Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 08:59

O‘zbekistonda mahbuslar tovuq, kurka, qoramol boqib, o‘zini o‘zi ta’minlaydi (FOTO)

  • Озодлик

Otbozor qamoqxonasi, Buxoro viloyati, 17-iyul, 2013-yil.

Vazirlar Mahkamasining “2018-2024 yillarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan qamoqxonalarni o‘z-o‘zini ta’minlash tizimiga o‘tishga hozirlik boshlandi.

Hujjatda belgilanishicha, 2024 yilga borib aksar qamoqxonalar, g‘isht, ohak, mebel, poyabzal, harbiy kiyim va hokazolarni ishlab chiqarib, qoramol, qo‘y, tovuq, kurka boqib, meva-sabzavot yetishtirib kun ko‘rishni boshlaydi.

11 noyabrda imzolangan hukumat qarorida 2018-2024 yillarda jazoni ijro etish muassasalaridagi ishlab chiqarish korxonalarini kengaytirish, rivojlantirish va yangi uskunalar bilan jihozlash uchun qariyb 33 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi aytilgan.

Shuningdek, manzil koloniyalarda intensiv bog‘lar, qoramol, qo‘y, echki, tovuq, kurka, baliq boqadigan fermalarni ochish, borini qayta ta’mirlash belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 1 yildan 3 yilgacha muddat ichida davlat yordami bilan xo‘jaligini tiklashi kerak bo‘lgan qamoqxonalar, bosqichma-bosqich, budjetdan uzilib, 2024 yildan to‘liq yoki qisman o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tishi lozim.

Bu hujjatlarning ishlab chiqilishiga asos bo‘lgan ilk hujjat esa shu yilning ​11 avgustida prezident Mirziyoyev imzolagan qarordir. Prezident qarorida jazoni o‘tash muassasalarini bosqichma-bosqich budjet ta’minotidan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi.

Hukumat qarori sahifasidan olingan surat
Hukumat qarori sahifasidan olingan surat

Qamoqxonada ishlab chiqarilishi ko‘zlangan mahsulotlar turi esa, qarorda 77 ta, deb keltirilgan.

Hukumat qarori sahifasidan olingan surat
Hukumat qarori sahifasidan olingan surat

O‘zbekistonda 10 yilga yaqin qamoq jazosini o‘tagan va bu muddat ichida g‘isht zavodi, tikuvchilik korxonalarida ishlagan sobiq siyosiy mahbus, huquq himoyachisi A’zam Turg‘unov hujjatning o‘zini "juda yaxshi tashabbus", deb baholadi.

Ammo, mamlakat qamoqxonalaridagi bugungi vaziyat va mahbuslar huquqlarining sistematik tarzda buzilishini nazarda tutgan huquq himoyachisi bu tashabbus mahbuslar ahvolini og‘irlashtirishi, ajratilgan mablag‘lar esa noqonuniy ravishda o‘zlashtirilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

- Bu tashabbus - juda yaxshi tashabbus. Lekin, bu 32 milliard so‘mlik mablag‘ aytilgan joyga yetib bormaydi, men ishonaman bunga. Chunki, hozir ham qamoqxonalar o‘zini o‘zi ta’minlab kelayapti. Juda ko‘pida korxonalar bor. Men o‘tirgan Qarshi qamoqxonasida mahbuslar kuniga 3 smenada, oyiga 21 kunlab tinmasdan g‘isht zavodida ishlaydi. Ammo, 16-18 kun ishladi, deb rasmiylashtiriladi. Oyligi eng kam ish haqidan past bo‘lmasligi kerak, deb qonunda yozilgan. Ammo, ular o‘rtacha 75-80 ming so‘m oladi. Bundan tashqari, g‘isht zavodida ish sharoiti juda og‘ir, ammo mahbuslarning sog‘ligi himoyasi yo‘q. Shuning uchun, bu tashabbusni amalga oshirish uchun Jazoni ijro etish boshqarmasini IIVdan olib, Adliya vazirligimi yoki boshqa birorta idoraga berish kerak, menimcha, - deydi huquq faoli.

Quyida huquq faoli, "Mazlum" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari A’zam Turg‘unov bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Bundan tashqari, 20 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi IIV qoshidagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tassarufida ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiradigan davlat unitar korxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Mazkur korxonalar qoshida markazlashtirilgan jamg‘arma ochish va ana shu jamg‘armadagi mablag‘ hisobidan mavjud qamoqxonalarni suv, gaz, elektr energiyasi, oziq-ovqat bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Hukumat qarorida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan yoki qoramol, echki, qo‘y, tovuq, kurka boqadigan jazoni ijro etish muassasalari soni 38 ta deb keltirilgan, ammo jazoni ijro etish muassasalarining jami soni keltirilmagan. Inson huquqlari faollari esa mamlakatda qamoqxonalar jami soni 55ta atrofida, deb keladilar.

Hozirda bu qamoqxonalarning aksariyatida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi katta-kichik korxonalar, tikuvchilik sexlari, zavod va fermalar bor.

XS
SM
MD
LG