Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2018, Тошкент вақти: 10:15

O‘zbek elchixonasining yopiq darvozasi oldida motam tadbiri o‘tkazildi 


20 yanvar kuni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi oldida Rossiyada yashovchi o‘nlab o‘zbekistonlik Qozog‘istonda avtobus yong‘inida halok bo‘lgan vatandoshlarini xotirlash marosimini o‘tkazdi. Moskvadagi "Vatandosh" birlashmasi prezidenti Usmonxon Baratov bu haqda ma’lum qildi. Baratovga ko‘ra, marosim payti elchixonadan hech kim ular oldiga chiqmagan.

Moskvadagi "Vatandosh" birlashmasi prezidenti Usmonxon Baratovning ma’lum qilishicha, 20 yanvar kuni o‘nlab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va faollar Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasining yopiq darvozasi oldida Qozog‘istonda halok bo‘lgan vatandoshlari xotirasiga motam tadbiri o‘tkazishgan.

Ular elchixonaning yopiq darvozasiga gul qo‘yishdi.

"Vatandoshlar qattiq sovuqda o‘tkazishdi va 20 yanvarni motam kuni deb e’lon kilishdi. Kelganlarni oldiga na elchi na boshqa xodimlar chiqdi! Qolaversa elchixonadagi O‘zbekiston bayrog‘i motamga bag‘ishlab tushirilmabdi! Elchi uchun 52-ta yosh Vatandoshlarni o‘limi oddiy bir kun ekan! Xayf senga elchi!", - deya bayonot berdi Usmonxon Baratov.

Ozodlik O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasidan bu borada izoh ololmadi.

18 yanvar kuni Qozog‘istonning Irg‘iz tumanida mehnat muhojirlari bo‘lgan avtobus yonib ketishi oqibatida O‘zbekistonning 52 fuqarosi yonib ketgan, 5 kishi omon qolgan edi.

O‘zbekistonda rasman motam e’lon qilingan emas. Lekin, Musulmonlar idorasi matbuot xizmati 19 yanvar kuni Qozog‘istondagi fojia munosabati bilan O‘zbekistonning barcha masjidlarida Juma namozida halok bo‘lganlarning haqqiga tilovati Qur’on qilinib, duolar qilinganini bildirdi.

Musulmonlar idorasi rahbarlari Namangan viloyatiga, halok bo‘lgan insonlarning oilalariga hamdardlik izhor etish uchun borganlar.

O‘zbekiston prezidenti ham qurbonlarning oilalariga o‘z ta’ziyasini bildirgan.

XS
SM
MD
LG