Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:51

Rishtonda cholu kampir is gazidan zaharlanib nobud bo‘ldi


 O‘zbekiston qishloqlarida uy asosan o‘tin va ko‘mir pechkalari vositasida isitiladi
O‘zbekiston qishloqlarida uy asosan o‘tin va ko‘mir pechkalari vositasida isitiladi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanining Qozi Ahror mahallasida istiqomat qilgan oltmish yoshdan o‘tgan eru xotin yettinchi yanvarga o‘tar kechasi is gazidan zaharlanib vafot qildi. Bu haqda xabar bergan rishtonlik inson huquqi himoyachisiga ko‘ra, er-xotin pechkada yonib turgan ko‘mirni olib tog‘oraga solib qo‘ygan. Ular bilan doim birga yotadigan nevarasi o‘sha kuni onasining uyida uxlab qolganligi tufayli falokatdan omon qolgan.

Риштонда чолу кампир ис газидан заҳарланиб нобуд бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:56 0:00
Бевосита линк

Rishton tumani Qozi Ahror mahallasida yashagan 67 yashar chol va uning 62 yashar xotini (eru xotinning ism-sharifi Ozodlikka ma’lum – tahririyat) is gazidan vafot etganligi haqida inson huquqi himoyachisi va o‘qituvchi Bahodir Eliboev o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozdi.

“Er-xotin ko‘mir isidan dimiqib o‘lishdi. Odatda o‘tish davri shok terapiyasida o‘tadi. Biz 25 yil shokda yashadik. Endi terapiyadamiz. Terapiya davrida ham mana shunday yo‘qotishlar bo‘lib turadi”, deb yozdi o‘qituvchi.

Bahodir Eliboevning Ozodlikka aytishicha, falokat eru xotinning e’tiborsizligi oqibatida sodir bo‘lgan:

- Men marhumlarning yaqinlari bilan gaplashdim. Ularning aytishlaricha, pechkali uy bo‘lgan. Yotishdan oldin pechkadagi yonib bo‘lay degan cho‘g‘ni olib, o‘rniga ertalabgacha sovib ketmasin deb yangi ko‘mir tashlashgan. Boyagi olingan cho‘g‘ ham tog‘orada pechkaning yonida qolgan ekan. Uni tashqariga olib chiqishmagan yoki sandalga solib qo‘yishmagan. Balki shunday tursa ko‘proq issiq berar, deb o‘ylashgandir. Ertalab, kelini kirsa ikkisi ham o‘lib yotgan ekan, dedi Bahodir Eliboev.

Rishton tumani ichiki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.

Qozi Ahror mahallasi faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, chol-kampirning yagona o‘g‘li mehnat muhojirligida bo‘lgan:

“Marhumlarning bittagina o‘g‘li bor edi. U Rossiyada ishlardi. Kelini va nevaralari bilan birga turardi. Cholu kampir har kuni bir nevarasini o‘zlari bilan olib yotishar ekan. Lekin o‘sha kuni nevara o‘z uylarida uxlab qolgan ekan, indashmabdi. Shu sabab bo‘lib, bola o‘limdan omon qolgan. O‘g‘liga telefon qilingan, keldimi yoki yo‘q, hozircha xabarim bo‘lmadi”, dedi mahalla faoli.

Huquq himoyachisi Bahodir Eliboevning aytishicha, Rishtonning aksar mahallalariga gaz quvuri tortilgan bo‘lsada, lekin gazning uzilganiga o‘n besh yildan ko‘p bo‘lgan va shuning uchun hamma o‘zini ko‘mir bilan o‘tinga urgan:

- Avgustdan suyultirilgan gazning bir kilosi 800 so‘m bo‘lar ekan. Kichkina gaz ballonni hozir 17 ming so‘mga olayotgan bo‘lsak, endi u 32 ming so‘mga aylanadi. Pechkafurush Dima Qayum shu paytgacha Neksiya olmaganiga hayronman. Pechka, o‘tin, ko‘mir savdosi avjiga chiqdi. Ko‘mirning bir kilosi bir yarim ming so‘m, arzon narxdagi tuproq ko‘mirni hech kim olmayapti. Uni briketchilarga sotgan ma’qul. Bir dona ko‘mir briketi hozir 5 ming so‘mga chiqdi. O‘tinning o‘zi yo‘q. Odamlarning hovlisida bitta uzum qoldi, xolos. Masalan mening hovlimda 6ta o‘rik bor edi. Yo‘q, qolmadi, hammasini kesib yoqdik. Bollaring sovqotib tursa, ko‘zingga hech narsa ko‘rinmas ekan, deydi Bahodir Eliboev.

O‘zbekistonda qish mavsumida gaz va elektr ta’minoti yomon bo‘lgan hududlarda is gazidan halok bo‘lish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan yilning fevral oyida Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Toz qishlog‘idagi xonadonlardan birida yuz bergan yong‘in oqibatida bir oilaning sakkiz a’zosi nobud bo‘lgan edi. Oila uyini isitish uchun yoqqan ko‘mirdan is gazi chiqishi oqibatida halok bo‘lgan.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qilgan er-xotin va ularning bir qizi 2016 yilning 30 dekabrida is gazidan zaharlanib o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG