Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2018, Тошкент вақти: 16:26

MXXning yangi rahbari haqida nimalar ma’lum?


Abdullaev, Ixtiyor Baxtiyorovich 1966 yilda Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi lavozimini 1995 yil yozidan buyon uzluksiz egallab kelgan Rustam Inoyatovning o‘rniga tayinlangan Ixtiyor Abdullaev kim? Internetdagi ochiq manbalarda u haqda quyidagi ma’lumotlar mavjud:

Ixtiyor Baxtiyorovich Abdullaev 1966 yilda Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.

Shu tumanda yashovchi jurnalist Sharifa Madrahimovaning Ozodlikka aytishicha, Abdullaev Uchko‘prik tumanining To‘qaytepa qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqdagi 17-sonli maktabda o‘qigan.

"Otasi Baxtiyor aka uzoq yil Guliston shahrida GAI boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Meni o‘zim uni singlisi bilan "Humo" gazetasida birga ishlaganman, - deydi farg‘onalik jurnalist.

1983-1988 yillarda Abdullaev Rossiyaning Perm Davlat universitetida huquqshunoslik sohasi bo‘yicha o‘qigan.

O‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytgach, Abdullaev 1988-1995 yillarda Farg‘ona viloyat sudida sud ijrochisi, keyin Farg‘ona viloyat Adliya boshqarmasida bosh maslahatchi, Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sud kollegiyasi raisi lavozimlarida ishlagan.

Abdullaev 1995 yilda O‘zbekiston prezidenti ma’muriyatiga ishga o‘tgan.

Dastlab u prezident apparatida fuqarolik va amnistiya masalalari bo‘yicha referent, keyinchalik Huquq-tartibot idoralari va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisining yordamchisi bo‘lib ishladi.

2000 yilda Ixtiyor Abdullaev Andijonga ishga o‘tdi. U 2001 yilgacha Andijon viloyat sudyasi vazifasini bajardi.

2001 yilda Abdullaev yana prezident ma’muriyatiga qaytdi.

U Huquq-tartibot idoralari va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi muovini lavozimiga tayinlandi.

2002-2006 yillarda Abdullaev O‘zbekiston Adliya vazirining birinchi muovini, 2006-2007 yillarda O‘zbekiston prezidentining huquqiy islohotlar bo‘yicha davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi, 2007-2009 yillarda esa Huquq-tartibot idoralari va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishladi.

2009 yildan 2015 yilgacha esa, Abdullaev Prezidentga Kadrlar bo‘yicha maslahatchi bo‘ldi.

Ixtiyor Abdullaev 2015 yilda Bosh prokuror vazifasiga tayinlandi va 2018 yilning 31 yanvarigacha, ya’ni MXXga rahbar etib tayinlangunga qadar ushbu lavozimda ishladi.

"Uzoq yil adliya tizimida ishlagan mutaxassisning MXXga rahbar etib tayinlanganidan hursand bo‘ldik. MXXni bo‘shagan rahbariga o‘xshab hammani nafratiga duchor bo‘lmasin, hurmatini qozonsin, deb umid qilamiz", - deydi Farg‘onaning Uchko‘prik tumanidan bo‘lgan jurnalist Sharifa Madrahimova.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda "Abdullaev balki yaxshi huquqshunosdir, lekin davlat xavfsizligi bo‘yicha umuman mutaxassis emas, u bu ishni eplay oladimi ekan", degan fikrlar ham bildirilmoqda.

XS
SM
MD
LG