Линклар

Шошилинч хабар
18 июл 2018, Тошкент вақти: 17:54

MIB vodoprovodi yo‘q aholidan ichimlik suvi uchun qarz undiryapti


Aholi 3-5 kilometr masofadagi ana shu magistral quvurdan bekor oqib yotgan suvni tashib ichgani uchun qarzdor qilib qo‘yildi

Surxondaryo viloyat, Qiziriq tuman “Suvoqova” tashkiloti vodoprovod quvuri bormagan, ichimlik suvni 3 - 5 kilometr masofadan tashib ichgan mahalliy aholiga 500 000 so‘mdan 1 000 000 so‘mgacha to‘lov soldi. Tuman Majburiy ijro byurosi, odamlarning e’tiroziga qaramasdan, bu to‘lovni undirishga kirishdi.

МИБ водопроводи йўқ аҳолидан ичимлик суви учун қарз ундиряпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:56 0:00
Бевосита линк

Qiziriq tumani markazidan taxminan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan Istiqlol mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan pensionerlaridan birining Ozodlikka aytishicha, u Majburiy ijro byurosidan 500 ming so‘m qarzni to‘lashi shartligi haqida muhrsiz xat olgan:

“Bizning mahalla vodoprovod deganini hayotida ko‘rmagan. Bitta ham tochka yo‘q, bir metr ham truba kelmagan. Bo‘lmasa xalq qaerdan suv ichyapti, dersiz? Aytaman. Katta Qiziriq yo‘lining Jarqo‘rg‘on tomon ketayotgan tomonida yerdan chiqib turgan bitta truba bor. Bu Termiz tomonga ketadigan katta trubani besh-olti metr joyi yerdan ko‘tarilib qo‘yilgan, ya’ni tagidan zovur o‘tgan. Ana shu joyda trubaning teshigi bor, suv sharillab oqib yotibdi. Biz o‘sha yerdan tashib suv ichamiz. Atrofdagi Tinchlik, Zarbdor mahallasi ham shu yerdan suv oladi. Xalq olsa-olmasa u suv bekor zovurga oqib yotibdi. Endi, sizlar ana shu suvdan ichgansiz deb, menga 500 ming so‘m qarz yozibdi”, deydi otaxon.

MIBning talabnomasi
MIBning talabnomasi

Uning aytishicha, markaziy quvurdagi bu suvning Qiziriq tumani “Suvoqova” tashkilotiga umuman aloqasi yo‘q, lekin aholiga bir million so‘mgacha qarz yozilgan.

Qiziriq tumani "Suvoqova" tashkiloti
Qiziriq tumani "Suvoqova" tashkiloti

​Ismi sir qolishini so‘ragan yana bir qiziriqlik o‘qituvchining aytishicha, u Majburiy ijro byurosiga arz qilib borgan, lekin byuro xodimi qarzni to‘lashi shart ekanligini aytgan:

“Majburiy ijroga borsam, bizga “Suvoqova” shu ro‘yxatni bergan, to‘lamasdan ilojingiz yo‘q, bizni boshqasi qiziqtirmaydi, dedi. Keyin “Suvoqova”ga bordim. Xodim "biz jon boshiga 2700 so‘mdan narxlayapmiz, o‘n yillik qarzlaring bor", deyapti. Men "qani shartnoma, qani bizda vodoprovod qaerda bor", desam, "ana u teshik trubadan tashib ichgansizlar", deyapti. "Balki men kanalning suvidan ichgandirman, balki men boshqa joydan olib kelib ichgandirman, siz qaerdan bilasiz", desam, yelka qisadi. Odamlar Sherobod chegarasidan tashib ichadi, Katta qumdan tashib ichadi. Suv yetkazib ber, keyin pul talab qil, deydigan odam yo‘q. Bular mahalladan aholi ro‘yxatini olib, ko‘r-ko‘rona jon boshiga bo‘lib tashlagan”, deydi qiziriqlik o‘qituvchi.

Qiziriq tumani "Suvoqova" tashkilotining yorilgan quvuridan chiqayotgan bu suvga hech kim haq so‘ramaydi
Qiziriq tumani "Suvoqova" tashkilotining yorilgan quvuridan chiqayotgan bu suvga hech kim haq so‘ramaydi

​Qiziriq tumani Majburiy ijro byurosining xodimi Ozodlik bilan suhbatda, ular berilgan ro‘yxat bo‘yicha qonun doirasida ish qilayotganini aytdi:

“Bizga qarzdorlar ro‘yxatini “Suvoqova” bergan. Biz undirishimiz shart. Agar norozilar bo‘lsa, bu mammoni “Suvoqova” bilan hal qilsin”, dedi byuro xodimi.

Ozodlik Qiziriq tumani “Suvoqova” tashkiloti boshlig‘i Shuhrat Shodmonov bilan bog‘langanda, u majlisda ekanligini aytib keyinroq qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi. Ammo, keyin boshliqning telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Majburiy ijro byurosi aholining gaz, elektr energiyasi va kommunal to‘lovlardan, fermerlarning davlatdan qarzini undirish maqsadida Bosh prokuratura qoshida, Prezident Mirziyoevning 2017 yil 19 maydagi farmoni asosida tashkil qilingan edi.

Qarzdorlik kelib chiqish sabablarini o‘rganmaydigan bu tashkilot, agar aholi yoki fermerning qarzini to‘lash imkoni bo‘lmasa, e’tiborni uning xususiy mulkini tortib olishga qaratadi.

Jumladan, o‘tgan yilning 1 dekabrida Surxandaryo viloyati Muzrabot tumani Majburiy Ijro Byurosi (MIB) va militsiya xodimlari tumanning At-Termiziy mahallasida yashovchi fermer Ibrohim Xolnazarovning bir necha qop guruchini tortib olishga uringan edi.

XS
SM
MD
LG