Линклар

22 январ 2018, Тошкент вақти: 03:40

Eronda nima bo‘layapti? Sabablar va muhtamal oqibatlar

  • Озодлик

ERON- Aksilhukumat aksiyalari chog‘ida Tehron universiteti talabalari bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 2017, 30 dekabr.

Shu kunlarda Eronda 2009 yilgi bahsli prezident saylovidan so‘nggi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. So‘nggi kunlarda bir necha shaharda minglab kishilar ko‘chalarga chiqdi. Sayohatlar cheklangani va hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni yopish borasidagi xatti-harakatlari davom etayotgan norozilik namoyishlarini yoritish itmkoniyatini cheklab qo‘ydi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, namoyishlar chog‘ida 20 dan ortiq kishi, shu jumladan 1 politsiya xodimi nobud bo‘ldi. Shu paytgacha quyidagilar aniqlandi:

NOROZILIK NAMOYIShLARI QANDAY BOShLANIB KETDI?

Dastlabki namoyish payshanba kuni Eronning ikkinchi yirik shahri Mashhadda boshlandi. U yerda shia mazhabining mashhur ziyoratgohi bor. Shahar konservatorlar maskani bo‘lib, u yerda o‘tgan yilgi prezident saylovida Hasan Ruhoniyga muxoliflik qilib yutqazgan Ibrohim Raisiy tarafdorlari istiqomat qiladi. Tahlilchilarning fikricha, konservatorlar Ruhoniyga bosim o‘tkazish uchun norozilik namoyishlarini boshlagan. Raisiy Eron teokratik hukumatining mo‘’tadil din arboblaridan biridir. So‘ngra norozilik namoyishlari 80 millionlik nufusga ega mamlakat bo‘ylab tez orada tarqalib ketdi.

NAMOYIShChILARNING NIYaTI NIMA?

Namoyishchilar dastlab Eronning zaiflashib borayotgan iqtisodiyoti muammolarini ko‘tarib chiqdi. 2015 yili yadro dasturi bo‘yicha bitimga erishilgandan so‘ng xalqaro bozorda neftni sotish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ammo shunga qaramasdan, mamlakatda pul keskin qadrsizlanib, ishsizlar soni ortib bormoqda. Yaqinda tuxum bilan parranda narxi 40 foizga oshib ketdi va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Hukumat vakili ushbu holatni qush tumovidan qo‘rqish oqibatida parrandalarni qirib yuborish bilan bog‘ladi. Norozilik namoyishchilari Ruhoniyni ham, oliy rahbar Oyatulloh Ali Hameneini ham ayblab chiqdi. Ba’zi kishilar Eronning Suriya prezidenti Bashar Asadni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qildi, boshqalari esa, AQSh qo‘llab-quvvatlagan shohni maqtay boshladi. U 1979 yilgi Islom inqilobidan oldin mamlakatdan qochib ketgan va oradan bir yil o‘tib, saratonga chalinib, vafot etgan edi.

NOROZILIK NAMOYIShChILARIGA KIM YETAKChILIK QILMOQDA?

Shu paytgacha ushbu tadbirlarga hech kim markazlashtirilgan holda yetakchilik qilgani yo‘q va shu bilan 2009 yilgi Yashil harakat namoyishlaridan keskin farq qiladi. O‘shanda qattiqqo‘l siyosat tarafdori bo‘lgan prezident Mahmud Ahmadinajodning qayta saylanishi va saylov vaqtida qallobliklarga yo‘l qo‘yilgani xususidagi gumonlar ortidan norozilik namoyishlari uyushtirilgan edi. 1979 yildan so‘ng Eronda ro‘y bergan eng yirik namoyishni harbiylashtirilgan Inqilob sipohlari va filiallari bostirib, minglab kishilarni hibsga oldi, o‘nlab odamlarni o‘ldirdi va qiynoqqa qoldi. Namoyish etakchilari o‘sha vaqtdan beri uy qamog‘ida saqlanmoqda. Yetakchisi bo‘lmagan ushbu norozilik namoyishlari avj olib ketishiga qisman quvg‘inda yurgan jurnalist Ruhulloh Zam sabab bo‘ldi. U buning uchun mobil telefon orqali xabar tarqatuvchi ilova dasturi Telegramdan foydalandi.

HUKUMAT NIMA JAVOB QAYTARDI?

Eron rasmiylariga ko‘ra, hukumat “tinchlikni saqlash” uchun Telegram va namoyishchilarning fotosurat almashish va mitinglar haqida xabar tarqatishni cheklash uchun foydalanuvchilarning Instagramga kirishini taqiqlab qo‘ydi. Feysbuk bilan Tvitter ham taqiq ostida. Forma va oddiy kiyim kiyib olgan politsiya xodimlari ko‘chalarga chiqqan. Inqilob sipohlariga bo‘ysunuvchi Basij ko‘ngillilar qo‘shini mototsiklchilari ham o‘sha yerda. Ular 2009 yilgi namoyishni bostirishda Inqilob sipohlariga yordam bergan edi. Prezident Ruhoniy Eronda norozilik namoyishlariga ruxsat berilishini, hokimiyat idoralari kichik namoyishlar va ish tashlashlarga toqat qilishini aytdi. Biroq prezident ham, boshqa hukumat vakillari ham qonunbuzar deb biladigan kishilarning tanobini tortib qo‘yishdan tap tortmasligini aytib ogohlantirdi.

QONUNBUZARLIKLAR BO‘LDIMI?

Shu paytgacha 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Eron davlat televideniesi politsiya mahkamalari va harbiy bazalarni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan “qurollangan namoyishchilar” hujumini qaytarganini xabar qildi, ammo aynan qaysi mahkama yoki bazaga hujum uyushtirilganini aniq aytmadi. Eronning yarim rasmiy axborot agentliklari chop qilgan suratlarda Tehron shahrida namoyishchilarga qarshi suv otish qurilmalaridan foydalanilgani, shuningdek, ular davlat mulkiga zarar yetkazayotgani aks etgan. Yuzlab kishilar hibsga olingani haqida xabar tarqaldi, lekin politsiya vakillari ularning aksariyatini qo‘yib yuborganini bildirdi. Internetda tarqalgan videolarda namoyishchilar politsiya zobitlarini olqishlab, tinch namoyish o‘tkazayotgani tasvirlangan. Bir qurollangan namoyishchi kamida bir nafar politsiya xodimini o‘ldirgani haqida xabar qilindi.

JAHON JAMOATChILIGI QANDAY MUNOSABAT BILDIRMOQDA?

AQSh prezidenti Donald Tramp norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlab, Tvitterga bir necha marta izoh qo‘ydi. Davlat departamenti “tarixi bilan madaniyati ham, o‘zi ham boy mamlakatni iqtisodiy jihatdan qashshoq va yakkamoxov holatga keltirgan hamda rahbari faqat buzg‘unchilik, qon to‘kish va boshboshdoqlikni eksport qilayotgani” uchun Eron rahbariyatini aybladi. Ruhoniy Trampning tanqidini rad qildi. Uning fikricha, ko‘plab eronliklar Amerika prezidentidan AQSh vizasi olishni taqiqlab qo‘ygani va yadro dasturi bo‘yicha bitimni qayta tasdiqlamagani uchun darg‘azab ekanini aytdi. Yadro quroli bo‘yicha bitim ishtirokchilari bo‘lgan Britaniya bilan Germaniya ham Eronni tinch norozilik namoyishlariga ruxsat berishga chaqirdi. Eron hukumatining azaliy raqibi, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu namoyishchilarni “jasur” va “qahramon” deb atadi.

ERON DEMOKRATIK DAVLATMI?

Eron o‘zini Islom respublikasi deb ataydi. Saylab qo‘yilgan vakillari saylovchilar nomidan qonunlar qabul qiladi va hokimiyatni boshqaradi. Biroq davlat masalalarida so‘nggi so‘zni har doim oliy ruhoniy rahbar aytadi. Yarmini oliy ruhoniy rahbar tayinlagan, yarmini esa, sud hokimiyati nomzod qilib ko‘rsatgan va parlamant tasdiqlagan 12 kishilik Xavfsizlik kengashi barcha qonunlarni ma’qullashi shart. Kengash prezidentlikka va parlament deputatligiga barcha nomzodlarni ham ma’qullaydi, ammo u siyosiy tizimga xavf soluvchi va keskin islohot tarafdorlarining saylovda qatnashishiga yo‘l bermaydi. Faqat oliy ruhoniy rahbarga bo‘ysunadigan Inqilob sipohlari singari xavfsizlik kuchlari ikki vatandoshligi bor kishilarni va chet elliklarni doimiy tarzda hibsga olib turadi va ulardan xalqaro muzokaralar chog‘ida shaxmat piyodalari sifatida foydalanadi.

ENDI NIMA BO‘LADI?

Namoyishchilar keyingi kunlarda norozilikni yanada kuchaytirishga da’vat qilmoqda. Ruhoniy o‘z hukumati namoyishlarga ruxsat berishini, ammo shu paytgacha politsiya ruxsat bermagan namoyishlar noqonuniy ekanini aytdi. Namoyishlarga qanday javob berishni pirovardida oliy rahbar hal qiladi. Eurasia Group tashkiloti vakili Kliff Kupchan yakshanba kuni yozganidek, “Ish rejim omon qolishiga borib taqalganda, Xamenei o‘q otishdan ham qaytmaydi. Uning ixtiyorida ko‘plab sodiq va shafqatsiz askarlar bor”.

XS
SM
MD
LG