Линклар

21 январ 2018, Тошкент вақти: 11:30

Rassom Vyacheslav Oxunov: O‘zimni temir qafasdan qutulgan qushdek erkin his qildim

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Xalqaro art anjumanlariga tez-tez taklif qilinadigan o‘zbek rassomi Vyacheslav Oxunovga 6 yillik surunkali raddiyalardan so‘ng xorijga chiqishga izn beruvchi hujjat berildi.

Bu haqda Ozodlikka rassomning o‘zi xabar qildi. Rassomga ko‘ra¸ 26 dekabr, seshanba kuni uni O‘zbekiston respublikasi IIV Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish (OVIR) idorasiga chaqirib zudlik bilan pasportiga xorijga chiqishga izn beuvchi stikerni yopishtirib berishgan:

- O‘ta hushmuomalalik bilan, uzr so‘rab, pasportimga tezda stiker yopishtirishdi. OVIRning tuman bo‘limida qilinadigan bu ishni respublika bo‘limidagi katta rahbarning o‘zi kabinetida hal qildi- qo‘ydi. Ular meni 22 yanvardan beri qidirishibdi. O‘sha kuni prezident MXX isloh qilinishi kerak deb qattiqroq gapirgan, deyishdi. O‘zimni qafasdan qutilgan qush kabi his qildim, dedi rassom kulib 26 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Rassom Oxunov xalqaro ko‘rgazmalarda o‘zbek tasviriy san’atini namoyish qilib keladi.
Rassom Oxunov xalqaro ko‘rgazmalarda o‘zbek tasviriy san’atini namoyish qilib keladi.

Ko‘rgazmalar rassomsiz o‘tdi

Oxunovning aytishicha, «u mamlakatni tark qilishiga taqiq qo‘yilgan 6 yil davomida o‘nlab xalqaro ko‘rgazmalarga» bora olmagan:

- Venetsiyadagi rassomlar anjumani¸ Berlin va Londondagi xalqaro ko‘rgazmalariga bora olmadim. Ammo ular mensiz tadbirni o‘tkazishdi. Rassom qani deyishsa¸ u O‘zbekistonda uy qamog‘ida deyishgan. Hatto shunday sarlavhali maqolalar ham chiqib ketdi, dedi rassom.

Ijodi bilan mamlakati iftixor qilishiga arziydigan o‘zbek rassomining o‘zi Ozodlik bilan suhbatda “hukumatni tanqid qilishdan tap tortmagani va ommadan farqli ravishda faol fuqarolik pozitsiyasida qolgani uchun "MXX" degan qora eskadron qasosiga nishon” bo‘lganini aytdi:

- Obro‘li ko‘rgazmalardan Badiiy akademiya va Madaniyat vazirligiga "Oxunov kelishini so‘raymiz" degan maktublarni ham e’tiborsiz qoldirishdi. O‘tgan yili MXX hodimlari Urganch muzeyidagi rasmlarimni yoqib yuborish taklifi bilan ham chiqishdi. "Nega?" deb so‘rasam jimlik. Bilganlarning aytishicha, do‘stim¸ ulug‘ shoir Muhammad Solih bilan Yevropada uchrashganim va u haqda pozitiv fikrlar aytganim MXXga yoqmagan. Turkiyadagi xalqaro ko‘rgazmada qatnashganimda ham Muhammad Solih bilan ko‘rishgandim. Muhammad Solih do‘stim bo‘ladi. Shu bois 6 yildan beri menga chiqish vizasi berishni rad qilib kelishdi. OVIR idorasini sudga berdim. Sud esa MXX qarori muhokama qilinmaydi, degan xulosa bergan edi. Sud o‘z qarori bilan "MXX", degan qora eskadronga odamlarni huquqidan mahrum qilish imkonini berib kelgan edi. Shu bois, men ko‘rgazmalarda faqat asarlarim bilangina ishtirok etdim, xolos. Endi esa, bu kunlar ortda qoldi. Mirziyoev mening misolimda o‘zgarishlarga qodirligini ko‘rsatdi¸ deydi rassom Oxunov.

Hukumatga yoqmagan rassom

Suhbatdosh nazarida u yaratgan asarlar ham hukumat ta’biga yoqmagan:

- Ikkinchi sabab esa, do‘stim Bahodir Musaev bilan xalq turmushi og‘irlashgani aks etgan performensni tashkil qilganim bo‘ldi. Aftidan hokimiyatga nisbatan tanqidiy qarashlarim aks etgan bu harakatlar sekin-asta to‘plangani oqibati bo‘lsa kerak buning sababi. Boshqa sabab ko‘rmayapman, - deydi 6 yillik taqiqdan keyin harakatlanish erkinligiga ega bo‘lgan rassom Vyacheslav Oxunov.

Sharmandalik

"Ismi 14 mamlakatning 74 mashhur rassomi qatoriga kiritilgan bu qadar mashhur rassomning 6 yil mobaynida O‘zbekistondan chiqarilmagani sharmandalikdir”, dedi Ozodlik bilan 27 dekabrdagi suhbatda rassom asarlarini Yevropada tamsil qiladigan san’atshunos Izabel de Sena.

Rassom Vyacheslav Oxunovni yaxshi bilganlar uning hukumatni tanqid qilishdan tap tortmaydigan dunyoqarash sohibi ekanini bilishadi. Bu bilan u atrofidagi voqealarni sezmaslikka urinuvchi, ko‘rimsiz o‘zbek rassomlari massasidan ajralib turadi.

Oxunov asari markazdan o‘rin olgan ko‘rgazma o‘zlari yashayotgan mamlakatni his qiluvchi rassomlarning dolzarb mavzulardagi asarlarini tamsil qiladi.

Garchi, Vyacheslav Oxunov o‘z mamlakatidan chiqish huquqidan mahrum bo‘lsa-da, uning asarlari rassomni jazolayotgan hukumatni sharmanda qilaroq, butun dunyo bo‘ylab namoyish etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1948 yilda tug‘ilgan Oxunov Moskvadagi Surikov nomidagi Tasviriy san’at oliygohini bitirib kelib, O‘zbekistonda 80- yillarda yangi ijodiy to‘lqinga asos solgan.

XS
SM
MD
LG