Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:09

Toshkent militsiyasi Chilonzordagi kafelarni bosib, "16 fohishani ushladi"

  • Озодлик

Toshkentda tozalash antiterror amaliyoti, 25 noyabr, 2017 yil.

Toshkent shahar IIBB Chilonzor tumanidagi kafelarda oqshom o‘tkazgan reydi chog‘ida 45 kishini ushladi. IIBB rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, poytaxt militsiyasi "tozalash-antiterror" amaliyotlarini o‘tkazgan va 45 kishidan "16 nafari fohishalik bilan shug‘ullanishini" aniqlangan. Reydlar chog‘ida 300dan oshiq propiskasiz vatandosh va shuningdek, qidiruvdagi xorijlik ushlandi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda 25 noyabr oqshom poytaxtning Chilonzor tumanidagi "JAGUAR", "SHABNAM" va "DON" kafelarida "Tozalash-antiterror" amaliyoti o‘tkazilgani aytildi.

Ma’lum bo‘lishicha, militsiya oqshomgi soat 23:30 birdaniga kafelarni bosgan va 45 kishini birdan qo‘lga olgan.

"... kafelarda jami 45 nafar fuqarolar shaxsini aniqlash maqsadida tuman Ichki ishlar boshqarmasiga olib borilib tekshirildi. Tekshiruv davomida, mazkur shaxslardan 16 nafari fohishalik bilan shug‘ullanuvchi ayollar ekanligi aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan bayonnomalar rasmiylashtirildi va IIBB Reablitatsiya Markaziga topshirildi..." deyiladi rasmiy xabarda.

"JAGUAR" kafesining oldida mast holda "jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzib, o‘zaro janjallashib turgan" 5 kishi ham ushlangan va ularga nisbatan "ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan".

Bundan tashqari, 25 noyabr kungi "Tozalash-antiterror" amaliyotlari davomida Chilonzor tumanidagi "Beshqo‘rg‘on" mahallasining o‘zida 363 odam viloyatlardan kelib, "vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan hamda xonadon egasi bilan ijara shartnomasi rasmiylashtirmay yashab kelayotgan"i aniqlangan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, bulardan yuz nafardan ortig‘iga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi 1-qismiga asosan "Pasport tizimi qoidalarini buzish" sababi bilan jarima solingan.

17 ta xonadonning egalariga esa ayni kodeksning 223-moddasi 3-qismiga asosan "fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yish" sababi bilan jarima solingan.

Hatto, Mirzo Ulug‘bek tumanida Qirg‘izistonda qotillik ayblovi bilan qidiruvga berilgan 43 yashar qirg‘izistonlik fuqaro ushlangani va ayni paytda, uni Qirg‘izistonga etap qilish masalasi ko‘rilayotgani ham ma’lum qilindi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, bu fuqaro "Rossiya pasportini soxtalashtirgan" hamda bu pasportdan "MDH davlatlarida foydalangani aniqlangan".

Toshkent IIBB rahbari topshirig‘i bilan 20 noyabrdan 25 noyabrgacha davom etgan amaliyot O‘zbekistonda yaqinlashayotgan 8 dekabr - Konstitutsiya kuni, so‘ngra Yangi yil bayrami hamda Xalq deputatlari kengashlariga saylovga tayyorgarlik arafasida poytaxt xavfsizligini ta’minlash va tozalash maqsadadi o‘tkazilgani aytildi.

Bunga qadar Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilgan ayni tadbirda 16 mingga yaqin shaxs ichki ishlar idoralariga olib borilgan, 4 yarim ming kishiga ma’muriy chora ko‘rilgan edi.

O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi oldidan o‘tkazilgan tadbirga 15 mingdan ziyod ichki ishlar organlari xodimlari hamda 27 mingdan ortiq jamoatchilik vakillari jalb etilgan.

"Tozalash-antiterror" amaliyotlarida, odatan, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, korxona va tashkilot, mehmonxona, muassasa, kafe-bar va restoranlar, savdo va xizmat ko‘rstuvchi ob’ektlar, qurilishi tugallanmagan joylar, garajlar va hokazolar tekshiriladi.

Bundan tashqari, odatan, pasport-viza qoidalarini buzgan xorijliklar ushlanib mamlakatdan chiqarib yuboriladi yoki qo‘lga olinib, tegishli tartibda fuqaroligi mansub davlatlarga, aksar hollarda, mintaqadagi qo‘shni davlatlarga jo‘natiladi.

XS
SM
MD
LG