Линклар

Шошилинч хабар
19 июн 2018, Тошкент вақти: 09:59

Sirdaryo viloyat, Boyovut tumanining “Bunyodkor” QFYda yashagan 33 yashar Elmurod Mustafoevning yaqinlari u militsiya xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanganidan so‘ng vafot etganini iddao qilmoqda. Tez tibbiy yordam kasalxonasida ham Elmurod Mustafoev 28 dekabr kuni jag‘i singan holatda ichki ishlar bo‘limidan olib kelingani qayd qilingan. Tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Elmurod Mustafoevning militsiya xodimlari kaltaklaganini inkor qilmoqda. Bo‘lim boshlig‘i bilan bog‘lanishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Ikkinchi guruh nogironi, 33 yashar Elmurod Mustafoev 29 dekabr kuni badaniga yetkazilgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida o‘ziga kelmay vafot qilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan boyovutlik shifokorlardan birining aytishicha, 28 dekabr kuni kechqurun u jag‘ suyagi singan va badanida kaltak izlari bor bo‘lgan holatda kasalxonaga keltirilgan:

“Bu yigitni olib kelishganda baqirib militsiya xodimlarini so‘kkan. O‘zi ham ichib olgan ekan. Jag‘ini tikishgan va uxlab qolganidan so‘ng, uyiga javob berib yuborishibdi. Uyiga borgandan so‘ng o‘ziga kelmay ertalabga yaqin joni uzilgan”, dedi shifokor.

Vrachning aytishicha, Elmurodga kasalxonadan javob berilgan paytda u hushsiz bo‘lgan.

Elmurodning akasi Dilmurod Mustafoevning Ozodlikka aytishicha, tez yordam xodimlari uning ukasini militsiya bo‘limidan zambarda olib chiqib ketayotganini onasi ko‘rgan:

“Ukam shu kuni xotini bilan bojasining uyiga mehmonga borgan. Qishlog‘imizdan yosh bir taksichi bilan. Qaytayotganda ukam moshinda janjal qilgan va ular ukamni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, yo‘lning chetiga tashlab ketishgan. Keyin kimdir uchastkovoyga xabar qiladi, u ukamni ichki ishlar bo‘limiga olib ketadi. Keyin kelin kelib onamga aytganda, onam bilan xotini uni o‘sha qoldirgan joylariga izlab borishadi. Borsa yo‘q. Shunda uchastkovoy telefon qilib ukam ROVDda ekanini aytadi. Onam melisaxonaga borsa, uni jag‘i yirtilgan holatda tez yordam nosilkaga solib olib ketishayotgan ekan”, dedi Dilmurod.

Uning aytishicha, Tez tibbiy yordam kasalxonasida Elmurodning jag‘ini operatsiya qilishgan:

“Mana sizga fakt! Ukamni melisaxonaga olib borishganda jag‘i soppa-sog‘ bo‘lgan. U paytgacha, uni hech kim urmagan. Ukam 2012 yilda qattiq avariya bo‘lib, miyadan qattiq jarohat olgan edi, boshiga bir musht tushirsa o‘lib qoladigan darajada edi. Operatsiyadan keyin onam shu yerda qolsin desa, do‘xtirlar yo‘q, bu mast, uxlab yotibdi, uyga olib ketinglar hushyor bo‘lsa o‘ziga keladi degan. Keyin ukamni uyga olib keldik. Xuddi uxlab yotgandek edi. Ertalab ham uyg‘onmadi. Uyg‘otmoqchi bo‘lsak bir ikki xirilladiyu joni uzildi. U o‘sha duxturxonaning o‘zida komada bo‘lgan”, dedi Dilmurod.

Uning aytishicha, ukasining badanida juda ko‘p kaltak izlari ham bo‘lgan.

Elmurodning xotini Fotimaning Ozodlikka aytishicha, eri mashinada haddan tashqari janjal qilgan, lekin hech kim bilan mushtlashmagan:

“Taksichi bola erimning bo‘lasi bo‘ladi. Rosa tinchitmoqchi bo‘ldik, eplolmadik. Moshinani tepib oynasini sindirdi. Keyin pastga tushirib qo‘lini bog‘lashga majbur bo‘ldik. Taksichi borib onasini olib kelamiz dedi, men qolay desam, yo‘q, agar qolsangiz qo‘lini echasiz va u sizni urib bir balo qilishi mumkin, dedi. Keyin uni yo‘l chetida qoldirib, borib qaynonamni olib keldik. Kelsak biz qoldirgan joyda yo‘q. Melisaxonaga borganimizda uni nosilkaga solib, tez yordam olib ketyapti ekan”, dedi Fotima.

Boyovut tuman Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori 28 dekabr kuni Elmurod Mustafoevning jag‘i singan holatda shifoxonaga olib kelinganini va unga nisbatan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganini tasdiqladi:

“ROVDdan vizov bo‘lgan. Moshinamiz borib olib kelgan. Militsiya xodimlari ham birga kelgan. Jag‘i operatsiya qilinib, uyiga javob berib yuborilgan. Bizda qayd etilgani shu”, dedi shifokor.

Boyovut tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchisi eski yildagi qayd daftarlari olinganini ro‘kach qilib, bu haqda aniq ma’lumot berolmasligini, tergovchilarning barchasi viloyatda yig‘ilishda ekanligini aytdi:

“Men eshitmadim, bizning otdelda qo‘lga olinganlarni urish holati bo‘lmagan”, dedi navbatchi inspektor.

Ammo, Dilmurod Mustafoevning aytishicha, bu ish yuzasidan tuman prokuraturasi jinoyat ishi ochgan va o‘nlab odamlar so‘roq qilingan.

Ozodlik Boyovut tumani prokuraturasidan bu voqeaga izoh ololmadi.

Joriy yilning 11 oyida ichki ishlar tizimida xizmat intizomini buzganligi uchun 7,5 mingga yaqin xodim intizomiy jazoga, jinoyat sodir etganligi uchun esa 201 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yaqinda O‘zAmuxbiriga bergan intervyusida bildirdi.

“Biz bunday mas’uliyatsiz xodimlarni aniqlash va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash va saflarimizni tozalash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni davom ettiramiz”, - degan ichki ishlar vaziri.

XS
SM
MD
LG