Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:10

Turkiston muxtoriyati tuzilgan kunning 100 yilligi O‘zbekistonda nishonlanmadi (VIDEO)

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Turkiston muxtoriyati tarixi O‘zbekistondan ko‘ra Qozog‘istonda ko‘proq eslanadi.

Markaziy Osiyoda ilk demokratik va dunyoviy davlat sifatida taqdim qilingan Turkiston muxtoriyati tuzilgan kunga 100 yil to‘ldi. 1917 yilniing 27 noyabrida tuzilgan va 1918 yilning fevraliga qadar 72 kun umr ko‘rgan bu davlat bolsheviklar tarafidan tor-mor qilingan edi.

Chor podshosi ag‘darilganidan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat - mustaqillikka chiqish imkoniyatidan foydalanib tuzilgan mintaqadagi ilk demokratik va dunyoviy tuzilmaning 100 yilligi O‘zbekistonda hech bir tarzda nishonlanmayotganidan tarixchi olimlar va adabiyotchilar taassuf bildirdi.​

Hatto O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix institutida ham bu sana hech bir tarzda eslanmayotganini aytdi shu institut ilmiy kotibi Ozodlik muxbiriga. Toshkentlik blogger Jonuzoq Halilning 27 noyabr kuni Ozodlikka bildirishicha¸ «Rasmiy Toshkent va ilmiy elita Rossiya rahbariyatiga yoqmasligi mumkin degan andisha bois» bu sanani eslamayapti.

Toshkentlik munaqqid va blogger Akmal Rizayev 27 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bunday dedi:

- Hozir O‘zbekistonni boshqarayotgan Shavkat Mirziyoyev va boshqa mulozimlar o‘tmishda kommunistik rejim mulozimi bo‘lishgan. Shu bois, ular uchun Kremlning Sovet O‘zbekistonidagi dastyori¸ O‘zbekistonni ruslashtirish siyosatini amalga oshirgan Sharof Rashidov yubileyini o‘tkazish komfortroq. Turkiston muxtoriyati tuzilgan kunga 100 yil to‘lganini eslamaslik - ular uchun eng ma’quli.

Milliy bayram

O‘zbekistonlik noshir Anvarmirzo Husainov 27 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda «Turkiston muxtoriyati tuzilgan kun har yili O‘zbekiston milliy bayrami sifatida nishonlanishi shart» deb hisoblaydi:

- Tarix haqida so‘z borganda «agar» degan so‘z qo‘llanilmaydi. Lekin aynan o‘sha 1917 yili Finlyandiya xalqi ham Turkiston o‘lkasi bilan bir vaqtda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan edi. Bugun Finlyandiya Evropaning eng taraqqiy qilgan davlati sifatida turibdi. O‘sha paytda jadid otalarimiz oyog‘idan qadimchilar chalmaganida¸ milliy birlik timsoli bo‘lgan Turkiston davlati saqlab qolinganida qanday bo‘lardi deb o‘zimga savol bersam ko‘z oldimga rivojlangan bugungi Finlyandiya keladi¸ deydi Husainov.

Kommunizmga qarshi bo‘lishgan

Tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov joriy yilning 7 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda 1917 yil noyabri oxirlarida Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati hukumati tashkil qilinganini, bundan qo‘rqqan bolsheviklar tinch aholi qonini to‘kkanini eslatarkan:

- Buning sababi nimada? Turkiston muxtoriyati tashkil etilgandan so‘ng dastavval Namanganda, Marg‘ilonda, Skobelevda (hozirgi Farg‘ona), Samarqandda va boshqa ko‘plab shaharlarda muxtoriyat hukumatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mitinglar o‘tkazildi. Ularda tub aholi bolshevizm g‘oyalari va hokimiyatini qabul qila olmasligi haqida fikrlar bildirilgan edi”, - dedi olim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Turkiston muxtoriyatining va Qurultoy ishining butun tafsilotlari o‘sha davrdagi jadid gazetalarida tarix uchun muhrlab qo‘yilgan.

-«Ulug‘ Turkiston» gazetasi ham o‘z sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o‘rin bera boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun bosmaxona muxtoriyat moliyaviy qaramog‘iga olindi. Muxtoriyat hukumati milliy qo‘shinni tashkil qilishga kirishdi. 1918 yil boshida bu qo‘shin saflarida bir mingdan ortiq askar bo‘lgan. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jaev ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 kishiga etgan. Bundan tashqari Qo‘qonda taxminan shuncha mirshab bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Chunki gazetalarni nashr qilish, muxtoriyat qo‘shinlarining ta’minoti va hukumatning ichki xarajatlari uchun mablag‘ zarur edi. Turkiston aholisiga Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati faqat Qo‘qonda yoxud Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Fitrat, Cho‘lpon, Hamza muxtoriyatga bag‘ishlab, she’rlar bitishdi. Fitrat muxtoriyat e’lon qilingan 27 noyabr tunini «Milliy Laylatul qadrimiz» deb atadi. Alloma Fitratning bu so‘zlarida olam-olam ma’no mujassamlashgan¸ degan edi tarixchi olim.

Turkiston hukumati tarkibi

Ozodlik suhbatlashgan tarixchilar ta’kidicha, Turkiston hukumatining ilk tarkibi Chor davrida yaxshi ta’lim olgan advokat¸ moliyachi va harbiylardan tashkil topgan. Masalan, Muxtoriyatning ilk raisi va ichki ishlar vaziri Muhammadjon Tinishboyev mahalliy aholi ichidan yetishib chiqqan ilk temir yo‘l injeneridir. Gimnaziyani oltin medal bilan tugatgan Tinishboyev Peterburgda injenerlik diplomini olib Ashxobod-Toshkent temir yo‘l qurilish loyihasini boshqaradi. O‘sha paytda u Turkiston o‘lkasidan Rossiya Davlat dumasiga deputat bo‘lgan. Tinishboyev 1937 yilda “xalq dushmani” tamg‘asi bilan sovetlar tarafidan otib o‘ldirildi. Turkiston muxtoriyati prezidenti Mustafo Cho‘qay Chor davrida advokat sifatida tanilgan edi.

1890 yil dekabrida tug‘ilgan Mustafo Cho‘qay¸ Turkiston general-gubernatorligi markazi bo‘lgan Toshkent gimnaziyalaridan birida o‘qiydi va cho‘qayshunoslarga ko‘ra¸ talabaligidanoq¸ o‘zining favqulodda iste’dodini namoyon qiladi.

1913-14 yillarda Sankt-Peterburgdagi imperator universitetining huquqshunoslik fakultetida ta’lim olgan Mustafo Cho‘qay¸ ko‘p o‘tmay Turkiston milliy ozodlik harakati yetakchilaridan biriga aylanadi.

1917 yil fevralida Chor imperiyasi qulashi bilan Mustafo Cho‘qay¸ bosqinchilar boshqaruvi ostida haqsiz-huquqsiz qolgan bugungi Markaziy Osiyo xalqlarini yagona Turkiston davlati ostida birlashtirish g‘oyasi uchun faol harakatga kiradi.

Turkiston muxtoriyati bolsheviklar tomonidan tor-mor etiladi. Cho‘qay¸ xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ladi va Turkiston mustaqilligi uchun kurashini Fransiyadan turib davom ettiradi.

Sovetlar tomonidan “xalq dushmani” deb e’lon qilingan Mustafo Cho‘qay¸ nafaqat qozoq xalqi¸ balki butun Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun kurashgan siyosiy arbobdir¸ degandi Mustafo Cho‘qay hayoti va siyosiy faoliyati tadqiqotchisi Sultonxon Jusup 2010 yili Ozodlik muxbiri bilan qilgan suhbatda.

- Mustafo Cho‘qayning butun Turkiston xalqlari tarixida tutadigan o‘ziga xos o‘rni¸ uning bu xalqlarni milliy davlatlarga bo‘lmasdan¸ ularning yagona Turkiston bayrog‘i ostida birlashishlari uchun kurashganidir. Bu uning o‘z umri oxiriga qadar sodiq qolgan g‘oyasidir¸ deydi tadqiqotchi.

Mustafo Cho‘qay¸ 1941 yilning 27 dekabrida Berlinda sirli tarzda olamdan ko‘z yumdi va uning o‘limi hamon jumboqligicha qolayotir.

Uzoq yillik ta’qiblardan so‘ng¸ Mustafo Cho‘qay nomi Qozog‘istonda milliy qahramon darajasiga ko‘tarilgan esa-da¸ tarixchi Sultonxon Jusup¸ agar Cho‘qay mintaqaning bugungi vaziyatini ko‘rganda edi¸ undan qattiq aziyat chekkan bo‘lardi¸ degan ishonchda.

MOdagi ilk dunyoviy davlat

Sankt- Peterburgda istiqomat qiladigan o‘zbek bloggeri Bahrom Rahmonning 27 noyabr kuni Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ 1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida o‘z qurultoyini o‘tkazgan muxtoriyat «demokratiya prinsiplarini ilgari surgan dunyoviy davlat» bo‘lgan:

- Bu davlat tarkibida o‘sha davr Turkistonida yashagan barcha etnik gruppalar vakillari bor edi. U paytda men qozoqman¸ qirg‘izman deb emas, balki men turkistonlikman deb atashgan o‘zlarini¸ deydi suhbatdosh.

Turkiston Muxtoriyatining ilk rahbarlaridan biri Mustafo Cho‘qay (1890-1941) o‘zining «Turkistonda milliy ozodlik harakati» degan kitobida eslashicha¸ jadid ziyolilar milliy ayrimachilik¸ traybalizm va diniy ekstremizm alomatlariga qarshi chiqishgan:

-Turkiston jadidlarining otasi sanalgan Behbudiy o‘z ma’ruzasida, «Qurultoyimiz qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun xam ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari xam ishtirok etmoqdalar», degan edi, deb yozadi.

O‘sha davr gazetalari¸ hususan Turkiston muxtoriyati moliya vaziri bo‘lgan Solomon Gersfeld nashr qiladigan «Samarqand» gazetasida yozilishicha¸ «Behbudiy va Obidjon Maxmudov qurultoy hay’atida musulmonlar bilan bir qatorda boshqa milliy guruhlarning ham vakillari bo‘lishini yoqlab chiqqan»

Qadimchilar jadidlarga qarshi

O‘zbekistonlik noshir Anvarmirzo Husainovning aytishicha «Qo‘qon muxtoriyati yo‘q bo‘lishiga diniy mutaassiblar hamda bolsheviklar sabab bo‘lgan»

- Avvaliga muxtoriyat nima, davlat nimayu millat nimaligini bilmagan dindor mutaassiblar Muxtoriyatga qarshi fitnalar qilishdi. Bu fitnalar ortidan payt poylagan bolsheviklar Qo‘qon shahriga qaqshatqich hujum uyushtirib aholi qirg‘in qilindi. Shahar ustiga uch kun davomida to‘plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muxtoriyat mag‘lubiyatiga sababchi bo‘lgan Ergash mulla qochib qutuldi, deydi Husainov.

O‘zbek bloggeri Bahrom Rahmon Qo‘qon muxtoriyatining yemirilishini bugungi kundagi voqealar bilaan taqqoslaydi:

- Ergash mulla boshchiligidagi diniy mutaassiblarning Mustafo Cho‘qay kabi demokratiya tarafdorlariga qarshi chiqib muxtoriyatni zaiflashtirgani menga bugungi voqelikni eslatdi. Masalan, Suriya xalqi Asad zulmiga qarshi ko‘tarildi. «Ozod Suriya» degan demokratik tashkilot tuzildi. Lekin «Jabhatul Nusra» kabi diniy ekstremistik guruhlar o‘rtaga suqulib kirib, salbiy rol o‘ynashdi. Bu esa, oqibatda IShID terrorchilariga imkon yaratdi. Pirovardida Asad hukumati oyoqda qoldi. Bundan 100 yil oldin yuz bergan Turkiston muxtoriyatni ham diniy mutaassiblar zaiflashtirgani bolshevilarga qo‘l keldi, deydi suhbatdosh.

Toshkentlik blogger Joznuzoq Halilga ko‘ra¸ muxtoriyatning xalq o‘rtasidagi obru-e’tibori bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ygan va ular 1918 yil fevralida muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshlagan:

- Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning «Dashnoqsutyun» partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to‘dalardan ham keng foydalandi¸ deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bolsheviklarning Qo‘qonga hujumini bartaraf qilish uchun mahalliy jadidlar miting qilib chiqishgan:

- Shunday mitinglardan biri 1917 yilning 13 dekabrida Toshkentda uyushtirildi. Jadid bobomiz Behbudiy yetakchiligidagi bu miting Sovet hukumati tarafidan ayovsiz bostirildi¸ deya eslatdi blogger.

Aynan 13 dekabr Turkiston muxtoriyatini tinch yo‘l bilan saqlab qolishga qaratilgan so‘nggi tadbirlardan biri sifatida tarixga kirdi.

1953 yilda Turkiston milliy qo‘mitasi murojaatiga ko‘ra, AQSh Senati 13 dekabrni Turkiston kuni, deb e’lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG