xabar uchun esa har oyda 15 million so‘m yig‘iladi. Bu esa juda katta summadir. Qayd etilishicha, o‘quvchilarning cho‘ntagi birovlar uchun daromad manbai bo‘lib qolmasligi kerak.

O‘zbekiston tarixida ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazildi

Toshkentdagi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida mamlakat tarixida ilk marta transplantologiya bo‘yicha operatsiya o‘tkazildi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida yashovchi Amirjon Otabekovning ikkala buyragi qurib qolgan. Ikki yarim soat davom etgan operatsiya chog‘i unga otasining bitta buyragi ko‘chirib o‘tkazilgan. Respublika markazi Qon-tomir va transplantologiya bo‘limi rahbari, professor Fazlitdin Bahritdinov ayni paytda O‘zbekistonda 12 mingga yaqin buyrak yetishmovchiligiga moyil kasallar borligini ma’lum qilgan. Shifokorga ko‘ra, aksar bemorlar uchun transplantatsiya birdan-bir chora bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG