Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2018, Тошкент вақти: 08:21

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev tomonidan Toshloq tumani ahlining Haj ziyoratiga borishiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 42 nafar toshloqlik Hajga boruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Hokim G‘aniev Qozog‘istonda avtobus yong‘inida o‘lgan toshloqliklar voqeasini sharhlar ekan, fojiada toshloqliklarning o‘zlarini ayblab, ularning Haj ziyoratiga borishini taqiqlagan edi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev 23 yanvar kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Toshloq tumanidan biror kishi ham Haj ziyoratiga bormasligini o‘zining o‘rinbosariga qat’iy tayinlagani ortidan, hajga borishni niyat qilgan odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan edi.

Farg‘ona viloyati hokimligining “Haj” va “Umra” ziyoratiga borish masalalarini muvofiqlashtiruvchi komissiya a’zolaridan birining mikrofonsiz suhbatda Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning Toshloq haqidagi gaplari mahalliy va xorijiy OAVda muhokama qilingandan keyin, u yumshagan:

“Eshitgan bo‘lsangiz, hokim o‘sha kuni o‘zining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Qamariddin Imomovga uch marta “Toshloqdan birortasi ham Hajga bormaydi”, degan edi. Ha, endi hokimimiz bir qizishib ketdida. Bu gap shov-shuv bo‘lib ketganidan so‘ng, bu masalaga boshqa qaytilmadi. Imomovga keyin nima degan, nima demagan, undan xabarim yo‘g‘u, lekin viloyatdan taqdim qilingan hamma nomzod ro‘yxati O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan tasdiqlandi”, dedi mulozim.

Mulozimning aytishicha, bu yil Hajga boruvchilarning soni o‘zgarmagan:

“Viloyat bo‘yicha 950 nomzod yangi talablar bo‘yicha tanlab olingan. Shundan 42 nafari Toshloq tumanidan. Ularning orasida ikkinchi marta Hajga boradiganlari yo‘q”, deydi mulozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining matbuot xizmati ham Farg‘ona viloyatidan 950 kishi Haj ziyoratiga borishi haqida xabar berdi.

Farg‘ona viloyati hokimi 23 yanvar kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, Toshloq tuman aholisini Farg‘ona viloyatini respublikada sharmanda qilishda ayblagan edi. Hokim o‘z ayblovlarini qo‘pol so‘zlar bilan ifodalab, toshloqliklarni Haj ziyoratiga borishdan mahrum qilgan edi:

“Qamariddin Abdufattohovichga (diniy ishlar va MFYlar ishi bo‘yicha hokim o‘rinbosari - tahririyat)ham aytdim,Toshloqdan bironta Hajga bormaydi. Birontasi Hajga bormaydi, Haj safariga birontasi bormaydi! Tirigiyam bormaydi, boshqasiyam bormaydi. Toshloqliklarning birontasi Haj safariga bormaydi, tirigiyam bormaydi, otasiyam bormaydi”, deya baqirgan edi hokim.

Shundan so‘ng, hokim Qamariddin Abdufattohovichga “birontasi ham Toshloqdan hajga bormasligini” qayta-qayta ta’kidlaydi u esa faqat, “tushunarli” degan javob bilan cheklanadi.

илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:39 0:00
Бевосита линк

Ozodlik viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Qamariddin Imomov bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Qamariddin Imomovning yordamchisi, uning tumanlarda yurganini aytar ekan, boshlig‘ining mobil telefoni raqamini berishdan bosh tortdi.

O‘tgan yildan boshlab, O‘zbekistondan Haj ziyoratiga boruvchilar soni kvotasi 7200 nafar qilib belgilangan. 2017 yilgacha Hajga boruvchilar soni 5200 nafar edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 6 yanvar kuni Norma.uz axborot-huquqiy portalida e’lon qilingan qaroriga muvofiq, bundan buyon o‘zbekistonliklar takror "Haj" ziyoratiga borolmaydi. Bundan tashqari, "Umra"ga borishni istovchilar ham so‘nggi 2 yil ichida bu ziyoratni qilmagan, so‘nggi 5 yil ichida esa "Haj"ga bormagan bo‘lishi lozim.

XS
SM
MD
LG