Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2018, Тошкент вақти: 10:09

OzodDayjest: Buxoro viloyati tumanlarida go‘daklar o‘limi ko‘paygan


Illyustrativ surat.

O‘tgan yili Buxoroning Shofirkon, Olot, Qorovulbozor, Buxoro, Vobkent va Kogon kabi tumanlarida go‘daklar o‘limi ko‘paygani aniqlandi. Surxondaryoda maktab o‘quvchisini “buzuqxona mudirasi” chavaqlab o‘ldirdi.Qo‘qonda ko‘cha “avtoriteti” og‘ir jinoyatlari uchun uzoq muddatga qamaldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

2017 yilda Buxoro tug‘ruqxonalarida 77 nafar go‘dak nobud bo‘ldi

Buxoro viloyatida go‘daklar o‘limi bilan bog‘liq tekshiruvlarda bir qator kamchiliklar aniqlandi (“Huquq”, 18 yanvar). Viloyat bo‘yicha statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Shofirkon, Olot, Qorovulbozor, Buxoro, Vobkent va Kogon kabi hududlarida go‘daklar o‘limi ko‘paygan. Xususan, onalar o‘z vaqtida skrining ko‘rigidan o‘tmagani bois 2017 yilda 51 nafar bola tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelib, vafot etgan. Qayd etilishicha, onalik va bolalikni muhofaza qilish, birinchi tibbiy yordam muassasalarida homiladorlarga yordam ko‘rsatishga oid qonun hujjatlari amalga to‘la tatbiq etilmayotgani oqibatida tug‘ruqxonalarda 77 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. Go‘daklar o‘limining har bir holati bo‘yicha IIB bilan hamkorlikda xizmat tekshiruvlar o‘tkazilib, 152 nafar tibbiyot xodimi turli jazoga tortilgan.

Denovda maktab o‘quvchisi “buzuqxona mudirasi” tomonidan o‘ldirildi

Surxondaryo viloyati Denov shahrida yashovchi, ikki farzandning onasi bo‘lmish Dilnoza Aliboeva voyaga yetmagan o‘smir B.N.ni chavaqlab o‘ldirdi (“Darakchi”, 18 yanvar). Viloyat prokurori U.Saidovga ko‘ra, 2018 yil 2 yanvar kuni soat 20:00 larda Denov shahri “Guliston” ko‘chasida Dilnoza Aliboeva mast holda tanishi, voyaga yetmagan B.N. bilan janjallashib qolgan va uning ko‘kragiga pichoq urgan. O‘smir og‘ir jarohatdan voqea joyida vafot etgan. Prokuratura D.Aliboevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochib, tergov olib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tafsilotlarga qaraganda, kollej va maktabning bir necha o‘quvchisi Denovdagi buzuqxonaga kelgan va “buzuqxona mudirasi” voyaga yetmagan o‘quvchiga pichoq urib o‘ldirgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu qotillikda buzuqxonalarni yopmay, ularning faoliyatiga panja orasidan qaragan mutasaddilarning ham aybi borligini yozgan. Qayd etilishicha, qotillikda ayblanayotgan D.Aliboeva avval qasddan o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, fohishaxona tashkil etish kabi jinoyatlarni sodir etgan.

Qo‘qonda xorij filmlariga taqlid qilib otishma sodir etgan ko‘cha “avtoriteti” ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ko‘cha “avtoriteti” og‘ir jinoyatlari uchun uzoq muddatga qamaldi. “Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, savdogar oiladagi voyaga yetgan yigit to‘qlikka sho‘xlik qilib, o‘zini “avtoritet” sifatida tan olishlari uchun “ko‘cha ko‘zir”lari bilan mushtlashib yurgan. Shuningdek, xuddi xorijning jangovar filmlaridagi kabi qurol saqlab, yengil mashinada kezib, bar, restoranlarda vaqtichog‘lik qilishga odatlangan. Ismi oshkor etilmagan yigit 16 kalibrli “IJK” rusumli miltiqda otishma sodir etib, bir kishini og‘ir yaralagan, yana bir vatandoshni pichoqlagan. Bir muddatda Toshkentda qochib yurgan. Zo‘ravonlik bilan tevarak-atrofdagilarga hukmini o‘tkazmoqchi bo‘lgan “avtoritet” qo‘lga olinib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG