Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:58

O‘zbekistonliklarga takror "Haj" ziyoratiga borish taqiqlandi


Samarqandliklar Haj amallarini bajarish uchun Makkaga jo‘nab ketishmoqda, 12 sentabr, 2015 yil
Samarqandliklar Haj amallarini bajarish uchun Makkaga jo‘nab ketishmoqda, 12 sentabr, 2015 yil

Vazirlar Mahkamasining 6 yanvar kuni Norma.uz axborot-huquqiy portalida e’lon qilingan qaroriga muvofiq, bundan buyon o‘zbekistonliklar takror "Haj" ziyoratiga borolmaydi. Bundan tashqari, "Umra"ga borishni istovchilar ham so‘nggi 2 yil ichida bu ziyoratni qilmagan, so‘nggi 5 yil ichida esa "Haj"ga bormagan bo‘lishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 1031-sonli qarorida aytilishicha, "Haj" safariga nomzodlarni tanlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish maqsadida" takroriy "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil qilish tartibiga o‘zgartirilgan.

Norma.uz saytida chop etilgan matnda alohida ta’kidlanishicha, bundan buyon O‘zbekistondan "Haj" ziyoratiga borishni istovchilar, avvalgidek so‘nggi 5 yil ichida emas, balki umri davomida bu ziyoratga bormagan bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qaroriga yozilgan sharhda aytilishicha, "Haj" va "Umra" ziyoratiga boruvchilarni saralash safarga 5 oy qolganda boshlanadi, talabgorlar navbatga yozilishidan suhbatdan o‘tkaziladi, muhimi, ziyoratga boruvchilardan "yo‘ldan adashganlarni sog‘lom hayotga qaytarish tadbirlarida faol qatnashish" talab qilinadi.

Bundan tashqari, "Haj"ga borishni istovchi imom-xatiblarga imtiyozli asosda tavsiya berish tartibi o‘rnatildi.

Ziyoratga boruvchilar esa har bir tuman va shahar hokimiyatlarida tashkil qilingan 7 kishilik komissiya tomonidan saralanadi va bu saralash bosqichlari har bir mahallaning qo‘mitasi tomonidan tashkil qilinadi.

O‘tgan yilning dekabr oyi boshida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi "Haj"ga boruvchilarga talablarni kuchaytirgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 1 dekabr kuni e’lon qilgan Haj haqidagi fatvosida:

"Hajga borish uchun talabgorlarda hajning farz bo‘lishi uchun hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta’minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga etadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi kabi zarur shartlarning mavjudligiga e’tibor qaratilsin", deyiladi.

Bundan tashqari, fatvoda talabgor mahallada yurish-turish va muomalada o‘zgalarga ibrat hamda namuna ko‘rsatgan bo‘lishi lozimligi aytilgan.

O‘tgan yili O‘zbekistondan "Haj" ziyoratiga boruvchilar soni qariyb 40 foizga oshirilib, 7 ming 200 o‘zbekistonlik "Haj"ga bordi. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bu miqdor yildan yilga oshirib borilishini bildirgan.

Biroq "Umra" kvotasi 6 ming kishi miqdorida saqlanib qolayotgan edi.​ 29 dekabr kuni RIA-Novosti agentligining yozishicha, 2018 yili 10 ming o‘zbekistonlik Umra ziyoratini amalga oshirishi to‘g‘risida Saudiya Arabistoni bilan kelishuvga erishilgan.

Islomiy Hamkorlik Tashikilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari 1987 yilda imzolagan bitimga muvofiq, har bir mamlakat Hajga bir million musulmon aholisidan mingtagacha ziyoratchi yuborishga haqlidir.

Bu kvotaga amal qilinsa, 32 milliondan ortiqroq aholisi bo‘lgan O‘zbekiston yiliga kamida 20 ming odamni Hajga jo‘natish haqqiga ega bo‘ladi.

Prezident Karimov davrida O‘zbekiston bu imkoniyatdan foydalanmadi, oqibatda Hajga borish uchun yillarga cho‘zilgan navbatlar paydo bo‘ldi. Bu jarayonning korrupsiyalashganiga oid ko‘plab shikoyatlar bor.

Har yili O‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratlari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning to‘liq nazorati va tashkilotchiligi ostida amalga oshiriladi.

XS
SM
MD
LG