Moskvaga sovuq havo yopirilmoqda. Yanvar oyida bu yerda havoning keskin sovib ketishiga faqat Arktikadan kelayotgan ayozli havo oqimi sabab bo‘layotgani yo‘q.
Ayni choqda AQSh hukumati vakillari Rossiyaga qarshi yangi moliyaviy va safar qilishni cheklovchi sanksiyalarga so‘nggi o‘zgarishlarni kiritmoqda. Jazo choralari ikkilamchi kompaniyalar, shuningdek, Kremlga bog‘liq kishilar va kompaniyalar yetakchilariga qarshi qaratilishi kutilayotgani ko‘pchilikning yuragiga g‘ulg‘ula solmoqda.
Ilgari Vashington Rossiyaning Qrim bilan Suriyadagi xatti-harakatlari uchun davlat kompaniyalari va hukumat agentliklari singari yirik nahanglarni nishonga olgan bo‘lsa, endi mo‘ljal o‘zgarmoqda.
Oy oxirida e’lon qilinadigan yangi sanksiyalar qamrovi kengroq bo‘ladi. Ular oldin sanksiya joriy qilingan kompaniyalar bilan hamkorlik qilgan ikkilamchi korxonalarga qaratiladi va ular foydalanib kelgan imkoniyat tirqishlarini yopadi.
Ayni tirqishlar Rossiyaga jazo ta’sirini kamaytirish imkonini bergan edi. Endigi ro‘yxatga sanksiyalar qamrab ololmagan tirqishlardan foydalanib kelgan va Kremlga tegishli bo‘lgan kichik korxonalar ham kiritiladi.
Moskvaning toqati toq bo‘layotgan ko‘rinadi. Hukumatning bir vakili Qo‘shma Shtatlarni prezident sayloviga ta’sir ko‘rsatishga urinishda aybladi.
Rossiyaning yirik ta’sir kuchiga ega bir gazetasi Putinga tegishli 300 kishi sanksiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi haqida yozdi. Mamlakatning moliya muassasalari tahdid xavfini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.
Ayni paytda Vashingtonda istiqomat qilayotgan rossiyalik siyosiy tahlilchi Andrey Piontkovskiyga ko‘ra, Moskvada sanksiyalar “juda noxush bo‘lishi kutilmoqda”, “chunki ilk marta Putinga eng yaqin kishilar uning og‘riqli ta’sirini o‘z tanasida sinab ko‘radi”.
Yangi choralar 29 yanvar kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunda AQSh moliya vazirligi razvedka idoralari bilan birga cheklov joriy qilinadigan mashhur rossiyaliklar va ularning oila a’zolari ro‘yxatini tuzib, Kongressga topshirishi ko‘zda tutilgan. Qonunning 241-moddasida “Rossiya rejimiga yaqin” rus oligarxlarini va ularning “mulki miqdori”ni aniqlash haqida ko‘rsatma mavjud.
Ayni paytda tuzilayotgan “oligarxlar ro‘yxati”ni nomzodlar Kongress a’zolari ham, Tramp ma’muriyati vakillari ham sir saqlamoqda. Ammo ayrim boy rossiyaliklar o‘z ismi ro‘yxatga kirib qolmasligi uchun Kongress bilan Oq Uy ma’muriyatiga iltimos bilan murojaat qilmoqda. Biroq Moliya vazirligi ro‘yxatga kimlar kirgani haqidagi so‘rovlarga javob bermayapti.
Kreml yangi sanksiyalarga qanday javob berishi alomatlari o‘tgan yil noyabridayoq paydo bo‘lgan edi. Biznes masalalarini yorituvchi “Vedomosti” gazetasining yozishicha, bosh vazir Dmitriy Medvedev imzolagan qarorda Rossiyaning davlat kompaniyalariga pudratchilari nomini oshkor qilmaslik huquqi berildi.
Lekin sanksiyalar Rossiya moliya muassasalari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Masalan, kompaniyalarga eng ko‘p kredit ajratayotgan “Alfa-bank” mamlakatning ulkan mudofaa sanoatini mablag‘ bilan ta’minlashni kamaytira boshladi. Bank rahbariyati ushbu qadamini tahdidlarni pasaytirish taraddudi sifatida baholadi.
Kreml siyosatini uzoq vaqtdan beri tanqid qilab kelayotgan Piontkovskiyning aytishicha, AQShning ko‘proq Rossiya vatandoshlariga nisbatan sanksiya qo‘llashga intilayotgani aholining Putin siyosatini dastaklayotganiga putur yetkazishi mumkin.
Masalan, Ukraina sharqida to‘rt yildan beri davom etayotgan mojaro Rossiya iqtisodiyotini orqaga tortmoqda va asta-sekin vatandoshlarining joniga tegmoqda. Balki shu bahonada rasmiy Moskva bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashini bas qilar. Lekin Putin ortga chekinishi qiyin, chunki bu Vashington bosimiga yon berish bo‘lib ko‘rinishi mumkin, deydi AQShdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktori Olga Oliker.
Uning fikricha, Vashington qo‘llayotgan bunday sanksiyalardan ko‘zlangan maqsadni rossiyaliklar o‘z mamlakatiga ziyon yetkazish deb tushunadi.