Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:06

Toshkentda 10 yashar bola suvga cho‘kayotgan do‘stini qutqarib, o‘zi halok bo‘ldi


Voqea 21 yanvar kuni Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish 2/5 dahasidan oqib o‘tuvchi kanalda ro‘y berdi.
Voqea 21 yanvar kuni Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish 2/5 dahasidan oqib o‘tuvchi kanalda ro‘y berdi.

Suvga cho‘kayotgan sinfdosh do‘stini qutqaraman, deb o‘zi halok bo‘lgan 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboev 24 yanvar kuni Toshkentda dafn etildi. Fojia 21 yanvar kuni Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qora-qamish 2/5 dahasidan oqib o‘tuvchi kanalda ro‘y berdi. Bolaning jonsiz jasadi ikki kun o‘tib cho‘kkan joyidan 1 kilometr olisdan topildi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, Abdulla 21 yanvar kuni maktabdan qaytayotganida u birga bo‘lgan sinfdosh do‘sti Ro‘ziboev Shoxjahon suvga tushib ketgan.

Uni qutqarish uchun Abdulla o‘zini suvga tashlaydi, do‘stini qutqaradi, o‘zini esa, suv oqizib ketadi.

Qoraqamish 2/5 dahasida yashovchi Abdulla Ro‘ziboevning qo‘shnilaridan biri Ozodlikka bu haqda gapirib berdi.

- Kanal ustidan truba o‘tgan. Bu bolalar 21 yanvar kuni kechki 4 yarimlarda maktabdan qaytishda shu trubaning ustidan o‘tayotganlarida bittasi suvga tushib ketadi. Uning ketidan do‘stini qutqaraman deb, Abdulla ham suvga sakraydi. Do‘stini qutqaradi, o‘zini esa suv oqizib ketadi. U yerda oqim kuchli-da. Jasadini ikki kun qidirib, cho‘kkan joyidan bir kilometr uzoqlikdagi damba yaqinidan topishdi. Bugun janozasiga bordik, Minorga dafn etishdi, - dedi halok bo‘lgan bolaning qo‘shnisi.

Suvga cho‘kayotgan sinfdosh do‘stini qutqaraman, deb o‘zi halok bo‘lgan 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboev 24 yanvar kuni Toshkentda dafn etildi.
Suvga cho‘kayotgan sinfdosh do‘stini qutqaraman, deb o‘zi halok bo‘lgan 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboev 24 yanvar kuni Toshkentda dafn etildi.

Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish 2/5 dahasidan oqib o‘tuvchi kanalga cho‘kkan 10 yoshli Abdullani Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari qidirayotgani aks etgan video 21 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan edi.

Ozodlikning aniqlashicha, do‘stini qutqaraman deb, suvga cho‘kib halok bo‘lgan Abdulla Ro‘ziboev Toshkentning Olmazor tumanidagi 134-sonli maktabda o‘qigan.

Maktab o‘qituvchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Abdulla boshqa bolalarga o‘rnak bo‘ladigan darajada, a’lo baholarga o‘qiganini aytdi.

- Abdulla juda tirishqoq, fanlardan faqat a’lo baholarga o‘qir edi. Sinfdagi faol o‘quvchilardan edi. Do‘stini qutqardi, do‘stining hayotini saqlab qoldi, - dedi Abdullaning o‘qituvchisi.

Toshkent shahar, Olmazor tuman militsiyasi tergovchilari sodir bo‘lgan voqeaga baxtsiz hodisa sifatida qarashmoqda.

Poytaxtliklar Olmazor tumanining Qoraqamish 2/5 dahasidagi ko‘p qavatli uylar yonidan oqib o‘tadigan kanal atrofi temir to‘siqlar bilan o‘ralmagani uchun aholi, ayniqsa, bolalar uchun xavfli hududga aylanib qolganini aytishadi.

- Ko‘p eshitaman mana shu kanalda cho‘kkanlar haqida. Bir necha yil avval boshqa bir qo‘shnimizning bolasi cho‘kib ketgan edi. Maktabdan qaytayotanda bolalar shu trubadan o‘tadi. Shu yerni o‘rab, reshyotka qilibmi yoki chetlarini o‘rab qo‘ysa bo‘ladiku?! Odam qo‘rqadi-da, bolalar ko‘p bu yerda, - dedi Qoraqamish 2/5 dahasida yashovchi Gulsara opa.

Ozodlik Qoraqamishda yashovchi aholi arzi yuzasidan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Olmazor tumani bo‘limiga bog‘landi.

O‘zini "bo‘lim boshlig‘i yordamchisi", deb tanishtirgan mulozim: "Aholi xavfsizligini ta’minlash aholining o‘z qo‘lida. Ota-onalar bolalarga doim ko‘z-quloq bo‘lib turishlari kerak", - deb javob qildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ayni paytda ta’lim sohasi xodimlari va ota-onalarga bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun o‘quvchilarga tushuntirish ishlarini olib borishlarini qattiq tayinlamoqda.

Toshkent viloyat prokuraturasiga ko‘ra, o‘tgan yilning ikkinchi yarmida viloyat hududidagi suv havzalari va daryolarda extiyotsizlik oqibatida 40 dan ziyod kishi, shu jumladan 5 nafar voyaga yetmagan suvda cho‘kishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

XS
SM
MD
LG