Линклар

19 феврал 2018, Тошкент вақти: 16:49

Farg‘ona viloyat hokimi 16 yurtdoshi Aqto‘beda o‘lgan toshloqliklarni "haromi", deb so‘kdi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev 23 yanvar kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Toshloq tuman aholisini haqorat qildi. Hokimning aytishicha, 16 nafar toshloqlik Aqto‘beda halok bo‘lib, Farg‘ona viloyatini sharmanda qilgan. Shuhrat G‘anievning yig‘ilishda aytgan gaplari audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketdi.

Ozodlik suhbatlashgan toshloqlik mahalla oqsoqoli va o‘qituvchi hokimning bu haqoratidan odamlar juda darg‘azab bo‘lganini aytdi.

Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev bu haqda Ozodlik bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.

please wait

No media source currently available

0:00 0:04:38 0:00
Бевосита линк

Minnat

Farg‘ona viloyat hokimi 23 yanvarda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida barcha tumanlar hokimliklari mulozimlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari, mahalla oqsoqollari qatnashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan qariyb besh minutlik audioyozuvda, Aqto‘be fojiasida halok bo‘lgan 16 nafar toshloqliklar haqida gap boradi va hokim o‘lganlar oilalariga homiylik qilishga majbur bo‘lganini minnat qiladi:

“Eshitib qo‘yinglar, toshloqliklar! Yana bechora viloyatliklar 80 million so‘m homiylik qilishga majbur bo‘ldi. Har biri uchun 5 million so‘mdan. Buni ta’na qilish uchun gapirayotganim yo‘q”, deydi Shuhrat G‘aniev.

Hajga taqiq

Yig‘ilishda viloyat hokimi Toshloq tuman aholisini Farg‘ona viloyatini respublikada sharmanda qilishda ayblagan. Hokim o‘z ayblovlarini qo‘pol so‘zlar bilan ifodalab, toshloqliklarni Haj ziyoratiga borishdan mahrum qilgan:

“Qamariddin Abdufattohovichga (diniy ishlar va MFYlar ishi bo‘yicha hokim o‘rinbosari - tahririyat)ham aytdim,Toshloqdan bironta Hajga bormaydi. Birontasi Hajga bormaydi, Haj safariga birontasi bormaydi! Tirigiyam bormaydi, boshqasiyam bormaydi. Toshloqliklarning birontasi Haj safariga bormaydi, tirigiyam bormaydi, otasiyam bormaydi”, deya baqirgan hokim.

Shundan so‘ng, hokim Qamariddin Abdufattohovichga “birontasi ham Toshloqdan hajga bormasligini” qayta-qayta ta’kidlaydi u esa faqat, “tushunarli” degan javob bilan cheklanadi.

Haqorat

Rossiyaga yo‘l olgan yigitlarning o‘limida ularga ish topib berolmagan hokimiyatni emas, balki toshloqliklarni ayblagan hokim, qattiq haqoratga o‘tadi:

“Ikkita-uchtadan xotin qilganiyam Toshloqdan, shar’iy nikoh o‘qib bergan mullasi ham Toshloqdan, xotinlarni qo‘yvorib, bolalar bilan yetim qilib, aliment to‘lamay yurganiyam Toshloqda. Padaringa la’nat, san toshloqliklarni, bir joying yo‘q bo‘p ketgan bo‘lsa. ...ni yulib olish kerak, Toshloqdagilarni. Hokimdan boshlab, horomilarni. Butun viloyatga sharmanda qilib, respublikaga, viloyatni sharmanda qilgan. Bozorni ustidan yozadiganlaram Toshloqda, bozorda bir-birini eshak mindi o‘ynaydiganlaram Toshloqda”, degan Shuhrat G‘aniev tuman hokimi Halimjon Umarovga ishdan bo‘shashni taklif qiladi:

“Qo‘lingdan kelmasa, hozir chiqib ket zaldan. Hokim bo‘lib o‘tirmasdan. Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket”, deydi viloyat hokimi.

Ov

Hokim viloyat "Daryo-trans" tashkiloti rahbariga inspektorlar bilan birga yurib, Rossiyaga ketayotganlarni ovlashni buyuradi:

"Viloyat Avtodaryosi, siz ham Toshloqdan chiqqansiz og‘ayni, man bilmiman, mana viloyatda kirakashlar borku, o‘n mingta ro‘yxatda turgani bor, boshqasi bor, boshqasi bor. Toshkentga qatnayotgani bor. Tushuntiroldimmi, bular hammasi moshinada ketgan. Poezdda ham ketmagan, samolyotda ham ketmagan. Bizda tochkalarimiz bor. GAIni rahbari Rahmatjon Toshnazarovich bilan birga yurib, har bitta stoyankada, o‘zi rossiyaga ketayotgan ma’lum bo‘ladi. Qo‘lida yuki katta bo‘ladi", deydi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev.

Hokim toshloqliklarning 2005 yilda miting qilganini ham eslab o‘tgan.

“Miting qilgan ham shular bo‘ladi, 2005 yilda Haqir degan joyda ichki ishlar xodimlariga tosh otib, quvgan shular bo‘ladi, shu horomilar”, deydi hokim.

Фарғона вилоят ҳокими Ақтўбе қурбонлари оилаларига кўрсатилган ёрдамни миннат қилди
please wait

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Sukut

Ozodlik Toshloq tumani hokimi Halimjon Umarov bilan bog‘landi, ammo hokim bu mavzuda gaplashishni istamadi.

Ozodlik Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev bilan ham bog‘landi. Ammo, muxbir o‘zini tanishtirishi bilan hokim aloqani uzib qo‘ydi.

Munosabat

Toshloq tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan hokimiyat mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda, viloyat hokimining selektor majlisida qatnashganini aytar ekan, uning haqoratlaridan toshloqliklar nihoyatda g‘azabga kelganini aytdi:

“Men ham shu majlisda bor edim. Hokimning bu aytganlari, endi, haddan tashqari bo‘ldi. Halokatda o‘lgan yigitlarimizga butun Toshloq aza tutdi. Bu ularning taqdirida bor ekan. Lekin, hokim o‘z aybini yopish bahonasida, toshloqliklarni "haromi, padaringga la’nat" deb so‘kinishidan hammaning qoni qaynab ketdi. Lekin hech kim chiqib gapirolmadi. Chunki, gapirsa ishidan ham ketadi, bir baloga ham yo‘liqadi. Hokimning aytishicha, bu yigitlarni kimdir yig‘ib olib ketgan. Lekin, ularni hech kim yig‘magan, o‘zlari borib kelib yurishgan. Ish yo‘qligidan o‘zlari ketishgan. Prezidentimiz aytdiku, "biz gunohkormiz bunga", deb. Shuhrat G‘aniev esa, shunday og‘ir va musibatli kunda butun Toshloq xalqini haqorat qildi. Agar prezident qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r bo‘lmasa bu hokimga munosib jazo berishi kerak”, dedi hokimlik mulozimi.

Kim aybdor?

Toshloq tumanida yashaydigan pensioner o‘qituvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimi o‘zining aybini boshqalarga yuklamoqda:

- Aslida, bunda viloyat hokimining aybi bor. Sababi, ish o‘rinlarini yaratib berolmagan bu odam. Rahbarlar hozir o‘zim bo‘lsam, o‘zim yashasam bo‘ldi, deyapti. Xalq bilan ishi yo‘q. Agar hokim madaniyatli odam bo‘lganda edi, butun xalqni haqorat qilmas edi. Butun tuman xalqi haromi emishu, u yaxshi ekanmi? Besh kilometrga gazni shunday uyiga tortib kelganu, Marg‘ilonning xalqiga bermay, bir o‘zi yoqyapti. Shu yaxshi odammi? Eng yomoni ham aslida o‘zi, deydi pensiyadagi o‘qituvchilardan biri.

So‘kong‘ich hokim

Shuhrat G‘aniev 2011 yilning 7 noyabrida Farg‘ona viloyati hokimi etib tayinlangan.

Ozodlik bu hokimning g‘ayriqonuniy ishlari, so‘kong‘ich va zo‘ravonligi haqida bir necha bor xabar bergan.

2014 yilning sentabrida Farg‘ona viloyati hokimi do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarni “peshonangdan otaman” deb dag‘dag‘a qilgan edi.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev 2016 yilning 20 iyulida mahalliy tibbiyot mulozimlari bilan yig‘ilish o‘tkazib, ularni "b... yegan", "cho‘chqa" deb haqorat qilgan va “Manga qolsa, hammangning kallangni sapchaday uzib tashlayman!”, degan edi.

2016 yilning noyabrida Farg‘ona viloyati, Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 70 yashar nogiron fermer Ochil Begmatov viloyat hokimi uni majlisda kamsitganidan Ozodlikka arz qilgan edi. Fermerning aytishicha, viloyat hokimining o‘zi uni Uchko‘prik tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishga taklif qilgan, ammo majlis boshlanishidan avval uni sensirab majlisdan haydab chiqargan.

O‘tgan yilning aprel oyidaFarg‘ona viloyati Rishton tumanida yashaydigan 37 yashar xalqaro toifadagi oshpaz Sherzod Madaminov hukumat oshxonalarida mehnat qilish uchun ish so‘rab 1 aprel kuni viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev ishtirok etgan tuman hokimligidagi xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edi. Oshpazning iddao qilishicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev soqol qo‘ygani uchun uni ko‘pchilikning oldida kamsitgan va haqorat qilgan.

XS
SM
MD
LG