Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:26

Andijonda ota o‘zining 10 yoshli qiziga jinsiy harakat qilganlikda gumon qilinmoqda


Andijon viloyat, Izboskan tuman prokuraturasi Andijonda 35 yoshli ota o‘z qizini 2 yildan beri g‘ayrioddiy tarzda jinsiy zo‘rlab kelganiga oid o‘tgan haftada kelib tushgan ariza yuzasidan tergov harakatlari boshladi.

Voqeani o‘rgangan Ozodlik muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, ota o‘z qiziga nisbatan, qonun tili bilan aytganda, "jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirish" harakatlarini qilgan.

Ozodlikka Andijondagi bir necha manbadan kelgan bu xabarni viloyat huquq-tartibot organlari tasdiqladi.

Ozodlikning aniqlashicha, voqea shu yilning iyul oyida Andijonning Izboskan tumanidagi qishloqlardan birida ro‘y bergan. (Ozodlikka qishloq nomi ma’lum)

Ozodlikka yetib kelgan xabarda aytilishicha, o‘zi yashaydigan qishloqda novvoy bo‘lib ishlovchi 35 yoshli erkak (uning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum – tahr.) o‘zining 10 yoshli qiziga nisbatan "jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirish" harakatlarini qilayotganini qayinsinglisi ko‘rib qolgan.

Keyin qayinsingil ko‘rganlarini opasiga (zo‘ravon erkakning rafiqasiga) aytib bergan.

"Olti oy davomida erining shubhali amallarini payqab, qizini jinsiy zo‘rlab kelganiga o‘zi ham to‘liq amin bo‘lganidan so‘ng, qizning onasi erining ustidan militsiyaga shikoyat qildi", deyiladi Ozodlikka kelgan xabarda.

Shundan so‘ng zo‘ravon ota o‘tgan haftada hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik voqea sodir bo‘lgan oila bilan ham bog‘landi, biroq oila a’zolari savollarga javob berishni istamadi.

Izboskan tuman prokuraturasi rasmiysi Ozodlik savoliga javoban o‘z qizini zo‘rlagan otaga nisbatan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi, lekin tergov siri vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

Viloyatdagi boshqa huquq-tartibot organlaridan olingan ma’lumotga qaraganda, Izboskan tuman prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Mazkur moddada 15 yildan 20 yilgacha muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Andijon huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining, ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, tergov davomida qo‘lga olingan erkak 2016 yilning dekabr oyidan buyon o‘z qizini uning ojizligidan foydalanib muntazam jinsiy zo‘rlab kelganlikda gumon qilinmoqda.

"O‘gay qizi emas, o‘zining qizini 2016 yil dekabr oyidan buyon zo‘rlab kelgani aniqlanyapti. So‘nggi bor iyul oyida kaptarxonada... (shu o‘rinda manba ota o‘z qiziga nisbatan aynan qanday harakatlar qilganini birma-bir aytdi - tahr.) qizning xolasi, ya’ni shu erkakning qayinsinglisi ko‘rib qolgan va opasiga aytib bergan. Oldiniga qizning onasi ishonmagan. Lekin u uzoq vaqt erini payqab, gumon qilib yurgan. O‘zi ham bunga to‘liq amin bo‘lganidan so‘ng o‘tgan haftada militsiyaga kelib, bor gapni aytib berdi. Bundan tashqari u erkak o‘z turmush o‘rtog‘ini ham g‘ayritabiiy jinsiy aloqaga majburlagan. Buni ham shu ayol o‘z ko‘rsatmasida aytdi. Hozir bu bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov ketyapti, - dedi Andijon huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozim.

O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlash faktlariga oid xabarlar bundan oldin ham paydo bo‘lgan.

Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi maktablardan birining 30 yashar musiqa o‘qituvchisi 15 dekabrda 1- sinf o‘quvchisini darsdan keyin olib qolib, unga jinsiy tajovuz qilgani yuzasidan tergov boshlangani haqda Ozodlik 27 dekabr kuni xabar bergan edi.

Qizlarning o‘z qarindoshlari tarafidan zo‘rlanishi haqidagi xabarlar esa rasmiy matbuotga deyarli chiqmaydi.

O‘zbekistondagi mavjud an’analar bunday holatlarning borligini tan olishga va uni oshkor qilishga yo‘l qo‘ymasligi aytiladi.

Mutaxassislar yoshlikda yaqinlari tarafidan jinsiy zo‘rlanib, ruhiy zarba olgan qizlar balog‘atga yetganidan so‘ng ushbu holatlarni ko‘tara olmasdan joniga qasd qilish holatlari ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirishadi.

O‘zbekistonlik ruxshunos Inna Orlovaning aytishicha, akasi yoki otasi zo‘rlagan qizlar ko‘p holatlarda o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘ladi.

- Bu aslida katta muammo. Zo‘ravon ota yoki aka qamoqda jazosini o‘tab chiqishi mumkin. Lekin, zo‘rlangan yosh-yosh qizchalar katta bo‘lganlarida bu isnodni ko‘tara olmasligi mumkin. Chunki, yoshligida ko‘p narsani ular tushunishmaydi. Shuning uchun yoshligida zo‘rlanib, ruhiy travma olgan qizlarga vaqtida ruhshunoslar yordami o‘ta muhim, - deydi o‘zbekistonlik ruhshunos.

Andijonda otasi tarafidan jinsiy zo‘rlangan 10 yoshli qizning shu kundagi ahvoli Ozodlikka ma’lum emas. Bu haqda uning oilasi Ozodlikka gapirishni istamadi.

XS
SM
MD
LG