Линклар

Шошилинч хабар
18 июл 2018, Тошкент вақти: 15:55

Andijonlik qo‘shiq shinavandasi marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning qo‘shig‘ini uyida baland ovozda qo‘ygani uchun militsiyadan ogohlantirish oldi.

46 yashar Gulnora Karimova Googoosha taxallusi bilan bir necha klip chiqargan.

Ismi sir qolishini so‘ragan 27 yashar andijonlik ayolning Ozodlikka aytishicha, voqea shaharning "Dukchi eshon" ko‘chasida 1 yanvar kuni ro‘y berdi.

- 1 yanvar kuni o‘z uyimda Gulnora Karimovaning "Ota" va "Oq bulut" qo‘shig‘ini baland qilib, kolonkada eshitib, uy ishlarini qilib yursam, ko‘chamizda ikkita militsiya xodimi paydo bo‘lib, uyimga bostirib kirdi. Googoosha qo‘shiqlarini eshitmasligim kerakligini aytib, mendan ariza yozdirib olishdi, - dedi ismi sir qolishini istagan 27 yashar ayol.

Militsiya xodimlari Googoosha muxlisiga yana uni qo‘shig‘ini qo‘yadigan bo‘lsa, jarimaga tortilishi haqida ogohlantirgan.

- Endi qo‘shiqni ham IIB ruxsati bilan eshitish qoluvdi, - deya e’tiroz bildirdi Gulnora Karimovaning andijonlik muxlisi.

Andijon shahar IIB xodimi esa Ozodlikka baland ovozda qo‘shiq qo‘yilgan uyning qo‘shnilaridan shikoyat tushgani va shikoyat asosida borishganini aytishdi.

- Qo‘shnilarini bezovta qilishgan, shuning uchun ogohlantrish berildi. Boshqa qaytarilmaydi, deb tilxat olindi, - dedi Andijon huquq-tartibot idoralarida ishlovchi xodimlardan biri Ozodlikka.

Ichki ishlar xodimining ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi tartib-qoidaga ko‘ra, kechqurun 22:00dan boshlab uyda to‘polon qilsa yoki baland tovush bilan qo‘shnisi tinchligini buzsa, militsiyaga shikoyat qilinishi mumkin.

Ammo, ogohlantirish olgan ayolning aytishicha, Gulnora Karimova qo‘shig‘ini kunduz kuni qo‘ygani va militsiya kelishidan oldin qo‘shnilari uning ustidan shikoyat qilmaganini aytadi.

Googoosha taxallusi bilan qo‘shiq kuylab kelgan Gulnora Karimova qo‘shiqlariga O‘zbekistonda taqiq bormi?

Ayni savol bilan Ozodlik "O‘zbekkonsert" estrada birlashmasiga telefon qildi.

Birlashma mulozimi bu haqda ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

46 yashar Gulnora Karimova O‘zbekistonda "ozodlikdan cheklangan va hibsda" saqlanmoqda.

Gulnora Karimova 2015 yilda soliq to‘lashdan bosh tortish kabi ayblovlar bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar bergandi.

AQSh Moliya vazirligi esa Karimovani o‘tgan oy korrupsiya va inson haqlarini toptagan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi jinoiy ish alohida ochilgan va ayni damgacha tergov ishlari davom etmoqda.

Tergov materiallariga ko‘ra, Gulnora Karimova jinoiy guruhga 1 trillion so‘mdan ortiq mulkni o‘zlashtirgan.

Qamalishidan oldin Gugushaning kliplari hukumat nazorat qiladigan telekanallarda tinimsiz aylantirilardi.

XS
SM
MD
LG