Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:33

OzodDayjest: Militsiya zobiti propiskasiz vatandoshdan poraga 500 ming so‘m va ikkita qazi oldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Xatamjon Ketmonov o‘z partiyasi faoliyatini tanqid qildi. Toshkentda vatandoshdan pora ta’ma qilgan militsioner ushlandi. O‘zbekistonlik o‘t o‘chiruvchilar farzandlariga pirotexnika vositalari olib berayotgan ota-onalarni yong‘in xavfidan ogohlantirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Siyosiy partiyalar Prezident tanqididan keyin shu paytga qadar quruq majlisbozlik qilib kelganini tan oldi

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan to‘rt siyosiy partiya Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasidan ular faoliyatini keskin tanqid qilishi ortidan shu paytga qadar quruq majlisbozlik va rasmiyatchilik qilib kelganlarini tan oldi (“Xalq so‘zi”, 27 dekabr). “Odamlarimiz og‘irini engil qilish, sog‘liqni saqlash, ekologiya, kommunal xo‘jalik, ta’lim va boshqa sohalarda ularni qiynayotgan muammolarni hal etishga yetarlicha hissa qo‘shmayotganimiz tashvishlanarlidir. Biz asosan samarasiz yig‘ilishlar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolayotganimiz ham bor gap. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham tan olish kerakki, mahalliy kengashlarimiz faoliyatini ham ijobiy baholab bo‘lmaydi” degan Xalq demokratiya partiyasining Oliy Majlisdagi fraksiyasi rahbari Xatamjon Ketmonov. Boshqa partiyalar vakillari ham quruq raqamlardan iborat hisobotlar topshirish bilan mashg‘ul bo‘lib qolganlari, amaliy ishga o‘tish vaqti kelganini aytgan.

Ichki ishlar vaziri: 11 oyda 201 nafar militsiya xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi

Toshkent shahri IIB profilaktika inspektori poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlarini sodir etdi (“Huquq”, 28 dekabr). Ismi oshkor etilmagan militsiya zobiti o‘zi nazorat qiladigan hududda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab kelayotgan vatandoshni aniqlagan. So‘ng uni militsiya tanyach punktiga olib kelib, uni javobgarlikka tortishini aytib, ishni yopish evaziga pora sifatida 500 ming so‘m pul va ikkita qazi talab qildi. Propiskasiz vatandosh esa bu haqda huquq idoralariga xabar berdi. Shu tariqa IIB zobiti talab qilingan porani olayotganda ushlangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Bir necha kun avval O‘zbekiston rasmiy agentligiga intervyu bergan mamlakat Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov joriy yil 11 oyida ichida ichki ishlar tizimida 7,5 mingga yaqin xodim intizomiy jazoga, 201 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgan.

Mutasaddilar bolalarning qo‘liga “bomba tutqazmaslik”ka chaqirdi

O‘zbekistonda pirotexnika vositalaridan jabrlanayotgan ko‘p bo‘lsa-da, odamlarning unga munosabatini o‘zgartirib bo‘lmayapti (“Oila davrasida”, 28 dekabr). Mirzo Ulug‘bek tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi vakili Bahodir Kenjaqulovga ko‘ra, pirotexnika vositalaridan ko‘plab yong‘inlar kelib chiqmoqda. Masalan, Chilonzor tumanida bolalar otgan salyut 4 qavatli uy balkoniga tushib yong‘in keltirib chiqargan. Bunday misollar ko‘p ekanini ta’kidlagan yong‘in xavfsizligi xodimi ota-onalarni bolasining qo‘liga “bomba” tutqazmaslikka chaqirgan. Qayd etilishicha, Yangi yil arafasida aholi orasidan yashirincha pirotexnika vositalari sotayotgan o‘nlab huquqbuzarlar ushlangan.

XS
SM
MD
LG