Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

“Bola-chaqaga bir-ikki so‘m ko‘proq qolsin, deb avtobusda yo‘lga chiqishgandi”


Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani, Chindavul qishlog‘ida yashovchi Ulug‘bek Dadaboev Qozog‘istonda 18 yanvar kuni ro‘y bergan avtobus yong‘inida Rossiyaning Samara shahridagi qurilishlarda ishlagan ikki sinfdosh do‘sti ham halok bo‘lganini Ozodlikka aytib berdi.​

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida avtobusda chiqqan yong‘inda halok bo‘lgan namanganlik mehnat muhjirlari Qahramon Xotamov va Zohidjon Imomalievlarning maktabda birga o‘qigan do‘sti Ulug‘bek Dadaboev Ozodlik bilan suhbatda fojeadan ikki kun oldin marhum sinfdoshlari bilan birga choyxonada o‘tirishgani, ular bola-chaqasiga bir-ikki so‘m ko‘proq pul qoldirish uchun Rossiyaga avtobusda yo‘lga chiqishganini aytdi.

Ulug‘bekka ko‘ra, 30 yoshli Qahramon Xotamov va Zohidjon Imomalievlar Yangi yilni oilasi bilan kutish uchun O‘zbekistonga dekabr oyi boshida avtobusda ta’tilga kelishgan, "bola-chaqaga bir-ikki so‘m ko‘proq pul qolsin", deb Samaraga qaytishga ham avtobusda yo‘lga chiqishgan.

- Samaraga ketishidan bir kun oldin birga choyxonada gap qilib o‘tirdik. Juda xursand edi ikkalovi ham. Yangi yilni farzandlari bilan kutishga kelishgandi. Ikkalovini ham uchtadan farzandi bor. Qahramonning katta o‘g‘li, 7 yoshda, maktabga boradi, kichigi emizikli. Zohidxonning ham 3 bolasi bor. Rossiyaga pul topishga ketayotganliklari uchun har bir so‘m qadrli-da. Poezdga qaraganda avtobus ikki baravar, samolyotga qaraganda to‘rt baravar arzon ekan-da. Shuning uchun, bir-ikki kun avtobusda o‘tirsak-o‘tiribmiz, bola-chaqaga bir-ikki so‘m qolsin deb, bular avtobusda yo‘lga chiqishgandi, kim bilibdi bunaqa bo‘lishini - deydi Ulug‘bek.

Ulug‘bekning aytishicha, Qahramon Xotamov va Zohidjon Imomalievlar Samarada 5 yildan buyon qurilishda ishlab kelishgan.

Ular Rossiyada bu yil yozda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun qurilayotgan "Samara-Arena" stadioni qurilishida ham qatnashishgan.

- Samarada futbol chempionati uchun qurilayotgan “Samara- Arena” stadioni qurilishida ham qatnashgan ekan bular. Yozda shu stadionda jahon chempionati o‘yinlari bo‘lar ekan. Shu haqda faxrlanib gapirib berishgandi. Ertaga 20 yanvar kuni ularning jasadlari qoldiqlarini olib kelishar ekan. Bugun juma namozida ularning qarindoshlariga ta’ziya bildirildi. Toshkentdan odamlar kelib, uyiga ta’ziya bildirib ketishdi, - dedi Ulug‘bek.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istonda avtobus yong‘inida halok bo‘lgan 52 kishidan 31 nafarining shaxsi aniqlangani, ularning deyarli barchasi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan ekanini ma’lum qildi.

Vazirlik e’lon qilgan ro‘yxatdan ma’lum bo‘lishicha, shaxsi aniqlangan qurbonlar To‘raqo‘rg‘on tumaning “Katta qurama”, “O‘zbekiston”, “Bozorboshi”, “Chindavul”, "Shohidon" qishloqlaridan, bir nafari esa Namangan shahridan.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, viloyat ishchi komissiyasi tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida fojia qurbonlarining oilaviy sharoitini o‘rganish, oila a’zolariga tibbiy-psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Samara - Chimkent avtoyo‘lining Qozog‘istondan o‘tadigan qismida 18 yanvarda 57 kishi borayotgan avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar odam halok bo‘lgan, 5 nafar odam yonayotgan avtobusdan qochib chiqishga ulgurgan edi.

XS
SM
MD
LG