Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:02

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi keyingi yildan boshlab, har bir mehmonxonada "umumiy xonalar sonining kamida o‘ndan birida Qur’oni karim, ibodat qilish uchun joynamoz hamda kamida 30 foizida qibla ko‘rsatgichi bo‘lishi"ni ma’lum qildi. Rasmiy xabarda aytilishicha, bu tartib ziyorat turizmini rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan davlat standarti asosida joriy etiladi.

Musulmonlar idorasi saytida chop etilgan xabarda aytilishicha, ​O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi” yangi davlat standartini ishlab chiqqan.

"Oʻz DSt 3220:2017 “Turistik xizmatlar. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” bo‘yicha standart 2018 yilning 1 yanvaridan kuchga kirishi belgilangan. O‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, har bir mehmonxonaning umumiy xonalar sonining kamida o‘ndan birida Qur’oni karim, ibodat qilish uchun joynamoz hamda kamida 30 foizida qibla ko‘rsatgichi bo‘lishi shart", deyiladi idora saytida 25 noyabr kuni chop etilgan xabarda.

Shuningdek, bu xabarda Toshkent xalqaro aeroportida namozxona tashkil etilgani ham O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lgan ziyoratchi turistlar uchun katta qulaylik, deya olqishlangan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiylaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda, mazkur tartib 2018 yilning 1 yanvaridan yo‘lga qo‘yilishini tasdiqladi.

- Biz mamlakatimizga keladigan mehmonlarning diniy e’tiqod qilishlarida qulaylik yaratish maqsadida shunday tartibni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. O‘zbekistondagi har bir mehmonxonada endi Qur’on va joynamoz bo‘ladi. Bunday qoida chet davlatlarda ham bor. Ko‘pchilik mehmonxonalarda Injil kitoblari bor, - dedi qo‘mita mulozimi.

Qo‘mita mulozimiga ko‘ra, O‘zbekistondagi mehmonxonalarda boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar uchun ham birdek sharoit yaratiladi.

- Agar mehmon shunday kitoblarni so‘rasa, mehmonxona yordam beradi, bu umumiy tajribada bor narsa, - dedi qo‘mita mulozimi.

Bunga qadar RIA-Novosti agentligi Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda 12 noyabrdan tunu kun ochiq turadigan namozxona va tahoratxona ochilgani haqida xabar qilgan edi. Hozircha mamlakatda boshqa 7 ta xalqaro aeroport: Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz va Navoiy shaharlaridagi aeroportlarda ham namozxona ochiladimi-yo‘qmi - "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati bu haqda ma’lumot bergani yo‘q.

Shirkat Toshkentda xalqaro aeroportda namozxona ochilganini aynan shu maskandan o‘zbekistonliklar Haj va Umra ziyoratlari uchun Saudiyaga ketishi bilan izohlagan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida din va e’tiqod erkinligi kafolatlangan bo‘lsa ham, amalda xavfsizlikni ta’minlash sababi bilan diniy jamoalar ustidan kuchli nazorat o‘rnatilgan.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi ostida jamoat joylaridagi namozxonalar yopilgan, davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda namoz o‘qish taqiqlangan edi. Bundan tashqari, erkaklarga soqol qo‘yish, ayollarga esa hijob kiyish taqiqlangan.

Bu taqiqlarga esa 1998 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun asos bo‘lib keldi.

Bundan tashqari, 1988-1993 yillar orasida 300tadan 6 mingtaga oshgan masjidlar soni keyinchalik 2 mingtaga qadar qisqartirildi.

32 yarim millionlik aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda musulmonlar 94 foizni, pravoslav nasroniylar 3 yarim foizni, qolgan diniy jamoalar vakillari esa 2 yarim foizni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG