Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

O‘zbek-Tojik chegarasini kamida 76 odam o‘limiga sabab bo‘lgan minalardan tozalash muhokama etildi


Bosh vazir Abdulla Aripov (chapda) prezident Emomali Rahmon tomonidan 10 yanvarda qabul qilindi.
Bosh vazir Abdulla Aripov (chapda) prezident Emomali Rahmon tomonidan 10 yanvarda qabul qilindi.

Bosh vazir Abdula Aripovning 10 yanvar kuni Dushanbeda prezident Emomali Rahmon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi chegaralar muammosi ham muhokama etildi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha, tomonlar vatandoshlarning chegaradan o‘tishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish, ikki davlat o‘rtasidagi minalashtirilgan hududlarni tozalash kabi masalalarni ko‘rib chiqqan.

Minalashtirilgan chegaralar ikki davlat o‘rtasidagi eng katta muammolardan biri hisoblanadi.

Tojikiston bilan chegaradagi piyodalarga qarshi minalar o‘zbek chegarachilari tomonidan 2000 yillar boshidayoq O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining mamlakat hududiga yorib kirishi oldini olish uchun ko‘milgan.

Tojikiston Mina masalalari bo‘yicha markazining ma’lumotiga ko‘ra, 1999 yildan 2011 yilgacha chegaradagi minalardan 160 dan ziyod odam jabr ko‘rgan, ulardan 76 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 15 nafari yosh bola, 5 nafari ayol bo‘lgan.

Bu minalardan O‘zbekiston fuqarolari ham jabr ko‘rgani aytib kelinadi. Lekin bu borada rasmiy ma’lumotlar mavjud emas. Shuningdek, 2011 yildan beri shu kungacha bo‘lgan davrda minalardan qancha odam jabr ko‘rgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ochiqlanmagan.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarning uzunligi 1332,9 kilometrni tashkil qiladi. Bu chegaraning 20 foizi shu kungacha aniqlanmagan.

Uchrashuvda prezident Emomali Rahmon Tojikiston O‘zbekiston bilan suv-energetika zahiralaridan foydalanish masalasida mintaqaviy manfaatlarga zid kelmagan holda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekaniga alohida to‘xtaldi.

Bundan tashqari Abdulla Aripov va Emomali Rahmon eksport tariflarini kamaytirish, mavjud temir yo‘llardagi qatnovlarni jonlantirish masalasini ham muhokama qilgan.

O‘zbekiston Bosh vazirining Tojikistonga safari jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoevning Dushanbega rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga safari joriy yilning bahorida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning 10 yanvarda Tojikistonga boshlangan safari 11 yanvarda yakuniga etadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 yanvar kuni Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashi sessiyasida so‘zlagan nutqida Tojikistonga temir yo‘l va elektr uzatish liniyalari ochilishi haqida kelishuvga erishilganini bildirgan edi.

O‘z so‘zida prezident “Barcha qo‘shnilar bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘yish kerak. Bunga vaqt kerak, axir 20 yillik muzni eritish oson emas”, deb aytgan edi.

O‘zbekiston-Tojikiston aloqalari Dushanbe Rog‘un GESi barpo etilishini e’lon qilgani ortidan keskin yomonlashgan edi. Buning ortidan 2011 yilda prezident Islom Karimov ko‘rsatmasi bilan Tojikiston uchun strategik hisoblangan Amuzang-Termiz temir yo‘lining bir qismi yopib qo‘yilgandi.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan sovuqlashgan aloqalari Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng iliqlasha boshladi.

XS
SM
MD
LG