Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:07

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida moliyaviy firibgarlikda ayblanib qo‘lga olingan chinozlik Ahmadboy va “Baho Marli” laqabi bilan tanilgan Bahodir O‘rinboevlarning izdoshi Nuriddin Abilg‘oziev qo‘lga olindi. Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, Abilg‘oziev yuzlab odamlardan pul, mulk va qimmatbaho buyumlarni tovlamachilik yo‘li bilan olib, noqonuniy o‘zlashtirgan.

Millliy xavfsizlik xizmati Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda yangi moliyaviy piramidani fosh etdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot” ko‘rsatuvida xabar berildi.

Ma’lumotda aytilishicha, Yangiyo‘l tumanida yashovchi Nuriddin Abilg‘oziev uch sherigi bilan Dilshod Avto Savdo shirkatini tashkil etgan. Mazkur shirkat avtomobil oldi-sotdisida vositachilik bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan. Lekin, xabarda aytilishicha, bu faoliyat shunchaki qog‘ozda mavjud bo‘lib, shirkat xo‘jayinlari asosan tovlamachilik bilan shug‘ullangan.

“Shirkatdagi rahbar lavozimlarga o‘z sheriklarini tayinlagan Abilg‘oziev haqiqiy moliyaviy piramidani shakllantirdi. Foyda keltiradigan ishga sarmoya yotqizish va’dasi bilan u odamlardan pul, qimmatbaho buyumlar, mulk, chorva mollari va transport vositalarini qabul qila boshlagan. U odamlarga buning evaziga katta miqdorda ustama foizlar to‘lashga va’da bergan”, deyiladi xabarda.

Abilg‘oziev turli kanallar orqali go‘yoki o‘z shirkatiga pul kiritgan omonatchilarning muvaffaqiyatlari to‘g‘risidagi yolg‘on axborotlarni tarqatgan. Aslida esa u omonatlarni shirkatni rivojlantirishga emas, aksincha, avvalgi omonatchilarga ustama foizlarni berishga sarflagan. Bundan ortib qolgan mablag‘ni esa noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.

Xabarda bildirilishicha, Nuriddin Abilg‘oziev shunday yo‘l bilan yuzlab odamlarni aldagan.

Yangiyo‘l tuman sudi aldangan odamlarga keltirilgan 700 million so‘mlik ziyonni undirib berish to‘g‘risida ajrim chiqargan. Bundan tashqari Abilg‘ozievdan 125ta mashina musodara qilinib, qonuniy egalariga qaytarilgan. Abilg‘oziev va uning sheriklariga sud qanday jazo belgilagani xabar qilingani yo‘q.

Nuriddin Abilg‘oziev Toshkent viloyatida moliyaviy piramidani shakllantirganlikda ayblangan yagona odam emas.

Ozodlik radiosi avvalroq Toshkent viloyatida “Baho Marli” degan laqab bilan tanilgan 39 yashar tadbirkor Bahodir O‘rinboyev moliyaviy firibgarlikda gumonlanib, 28 may kuni Chinoz tumanida qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Ahmadboy nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor esa o‘tgan yilning iyun oyida qo‘lga olingan.

“Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning muassisi Ahmadboy Tursunboyev odamlardan bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan katta mablag‘larni noqonuniy ravishda olib kelganlikda ayblanib sudlanmoqda.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Ahmadboyga tegishli ekanligi aytilayotgan 12 million dollardan ortiq pul ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

38 yoshli tadbirkorga pul bergan va olgan odamlarning soni bir necha o‘n mingdan ko‘p ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG