Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:30

Tbilisi sudi eks-prezident Saakashvilini sirtdan uch yilga kesdi


Mixail Saakashvili
Mixail Saakashvili

Tbilisi shahar sudi sobiq prezident Mixail Saakashvilini 2006 yilgi bir o‘lim holati bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan deb topdi hamda sirtdan uch yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Sudya Georgiy Arevadze 2004-2013 yillarda Gruziya prezidenti bo‘lgan Saakashvili ustidan chiqarilgan hukmni 5 yanvarda e’lon qildi. Hukmga ko‘ra, Saakashvili prezidentlik vakolatlarini suiiste’mol qilib, 2006 yili gruziyalik bankir Sandro Girgvlianining o‘ldirilishi bilan bog‘liq guvohlik materiallarni yashirishga uringan hamda qotillik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 4 kishini afv etish to‘g‘risida farmon chiqargan.

Saakashvili 5 yanvar kuni ayblovni, siyosiy sabablari bor, deb rad qildi va ayblov Gruziyadagi asosiy siyosiy muxoliflaridan biri, sobiq bosh vazir Bidzina Ivanishvili bosimi ostida e’lon qilinganini aytdi. Yana u ayblovni Rossiyaning davlat nazoratidagi gaz monopolisti «Gazprom» ta’siri bilan bog‘ladi.

Sobiq prezidentning aytishicha, Kievda bo‘lib o‘tayotgan yana bir sud jarayoni unga qarshi «Ukraina va Gruziyadagi oligarxlar hokimiyati o‘zaro kelishib, sinxron tarzda ish olib borayotgani»ni ko‘rsatmoqda, chunki u «korrupsiya, oligarxlar va odamlar talon-taroj qilinishiga qarshi kurash olib borayotir».

Saakashvili Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘ziga qarshi «ham Gruziya, ham Ukraina hokimiyat idoralaridan repressiv choralar ko‘rishni talab qilgani»ni butun dunyo bilishini aytdi.

Saakashvilining davlat tayinlagan advokati Sofio Goglichidze hukm o‘qilgandan so‘ng sud Gruziyaning sobiq prezidentiga jazo tayinlashda «bir qancha huquqiy qoidalar va konstitutsiya»ni buzdi, deb bayonot berdi.

Gruziya birlashgan banki Xalqaro departamentini boshqargan Girgvliani 2006 yil yanvarida Tbilisi tashqarisida ko‘plab jarohatlar bilan o‘lik holda topilgan edi. Ba’zi kishilar sal oldinroq uning barda Ichki ishlar vazirligi yuqori lavozimli zobitlari bilan bahslashayotganini ko‘rganini aytgan.

Girgvliani o‘ldirilgan paytda Saakashvili Gruziya prezidenti bo‘lgan hamda 2006 yili qotillikda ayblangan to‘rt nafar gruzinni afv etish to‘g‘risida farmon chiqargan.

Prokurorlar Saakashvili Gruziya prezidenti lavozimidan ketgandan so‘ng, 2014 yilda mazkur ishni qayta ko‘rib chiqdi. Sud Saakashvili bilan Gruziyaning boshqa amaldorlarini qotillik ishi muhokama qilinayotgan sudga qalbaki guvohlik ma’lumotlari berganlikda aybladi.

Saakashvilining Gruziyadagi Yagona milliy harakat partiyasi a’zosi Xatiya Dekanoidze 5 yanvar kuni Tbilisida chiqarilgan hukm Ukraina hokimiyat idoralariga Saakashvilini Gruziyaga ekstraditsiya qilishda yordam berishi mumkinligini aytdi. Biroq sobiq prezidentning Ukrainadagi advokati Ruslan Chornolutskiy 5 yanvarda Ozodlik radiosiga mijozining huquqiy maqomi Gruziyaga ekstraditsiya qilinishiga yo‘l bermasligini aytdi.

Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko Saakashvilini sobiq prezident Viktor Yanukovich boshliq «jinoiy guruh»ga mansublikda aybladi.

Ukraina hokimiyat idoralari Saakashvili yetakchiligidagi norozilik namoyishlari rasmiy Kiev hukumatiga qarshi fitna ekanini aytmoqda.

Saakashvili 3 yanvar kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatini o‘ziga qarshi guvohlik materiallarini soxtalashtirishga aralashganlikda aybladi. Unga ko‘ra, o‘sha materiallar ayni paytda Kievda uning ustidan bo‘lib o‘tayotgan sud majlisiga taqdim etilgan.

U ushbu iddaosini tasdiqlovchi hech qanday isbot keltirmadi.

2013 yili Gruziya prezidenti lavozimidan bo‘shagan Saakashvili talabalik yillaridagi kursdoshi, Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning komandasiga qo‘shilgan edi. Poroshenko Saakashviliga 2015 yilning 30 mayida Ukraina fuqaroligini bergan va uni Odessa oblasti gubernatori etib tayinlagan edi.

2016 yil oxirida Saakashvili Ukraina hukumatiga muxolif ekanligini e’lon qilgan va o‘shandan buyon siyosiy islohotlar talabi bilan ko‘pming kishilik mitinglar o‘tkazib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG